Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:01

Ramzan Qodirov tanqidchisi ekani aytilgan yana bir chechenistonlik Yevropada o‘ldirildi


Mamixan Umarov (Venada tanilgan ismi - Anzor), Youtube kanalidagi videodan skrinshot
Mamixan Umarov (Venada tanilgan ismi - Anzor), Youtube kanalidagi videodan skrinshot

4 iyul kuni Avstriya poytaxti Vena yaqinida otib o‘ldirilgan rossiyalik shaxs sobiq chechen ayirmachisi hamda Checheniston lideri Ramzan Qodirovning tanqidchisi bo‘lgan.

Bu haqda Ozodlikning chechen diasporalaridagi manbalari ma’lum qildi.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, marhumning ismi Mamixan Umarov bo‘lib, Venalik Anzor laqabi bilan tanilgan.

Avstriya rasmiylari otib o‘ldirilgan shaxs 43 yoshdagi Rossiya fuqarosi ekani, mamlakatga siyosiy boshpana izlab kelganini ma’lum qilishdi.

U Vena yaqinidagi Gerasdorf shaharchasida avtomobil to‘xtash joyida otib o‘ldirilgan. Dastlabki xabarlarga ko‘ra, boshpana izlagan shaxsning boshiga o‘q uzilgan, tez yordam yetib kelgunicha uning joni uzilgan.

Oradan bir necha soat o‘tib Venadan 200 km masofada gumonlanuvchi qo‘lga olingan. Rasmiylar uning Rossiya fuqarosi ekanini ma’lum qilishdi. Ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Rossiyaning Venadagi elchixonasi matbuot kotibi «TASS» agentligiga bergan intervyusida ushbu holat bo‘yicha Avstriya rasmiylarga elchixonaga murojaat qilmaganini bildirdi.

Umarov bergan intervyulari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi postlarida o‘zini sobiq jangchi hamda de-fakto mustaqil - Ichkeriya Checheniston Respublikasi xavfsizlik xizmatlarining sobiq ishchisi deb atagan.

Umarov bir necha marta Rossiya xavfsizlik kuchlarini Yevropa davlatlaridagi sobiq chechen ayirmachilarni o‘ldirishda ayblagan.

Joriy yilning fevralida Shvetsiyada chechen bloger Tumso Abdurahmonov hujumga uchradi. Abdurahmonov hujumchiga qarshilik ko‘rsatib, uni rasmiylarga topshirishga muvaffaq bo‘lgan. 2019 yilning martida Checheniston parlamentining raisi Magomed Daudov Abdurahmonovga qarshi urush e’lon qilgan edi.

Joriy yilning 30 yanvar kuni Qodirovni tanqid qilib kelgan yana bir chechen bloger Imran Aliyev Fransiyaning Lill shahrida o‘lik holda topildi. Uning tanasiga 135 marta xanjar sanchilgan. Prokurorlar Rossiyada tug‘ilgan shaxs gumonlanuvchi o‘laroq ko‘rilayotgani, u qotillik ortidan tezda Chechenistonga qaytib ketganini ma’lum qilgan.

2019 yilning avgustida esa gruziyalik sobiq chechen ayirmachi qo‘mondon Zelimxan Xangoshvili Berlinda otib o‘ldirildi. Ushbu holatga aloqadorlikda ayblanib, Rossiya fuqarosi qo‘lga olingan.

Inson huquqlari faollari Qodirov repressiv yo‘llar bilan Chechenistonni boshqarib kelayotgani hamda mamlakat xavfsizlik kuchlariga cheksiz vakolat berganini aytib keladi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Checheniston va xorijda muxolifat vakillarining o‘g‘irlab ketilishi, qiynoqqa tutilishi va sudsiz o‘ldirilishiga Qodirov zamin yaratib bergan.

Kreml tanqidchilariga ko‘ra, Qodirov Chechenistonda separatizm va zo‘ravonlikka qarshi kurashib kelayotgani uchun rasmiy Moskva unga qarshi ayblovlarga ko‘z yumib keladi.

XS
SM
MD
LG