Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:42

14 yashar qiz bilan jinsiy aloqa qilgan yigitni sud aybdor deb topib, javobgarlikdan ozod qildi


Qashqadaryo viloyat, Koson tumanlik 17 yashar N.B. 1 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudining qaroridan norozi bo‘lib, Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat ishlari sudiga kassatsiya shikoyati yozdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi 9 iyun kuni 22 yashar Boymurod Berdiyorovni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 128-moddasining (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) birinchi qismi bilan aybli deb topgan, ammo shu kodeksning 64-moddasi (Javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilish) birinchi qismining “a” bandi ga asosan ozod qilgan edi.

Hukmni sharhlagan o‘zbekistonlik advokatning fikricha, 64-modda Boymurod Berdiyorovga nisbatan noto‘g‘ri qo‘llanilgan.

Koson tumanidagi 6-maktabning o‘quvchisi bo‘lgan N.B. Ozodlikka o‘tgan yilning oktabrida murojaat qilib, uni qo‘shnisi Boymurod Berdiyorov zo‘rlagani, ammo tergov u tanimagan boshqa shaxsni javobgarlikka tortgani haqida aytgan edi.

Ozodlik bu voqea yuzasidan surishtiruv o‘tkazib to‘rtta maqola e’lon qildi. Qayta o‘tkazilgan tergov davomida Boymurod Berdiyorov voyaga yetmagan N.B. bilan jinsiy aloqa qilganini bo‘yniga olgan va ish sudga oshirilgan edi.

Lekin N.B. Berdiyorov jazosiz qolganidan norozi ekanligini aytar ekan, bu ishga aloqasi umuman bo‘lmagan boshqa shaxsni ayblab, tergov muddatini atayin cho‘zgan tergovchilarga nisbatan hech qanday jazo ko‘rilmagani, uning tug‘ilgan farzandi noqonuniy yo‘l bilan boshqa birovga berib yuborilganidan arz qildi.

Ikkinchi bor tergov o‘tkazgan Qashqadaryo viloyat IIB tergovchisi tergov harakatlari qonuniy olib borilganini aytdi.

Koson tumanidagi 6-maktab o‘quvchisi N.B. 2017 yilda 14 yoshda, 9- sinf o‘quvchisi bo‘lgan. O‘quvchi qiz o‘sha paytda 20 yoshda bo‘lgan yon qo‘shnisi Boymurod Berdiyorov uni zo‘rlaganini va oqibatda qiz farzand ko‘rganini aytgan edi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Koson tuman sudi hukmidan norozi bo‘lgan N.B.ning aytishicha, sud uning takliflarini inobatga olmagan:

Tuqqan bolamni boshqatdan DNK qilinglar, otasi kimligi aniq bo‘ladi, dedim.

- Birinchi sud boshlanganda mening takliflarim bor, deb aytdim. Birinchisi, tergovchilarni chaqirtiring, chunki ular biror marta ham ayblanuvchilar bilan meni yuzlashtirmagan. Ikkinchisi, mening nomimdan yozilgan bitta tilxat bor. Bu tilxatda men go‘yoki uchta bola bilan jinsiy aloqa qilganligim yozilgan. Lekin husnixat ham, imzo ham meniki emas. Meniki emasligini imzodan ham bilsa bo‘ladi, Imzoning birinchi “B” harfi kirilcha yozilgan, men esa lotincha “V” bilan imzo qo‘yaman. Bu xatni Toshkentga, qayta xatshunoslik ekspertizasiga beringlar, dedim. To‘rtinchi taklifim, tuqqan bolamni boshqatdan DNK qilinglar, otasi kimligi aniq bo‘ladi, dedim. Beshinchidan, meni tug‘dirgan ayol guvoh sifatida o‘tyapti. U qanaqasiga guvoh bo‘ladi? U kasallik varaqasi ochmagan, narkoz ta’sirida ekanligimda bolamni olib qolib meni roddomdan chiqarib yuborgan. Menga narkoz bergan vrach ham tergovda umuman yo‘q. Sud bu takliflarimni hammasini rad qildi.

