Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 23:21

SpaceX shirkati direktorlar kengashi a’zolari Starlink Internet xizmatini sinab ko‘rmoqda


SpaceX’s Falcon 9 Starlink raketasi starti
SpaceX’s Falcon 9 Starlink raketasi starti

SpaceX shirkati 2018 yilning fevralidan beri o‘zining Starlink sun’iy yo‘ldoshlarini Yer orbitasiga chiqarib keladi. Shirkat bugunga qadar yuzlab yo‘ldoshni orbitaga chiqardi. Bir kun kelib ularning soni 54 mingga yetishi kutilmoqda. Ushbu ulkan tarmoqni yaratishdan maqsad sayyoraning istalgan nuqtasida aholini yuqori tezlikdagi Internet aloqa bilan ta’minlashdir.

Ammo global tarmoq ishga tushishi uchun maxsus moslamalar kerak. Shirkat ko‘rib chiqayotgan yechimlarning biri foydalanuvchiga Starlink tarmog‘iga bevosita ulanish imkonini beruvchi terminallarini o‘rnatishdir. Terminallarning ilk sinovlarida qatnashgan foydalanuvchilar, umuman olganda, yangi texnologiyaga ijobiy baho berdi.

SpaceX direktorlar kengashi a’zosi Stiv Jurvetson Twitterda Starlink xizmatining demosini maqtab, bunday dedi: «Shirkat qarorgohiga borib, Starlink terminali orqali ustimizda aylanayotgan yo‘ldoshlarga ulandim. Joriy yilda tarif razryadimni yangilashni intiqlik bilan kutyapman».

SpaceX yetakchisi Ilon Mask esa Juvertson tvitiga javoban Starlink terminalini o‘rnatish bundan ham oson bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Shirkat orbitaga yuzlab yo‘ldoshni chiqarayotgan bo‘lsa-da, foydalanuvchi terminallari hali to‘liq tayyor emas. Shirkat terminal o‘rnatish jarayoni Jurvetsonga va’da qilinganidek oson bo‘lishiga umid qilmoqda.

Ammo parabolik antennadan foydalangan har qanday shaxs orbitada aylanayotgan sun’iy yo‘ldoshlardan signal oladigan moslamalardan foydalanish har doim ham bir maromda kechmasligini biladi. Xususan, ob-havo signal sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Tesla shirkatiga doir xabarlarni tarqatuvchi Teslarati nashrida e’lon qilingan maqolada e’tirof etilganidek, terminal yaxshi ishlashi uchun unga doimo qarab turish katta noqulaylik tug‘dirgan bo‘lardi.

Shunday bo‘lsa-da, SpaceX shirkatida yetarlicha vaqt bor. Shirkat bugunga qadar sun’iy yo‘ldoshlarning oz qismini orbitaga chiqardi, xolos. Hali-beri ko‘p sonli foydalanuvchiga tarmoqqa ulanish imkoni berilmaydi.

Bu vaqt ichida SpaceX o‘z terminallarini yanada mukammallashtirish hamda moslamalarini oddiy foydalanuvchilar muammosiz foydalana oladigan darajada soddalashtirish ustida ishlashi lozim.

XS
SM
MD
LG