Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 10:30

Bankrotlik yoqasidagi yosh tadbirkor prezidentdan sog‘lomlashtirish markazlari ishiga ruxsat berishni so‘radi(VIDEO)


Muhammadjon Hamidov yaqin kelajakda o‘z faoliyatiga ruxsat berilmasa¸ kichik tadbirkor sifatida sinishi muqarrarligini aytmoqda.
Muhammadjon Hamidov yaqin kelajakda o‘z faoliyatiga ruxsat berilmasa¸ kichik tadbirkor sifatida sinishi muqarrarligini aytmoqda.

Toshkentlik 27 yashar tadbirkor Muhammadjon Hamidov 12 nafar tibbiy mutaxassis ishlab kelgan sog‘lomlashtirish markazining qariyb to‘rt oydan beri ishlamayotgani o‘zi va xodimlari hayotini nihoyatda og‘ir ahvolga solib qo‘yganini bildirdi.

Shu munosabat bilan prezidentga qilgan videomurojaatida massaj-salon egasi keskin sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya qilgan holda¸ bunday xizmat ko‘rsatish shoxobchalarining ishlashiga ruxsat berilishini so‘radi.

8 iyul kungi videoselektor yig‘ilishida prezident Mirziyoyev “tadbirkorlar karantin qoidalariga amal qilishda sanitariya va yong‘in xavfsizligi idoralari tomonidan tushunarsiz va bir-biriga zid talablarga duch kelayotgani”ni tanqid qildi¸ tadbirkorlarning murojaat va takliflari asosida joriy tartiblarni qayta ko‘rib chiqishni buyurdi.

Muhammadjon Hamidov¸ hukumat karantin cheklovlarini qayta kuchaytirgan joriy vaziyatda¸ agar zudlik bilan qayishuvchan biznes ëndashuv yo‘lga qo‘yilmasa¸ o‘zi kabi kichik tadbirkorlarning sinishi aniq bo‘lib qolganini aytadi.

Bankrotlik yoqasida

27 yashar Muhammadjon Hamidov Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan sog‘lomlashtirish markazi egasi. Yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor¸ Ozodlik bilan suhbatda aytishicha¸ qonunda belgilangan kabi¸ daromadining 5 foizini soliq sifatida davlatga to‘lab¸ salonida 12 tibbiy massaj ko‘rsatishga kvalifikatsiyasi bor xizmatchini ishlatib kelgan.

- 23 martda yopilganimiz bo‘yicha¸ hali ham ochilmadik. Bugundan karantin choralari yana kuchaydi va endi bizga yil oxirigacha ochilmasligimiz mumkinligini aytishyapti. Salon uchun joyni ijaraga bergan odam¸ hozirgacha ijara puli so‘ramadi. Lekin bundan keyin shunday davom etmasligidan ogohlantirdi. Salonni ishlatish bilan bog‘liq oylik xarajatlarim 2 million atrofida. To‘rt oydan beri bir tiyin ham daromad qilmadim. Salon ochilmasa¸ ijara haqini to‘lolmay¸ biznesimni butunlay yopishim kerak. Viloyatdan kelgan beshta ishchim ko‘chada qolish xavfi ostida hozir¸ oylik olmagandan keyin ijaraga pul topolmay qoldi¸ deydi 10 iyul kungi suhbatda Muhammmadjon Hamidov.

Tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda¸ o‘z salonining asosan¸ ortopedik muammolari bor mijozlarga xizmat qiladigan tibbiy sog‘lomlashtirish markazi ekanini alohida ta’kidladi.

- Afsuski¸ O‘zbekistonda spa salon¸ massaj salon degan nom bilan islovotxona ochish holatlari juda ko‘p. Shunga ko‘pchilik¸ bunaqa joylarni yopgan bo‘lsa¸ ajab bo‘pti¸ deyishi mumkin. Lekin mening salonim sog‘lomlashtirish markazi va asosiy mijozlarim avariyadan keyingi problemalar¸ yoki grijasi uchun maxsus tibbiy massajga ehtiyojmand odamlar. Ular uchun bunday surunkali muolaja juda muhim. Ikki yil ichida o‘z kliyenturamga ega bo‘lgandim. Hozir ular ham qiynalib ketgan¸ telefon qilib¸ qachon ochilishimizni so‘rashadi. Javobini hech kim bilmaydi.

Monopoliya va pora iddaosi

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 mart kungi maxsus qarori bilan¸ koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida mamlakat hududidagi “barcha ko‘ngilochar obyektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) markazlari va kompyuter o‘yinlari xizmatini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati to‘xtatildi”.