N.B.ning iddao qilishicha, tergovchilar Boymurod Berdiyorovni javobgarlikdan qutqarish uchun tergovni ataylab cho‘zgan:

Boymurodning qarindoshlari hokimlikda ishlagani uchun u javobgarlikka tortilmadi.

- Koson tumani IIB tergovchisi Nodir Murodovga meni Boymurod zo‘rlagan edi, deb aytib tursam ham, hamma qarindoshlarimni, mahalladosh bolalarni DNK qildirib vaqtni atayin cho‘zdi. Axiyri mijozi zaifligi sababli yangi uylangan xotinidan ajrashgan bir yigitni topib, hamma aybni o‘shaning bo‘yniga qo‘ydi. Boymurodning qarindoshlari hokimlikda ishlagani uchun u javobgarlikka tortilmadi. Onam haqsizlikka chidolmay ikki marta o‘z joniga qasd qilganidan va bu holatlar Ozodlikda yoritilganidan keyin, viloyat IIB tergovchilari ishni qaytadan tergov qilganda Boymurod aybini bo‘yniga oldi. Lekin sud voqea muddati o‘tgan deb, uni ozod qildi.

O‘tgan uch yil davomida jinoyat ishi soxtalashtirilganiga norozilik bildirib, N.B.ning onasi ikki marta, qizning o‘zi esa bir marta joniga qasd qilgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

O‘quvchi qizning iddao qilishicha, tuqqan chaqalog‘ini unga bermay boshqaga sotib yuborgan, voqeani huquq idoralaridan qariyb ikki yil davomida yashirib kelgan doya, tug‘ruqxona bosh shifokori, "bu ishga bosh qo‘shgan maktab direktori" tegishli jazo olmagan.

Ammo Qashqadaryo viloyat prokuraturasi o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi terov guruhi rahbari A.T.Niyozov imzosi bilan yozilgan ayblov qarorida Koson tumani tug‘ruq majmuasi bosh shifokori lavozimida ishlab kelgan Nargiza Begimova aynan shu ish bo‘yicha O‘zbekiston JK 205- moddasi, 1-qismi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 209- moddasi 1-qismi(mansab soxtakorligi), 241- moddasi 2-qismi(jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish), 116-moddasi 3-qismi (kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) moddalari bilan ayblangan.

Koson tug‘ruqxonasi Nargiza Begimova e’lon qilingan ayblov nusxasi
Koson tug‘ruqxonasi Nargiza Begimova e’lon qilingan ayblov nusxasi

Ayni kunlarda Koson tuman Jinoyat ishlari sudida sobiq bosh shifokor ustidan boshlangan sud davom etmoqda.

O‘quvchi qizning aytishicha, sud davom etayotgan bo‘lsa-da, u biror marta bu jarayonga na guvoh, na jabrlanuvchi sifatida chaqirildi.

Koson tuman IIB tergovchisi Nodir Murodov Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

N.B. ishini qayta tergov qilgan Qashqadaryo viloyat IIB tergovchisi Olim Anvarovning Ozodlikka aytishicha, qayta tergov xolis o‘tgan:

- Biz N.B.ni qo‘shnisi Berdiyorov Boymurod zo‘rlagan deb ayblov e’lon qilib berdik.

- Biz N.B.ni qo‘shnisi Berdiyorov Boymurod zo‘rlagan deb ayblov e’lon qilib berdik. Undan oldin hech kim ayblanmagan bu ish bo‘yicha. N.B. bolani DNK ekspertiza qilishga ruxsat bermagan. Boshqa bolalar bilan bo‘lganman deb tilxat ham yozib bergan.(bu tilxat haqida yuqorida eslatdik – tahririyat). Tilxat ekspertizadan o‘tkazilgan. Husnixat uniki ekanligi tasdiqlangan. Agar u tan olmasa buni bu uning muammosi. Tergov xolis o‘tkazilgan.

