Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:25

Akademik Bekjon Toshmuhammedov rassom va muxolifatchilarning do‘sti edi..


Akademik Bek Toshmuhammedov 2020 yil 24 iyun kuni 85 yoshida vafot etdi.
Akademik Bek Toshmuhammedov 2020 yil 24 iyun kuni 85 yoshida vafot etdi.



Akademik olim¸ ulug‘ yozuvchi Oybekning o‘g‘li Bek Toshmuhammedov o‘lgani haqida marhumni yaqindan tanigan kinorejissyor Ulug‘bek Yo‘ldoshev xabar qildi.

Xabar ikki jumladan iborat: O‘zbekistonda biofizika maktabini yaratgan olim Bek Toshmuhamedov 85 yoshida Toshkentda olamdan o‘tdi.

Bu xabar ortidan hamkasbim telefon qilib¸ "marhum haqida ikki og‘iz yozib bering¸ har holda u kishini tanirdingiz"¸ dedi.

Rahmatlini yaxshi tanirdim. Ilk marta u kishi bilan 1982 yili ustozim rassom Isfandiyor Haydarovning “Aviasozlar” shaharchasidagi ustaxonasida uchrashgandim.

“Oybekning o‘g‘li kelyapti¸ akademik” dedi sirli qilib Isfandiyor aka. Men oshig‘ich ishtiyoq bilan yo‘lakka tikildim.

Baland bo‘yli¸ savlatli soqol qo‘ygan¸ sochlari jingalak barvasta odam ustaxonaga kirib keldi. Salobat bilan birga ijobiy ruh olib kirgan edi ustaxonaga.

Kira solib Isfandiyor aka chizib o‘tirgan ulkan xolstda aks etgan “Bibixonim” maqbarasining yashil-moviy ranglariga e’tibor qaratdi.

Bu rangdagi toshlarning kelib chiqishi¸ tektonik silsilalar bois vujudga kelgan ranginlik haqida gapirdi.

Men umrimda ilk bor uchrashganim akademik nafaqat biofizikani¸ balki tasviriy san’at yo‘nalishlar va tarixining chuqur bilimdoni edi.

Bir oz o‘tib davraga hozirda marhum rassomlar Baxtiyor Boboyev va Dilyor Imomov kirib keldi. Suhbat yarim kechagacha davom etdi.

Baland ovozdagi munoqashadan rohatsiz bo‘lgan qo‘shnilar militsiyaga shikoyat qilishibdi.

Bitta leytenant va ikki serjantdan iborat guruh kelib¸ “Nima to‘polon bu?” deya hujjat so‘radi. Bekjon aka guvohnomasini leytenantga uzatdi.

Bu leytenant guvohnomadagi “SSSR Fanlar akademiyasi akademigi” degan yozuvni o‘qib¸ hayajonlandi.

Leytenant ham balki men kabi umrida ilk bora tirik akademikni ko‘rib turgandi.

“Shunday hurmatli odamlar bizning mahallaga kelganidan mamnunmiz¸ bemalol suhbatni davom qildiraveringlar” degan leytenant¸ chest berib chiqib ketdi.

U davrdagi IIB xodimlari akademiklarni ehtirom qilardi. Keyin Bekjon aka bilan haykaltarosh Omon Azizovning Shota Rustaveli ko‘chasidagi ustaxonasida bir necha marta uchrashdim. Bir marta Bekjon aka ovga chiqqanida Ustyurt cho‘llarida u kishiga hamroh bo‘ldim. Rassomlarning do‘sti edi Bek aka.

Hali milliarder sponsorlar paydo bo‘lmagan sovet O‘zbekistonida rassomlar asarlarini sotib olib qo‘llaydigan yagona homiy sifatida ko‘ringandi menga akademik Bekjon aka.

1988 yili Bekjon akani rassom Omon Azizovning yerto‘lada joylashgan ustaxonasida shoir Muhammad Solih bilan birga ko‘rdim. Tashqarida SSSRning islohotchi prezidenti Mixail Gorbachev “qayta qurish¸ oshkoralik” shiorlarini e’lon qilgan uyg‘onish davri edi. Boltiqbo‘yi respublikalaridagi mustaqillikka intilish harakatlariga o‘zbek ziyolilari ham havas bilan qarayotgan davr.

1989 yilning may oyida Bek Toshmuhammedovni “Birlik” xalq harakati ta’sis qurultoyida ko‘rdim. Bekjon aka bir muddat "Birlik" xalq harakatining raisdoshi ham bo‘ldi.

O‘sha qurultoy qatnashchisi¸ mang‘itlik do‘stim Bahodir olgan oq-qora suratda Bek Toshmuhammedov Muxammad Solihni olqishlagan kabi turibdi.

1989 yil. Muhammad Solih va Bekjon Toshmuhammedov
1989 yil. Muhammad Solih va Bekjon Toshmuhammedov

O‘z do‘sti o‘limi borasida ta’ziya bildirgan shoir Muhammad Solih Ozodlik bilan suhbatda bundan 30 yil burungi kunlarni esladi.

“Aslida Bekjon aka mening qistovim bilan "Birlik"ka kiruvdi. Bekjon aka bilan 1970 yildan beri do‘st edik. Omon aka (rassom Omon Azizov) ustaxonasida ilk marta tanishgan edik. Hurriyatni sevgan odam edi va umrining so‘ngigacha demokratik kurashga sodiq qoldi. Eng muhimi¸ do‘st o‘laroq sodiq edi. Oxirgi marta 1992 yilning 20 dekabrida¸ mening tug‘ilgan kunimda uchrashdik. Meni tabriklab¸ uzoq umr tilagan edi. Alloh raxmat aylasin do‘stimni".


Olimning o‘limi haqida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Telegram sahifasida yoyinlangan nekrologda “Bek Toshmuhammedov dunyo miqyosida tanilgan yirik olim” deyiladi.

Moskva Davlat universiteti aspiranti, Moskva akademiyasining Biofizika instituti doktoranti bo‘lgan Toshmuhammedov haqli ravishda biofizika ilmining O‘zbekistondagi asoschilaridan biri sifatida ardoqlanadi.

Bek Toshmuhammedov fanda erishgan yutuqlari uchun 1985 yilda SSSR Davlat mukofoti, 1987 yilda esa O‘zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.

SSSR tarqalgan 1991 yilda olim chet elda ilmiy ish bilan shug‘ullanish borasidagi qator takliflarni rad qilib¸ O‘zbekistonda qolib ishladi.

Bekjon aka O‘zbekistonda biofizika sohasi rivojlanishini chandon istagan edi.

Taqdir taqozosi bilan Bekjon aka yetishtirgan o‘nlab shogirdlar bugun biofizikani O‘zbekistondan tashqarida davom ettirishmoqda.

Ilmdan ortib rassom va haykaltaroshlarni qo‘llashni hech unutmas edi. Rassomlar uchun u buyuk Oybekning tog‘kelbat o‘g‘li edi. Oybek yozgan mana bu satrlar esa Bekjon Toshmuhammedovga atalgan kabi tuyuladi:

Xotirasi quyosh kabi qoladir.
Ko‘ngli ko‘targuncha har dargoh gulshan,
Bilinmas nash’asi, g‘ami nimadan,
Hayoti ming quroq bir afsonadir.

XS
SM
MD
LG