15 iyundan boshlab¸ epidemiya vaziyatini baholashda mamlakat qizil¸ sariq va yashil hududlarga ajratilib¸ sariq va yashil zonaga kirgan shaharlarda taqiqlangan xizmatlarning qayta boshlanishiga ruxsat berildi. Spa va massaj salonlari ruxsat berilgan xizmatlar ro‘yxatiga kirilmadi.

Muhammadjon Hamidovning aytishicha¸ bunday taqiqqa qaramay¸ Toshkent shahrida kamida beshta spa saloni karantin davrida ham xizmatini davom ettirgan.

-Bularning orqasida katta odamlar turipti. Bu sohaning o‘z monopolistlari bor. Menga o‘tgan hafta bittasi chiqib¸ 1000 dollar bersang¸ SESdan ruxsatnoma olib beraman¸ dedi. Demak¸ salonni boshqacha registratsiya qilib¸ ishlatish mumkin va ishlatishyapti ham. Bu yerda ayrim vakolatli idoralar uchun maqsad¸ epidemiyani to‘xtatish emas¸ shu bahona pora olib qolishga o‘xshayapti.

(Hamidov¸ Toshkentda karantin davrida ochiq faoliyat ko‘rsatib kelayotganini iddao qilgan spa salonlar nomlari va manzillarini tilga oldi. Hozircha bu iddaoni mustaqil tekshirish imkoni bo‘lmagani bois¸ bu salonlar nomi e’lon qilinmayotir.)

Prezidentga videomurojaat

8 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev kichik biznes va tadbirkorlarning pandemiya davridagi og‘ir vaziyati haqida yana bir maxsus yig‘ilish o‘tkazdi.

Bu haqda xabar bergan prezident matbuot xizmatining yozishicha¸ majlisda Mirziyoyev tadbirkorlar karantin qoidalariga amal qilishda sanitariya va yong‘in xavfsizligi idoralari tomonidan tushunarsiz va bir-biriga zid talablarga duch kelayotganini tanqid qilgan¸ tegishli idoralarga tadbirkorlarning murojaat va takliflari asosida joriy tartiblarni qayta ko‘rib chiqishni buyurgan.

“Prezident pandemiya davrida men kabi kichik tadbirkorlarni sinib ketishdan asrab qolmoqchi” deb ishongan Muhammadjon Hamidov¸ ana shu ishonch turtkisida shaxsan prezidentga videomurojaat qilishga qaror berganini aytadi.

-Men kabi bu sohada halol va professional xizmat ko‘rsatayotganlarni bankrotlikdan saqlab qolishning birdan-bir yo‘li faoliyatimizga ruxsat berishdir. Bo‘lmasa¸ ishsiz va och qolamiz¸ kambag‘allar safiga qo‘shilamiz. Shaxsan men¸ hozirgi sharoitda keskin sanitariya talablari asosida ishlash uchun daromadimning ma’lum qismini sarflashga tayyorman. Mijozlarning temperaturasini o‘lchash¸ ularga maxsus maska va qo‘lqopda xizmat ko‘rsatish¸ hatto salonimda koronavirus chiqqan taqdirda¸ jarima to‘lashga ham roziman. Ishlashimga ruxsat berishsa bo‘ldi. Chunki o‘zim va xizmatchilarim boshqa tirikchilik manbaiga ega emas. Qolaversa¸ bu salonni ishga tushirish uchun bor pulimni investitsiya qilganman. Boshqa biznes ochish uchun pulim yo‘q.

Ëш тадбиркор Муҳаммаджон Ҳамидов мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:13 0:00

Ozodlik yosh tadbirkorning bu murojaatida qo‘yilgan takliflarning joriy epidemiologik vaziyatda qabul qilinish ehtimoli bor-yo‘qligini o‘rganish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga bu vaziyat bo‘yicha yo‘riqnoma beradigan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik boshqarmasiga qo‘ng‘iroq qildi.

Pandemiyaning boshlang‘ich davrida jamoatchilik va matbuot uchun nisbatan ochilgan bu tizimning internetda mavjud telefon raqamlariga bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Barcha qo‘ng‘iroqlarga o‘zbek¸ rus va ingliz tillarida “hozirgi vaqtda abonent javob bera olmaydi” degan avtomatik audioyozuv javob berdi¸ xolos.

XS
SM
MD
LG