Bu ish yuzasidan birinchi tergov o‘tkazgan Koson tuman IIB tergovchisi Nodir Murodov 2019 yilning 5 noyabrida Daryo.uz jurnalistiga bergan intervyusida chaqaloqning otasi Boymurod Berdiyorov emas, balki uning mahalladoshi A.J. ekanligini aytgan edi.

Ozodlik bilan suhbatda A.J. uning mijozligi zaifligi sababli o‘quvchi qiz bilan jinsiy aloqada ayblanishi unga nisbatan tuhmat bo‘lganini Ozodlikka aytgan:

“Yo‘q, yo‘q, yo‘q! Bu menga nisbatan g‘irt tuhmat bo‘ldi. Men to‘g‘risini aytaman, mening erkakligimda problema bor. Agar men shu ishni qila olganimda edi, yangi uylangan gulday xotinim qiz holida uydan chiqib ketmasdi. Sog‘lig‘im bu ishga bo‘lmagani uchun ketdi. Nega bular meni buncha qiynaydi, ekspertizasiga ham bordim, boshqasiga ham bordim. O‘shanda aytganman hamma narsani, men qilmaganman bu ishni, deb. DNK ham oldi, boshqa analiz ham oldi, kimlardir bu ishni qilib, pul bilan yopib, bir kambag‘alning bo‘yniga ilaman deydi. Yetimni qovurg‘asini sindirmaslik kerak tuhmat bilan, degan edi 2019 yilning 1 noyabr kuni A.J.

Litsenziyasidan ayrilishdan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan o‘zbekistonlik advokatlardan birining aytishicha, sud bu holatda Boymurod Berdiyorovga nisbatan jazo qo‘llashi kerak edi:

Ko‘rsatilgan muddatdan oldin ariza bilan murojaat qilgan bo‘lsa va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa unda ayblanuvchi jazoga tortilishi kerak.

“Aslida jinoyat sodir qilingan paytdan boshlab muddat ketadi. Lekin arizachi 64-moddada ko‘rsatilgan muddat o‘tib bo‘lganidan keyin ariza berganida u holatda bu moddani tadbiq qilsa bo‘lardi. Lekin o‘sha ko‘rsatilgan muddatdan oldin ariza bilan murojaat qilgan bo‘lsa va jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa unda ayblanuvchi jazoga tortilishi kerak. Bu holat yuzasidan jinoyat ishi esa 2019 yilning 1 mayida qo‘zg‘atilganini hisobga olsak sudya noto‘g‘ri hukm chiqargani anglashiladi”.

Koson tuman Jinoyat ishlar sudi kotibi Umid Otaboyev hukmdan norozi tomon kassatsiya shikoyati berishi mumkinligi aytdi.

N.B.ning aytishicha, sudda prokuror B.B.ga o‘n yil qamoq jazosi so‘radi, lekin sud raisi uni ozod qildi:

Uch yildan buyon mening hayotim do‘zaxga aylangan.

“Uch yildan buyon mening hayotim do‘zaxga aylangan. O‘qituvchi onam bu tuhmatlarga chidolmay ikki marta o‘z joniga qasd qildi. O‘zim ham hayotdan to‘yib ketib, jonimga qasd qildim, lekin o‘lmay qoldim. Odam jinoyat qilib uch yil yashirinib yursa, keyin jinoyatni surishtirish vaqti o‘tdi deb uni ozod qilib yuborishaverar ekanda. Mendan zo‘rlik bilan tortib olgan qizimni qaytarishlarini talab qilaman. Bu ishga aralashgan barcha tergovchi, do‘xtir, maktab direktorlari jazolanishini talab qilaman”.

XS
SM
MD
LG