Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:27

Xabarovsk gubernatori qatl uyushtirishda gumon qilinib hibsga olindi


Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Sergey Furgal sud zalida. Moskva, 2020, 10 iyul.
Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Sergey Furgal sud zalida. Moskva, 2020, 10 iyul.

Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Sergey Furgal tergov izolyatoriga olib ketildi. Unga qotillikka urinish va ikki mahalliy tadbirkorni o‘ldirishni buyurish ayblovlari qo‘yildi.

10 iyul kuni Moskva shahrining Basmanniy tuman sudi 50 yoshdagi Furgalni 9 sentabrgacha tergov izolyatorida hibsda ushlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Gubernator o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etmoqda.

Furgalning suddan oldin yengilroq chora ko‘rilishini so‘ragan advokatlari sud qarori ustidan shikoyat qilmoqchi.

Vladimir Jirinovskiyning millatchi «Rossiya liberal demokratik partiyasi»ga (LDPR) a’zo Furgal ikki yil oldin Kreml xushlagan nomzod Vyacheslav Shport ustidan kutilmaganda g‘alaba qozongan edi.

Bu orada 10 iyul kuni Xabarovskda politsiya 2 nafar mahalliy duma deputatini qo‘lga oldi. Ular ham LDPR partiyasining a’zosi ekanligi xabar qilindi.

Xabarovsk o‘lkasi Qonunchilik majlisi raisining birinchi o‘rinbosari Sergey Zyubr so‘zlariga ko‘ra, deputatlar Sergey Kuznetsov va Dmitriy Kozlov uylari, garajlari va avtomobillari tintuv qilinganidan keyin qo‘lga olingan.

Shuningdek, politsiya LDPRning Xabarovskdagi yana uch a’zosi uyini tintuv qilgan.

«TASS» agentligi ayni damda Kuznetsov va Kozlovning qo‘lga olinishi bilan Furgal ishi o‘rtasida aloqa yo‘qligini xabar qildi.

Qo‘lga olingan ikki deputat «Amurstal» shirkatiga yetakchilik qilib kelgan.

«Kommersant’» kundalik gazetasi siyosatchilar tovlamachilikda ayblanayotganini xabar qildi.

Jirinovskiy esa Rossiya davlat dumasida qilgan chiqishida Furgalning qo‘lga olinishi ortida siyosiy motiv bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

- Biz norozilik izhori o‘laroq iste’foga chiqishga tayyormiz. Kerak bo‘lsa, LDPR fraksiyasi o‘z mandatlaridan voz kechib, bu yerni tark etadi. Butun dunyo bu qanchalik tartibsiz mamlakat ekanligini ko‘rsin, - dedi Jirinovskiy .

Jirinovskiy prezident Vladimir Putin ismini tilga olmagan holda o‘z partiyasi konstitutsiyaga yaqinda kiritilgan o‘zgartishlarni qo‘llaganini ta’kidladi. Rossiya konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlar Putinga 2036 yilgacha hokimiyat tepasida qolishi imkonini berdi.

- Konstitutsiya kerakmidi? Konstitutsiya berdik. Endi qo‘limizga kishan taqyapsiz. Uyat! Yuqori lavozimda o‘tirib, Stalinga o‘xshab ish tuta boshladingiz, - dedi siyosatchi.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, Furgal hududdagi uyushgan jinoyatchilikni o‘rganayotgan tergov doirasida qo‘lga olingan.

«RIA Novosti» xabariga ko‘ra, Furgalga qo‘yilgan ayblovlar 2004 – 05 yillarda sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘liq.

XS
SM
MD
LG