Линклар

Шошилинч хабар
12 июл 2025, Тошкент вақти: 12:58

Rossiya TIV vakilining o‘zbek tili haqidagi gapiga o‘zbek qo‘shiqchisi musiqiy javob qaytardi


Qo‘shiqchi Bexruz Soliyev
Qo‘shiqchi Bexruz Soliyev

Farg‘onalik 24 yashar qo‘shiqchi Behruz Soliyev "Men o‘zbekman-o‘zbekcha so‘zlayman” degan qo‘shiqni aytib, uning audioyozuvini 20 maydan boshlab ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qildi.

Ozodlik bilan suhbatda xonanda¸ “qo‘shig‘im O‘zbekistonda rus tili rasmiy til bo‘lishini istaganlar ko‘p degan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xodimasi Mariya Zaxarova iddaolariga mening musiqiy javobimdir” dedi.

Qo‘shiqning oxirgi versiyasini 10 kun ichida youtube tarmog‘ining o‘zida minglab yuzer eshitdi.

Behruz Soliyev qo‘shiqning gitara jo‘rligida va alohida aytilgan ilk ikkita variantini Ozodlik mushtariylari bilan baham ko‘rish uchun jo‘natdi:

“Qo‘shiq muallifi o‘zimman¸ matnini navoiylik Niyatulloh degan shoir yozib berdi. Hozir qo‘shiqni mana o‘n kundan beri o‘zim shartnoma qilgan internet kanallarda qo‘ydiryapman. Bu qo‘yilganlar MP3 varianti. Qo‘shiqning jonli ijrodagi ilk variantini Ozodlikning millatsevar mushtariylari uchun alohida hirgoyi qilib yubordim. Internetdagi anonim yuzerlar¸ suratiyu nomi yo‘q profillar menga chiqib nega siyosatga aralashasan, sevgi haqidagi qo‘shiqlaringni kuylab yuraver deb tahdid qilishdi. Mening qo‘rqadigan yerim yo‘q. O‘z tilimni sevaman. Qo‘shiq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xodimasi Mariya Zaxarova va o‘z tilini unutgan o‘zbek amaldorlariga ham atalgan. Bu qo‘shiqni ko‘proq odamlar eshitsin o‘sha o‘z tilini unutgan amaldorlar ham ko‘rsin. O‘zbek tilimizga bo‘lgan hurmat saqlab qolinsin degan niyatda qilingan ijodiy ishim edi bu”.

Qo‘shiqqa sabab bo‘lgan bayonot

Joriy yilning 14 mayida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining O‘zbekistondagi rus tili maqomi borasida bayonot bilan chiqqani internetning o‘zbek segmentida bahslarga mavzu bo‘lgan edi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova brifing o‘tkazib, O‘zbekistonda o‘zbek tilida ish yuritmagan davlat mansabdorini jarimaga tortish ko‘zda tutilgan qonun loyihasi haqidagi savolga javob bergan edi:

"Biz yuqorida tilga olingan qonun loyihasi tufayli ommaviy axborot vositalarida yuzaga kelgan muhokamaga e’tibor qaratdik. Shunday taassurot tug‘iladiki, uning tarafdorlari yaqqol kam. Izohlarning ko‘pchiligi shundan dalolat qiladiki, rasmiy kundalik hayotda rus tilining saqlanib qolishi tarix ruhi va bizning munosabatlarimizning hozirgi sifatiga, eng muhimi - o‘qish va ishlash borasida Rossiyani tanlayotgan ko‘p sonli O‘zbekiston fuqarolarining manfaatlariga to‘la mos keladi", degan edi Mariya Zaxarova.

Mariya Zaxarova
Mariya Zaxarova

Farg‘onalik qo‘shiqchi Behruz Soliyev Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mulozimining gapidan keyin nafaqat rus tilida gaplashadigan vatandoshlar balki ona tili o‘zbek bo‘lganlar ham “rus tili rasmiy til” bo‘lsin degan fikrlarni tarmoqda yozishganidan ranjiganini aytadi:

“Qo‘shiqda o‘z tilim deb kurasha olmasam, otib tashlang” degan jumla bor. Men o‘zbek tilini kamsitganlardan ranjib yurgan paytimda tarmoqda Niyatulloh degan shoirning she’rini ko‘rib qoldim. Shoirning o‘zi bilan bog‘landim. Shoir menga Mariya Zaxarova bayonoti yozilgan matnlarni ham yubordi. Keyin shu she’rni qo‘shiq qilib Mustaqillik bayramida aytaman deb dilimga tugdim. Keyinroq turk diplomati o‘zbekcha gapirgan tadbirda o‘zbek amaldori ruscha ma’ruza qilganini ko‘rib qo‘shiqni tezroq chiqarishga shoshdim. “O‘ janoblar uyqusiramang¸ mudrab esnab¸ iyak tirnamang¸ qosh chimirib lablarni burmang¸ men o‘zbekman o‘zbekcha so‘zlang” degan jumla shu amaldorga ham ataladi. Bu rusparast amaldorni qo‘llab izoh yozganlar qo‘shig‘imdagi mana bu satrni eshitishsin. “Laganbardor soxta maddohlar. Dilingizdan to‘kilar ohlar. O‘zligini sotgan gumrohlar”

Qo‘shiqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi mulozimasi Mariya Zaxarovaning ismi tilga olinmaydi. Qo‘shiq o‘zbek tilini cheklamoqchi bo‘lgan Rossiya rasmiysi va o‘z tilini unutgan o‘zbek amaldorlariga bildirilgan e’tirozlardan iborat.

Qo‘shiq bilan tanishgan bastakor Zakiya Yarullinna Ozodlik bilan suhbatda¸ musiqa¸ ovoz jaranglashi va boshqa unsurlar “o‘z joyida ekanligini” ta’kidlaydi.

“Men gitara jo‘rligida jonli aytilgan versiyasini va tugal MP3 variantini tinglab ko‘rdim. Yaxshi, hammasi joyida. So‘z va musiqa bilan emotsional uyg‘unlik bor. Nola va avj ham o‘z o‘rnida. Romans ballada uslubida bastalanib ijro qilingan. Faqat matndagi “mallasoch ayolga” degan jumlada vulgarlik ko‘rdim. Siyosatchining soch rangi emas balki uning aytgan gapiga e’tiroz qilish kerak. Qo‘shiqchi ovoz tembri yaxshi ekanligi matn nuqsonini bekitadi”.

Bexruz Soliev
Bexruz Soliev

Behruz Soliyev o‘zbek shou-biznesida endi tanilib kelayotgan qo‘shiqchi. Uning “Sinov” degan qo‘shig‘i musiqasevarlar tarafdan yaxshi kutib olingan edi. Ozodlik bilan suhbatda qo‘shiqchi o‘zi haqida ham muxtasar so‘zlab berdi.

“Quva tumanida tug‘ildim. Yoshligimdan musiqaga ixlosim bor edi. Quva pedagogika va iqtisod kollejining “Musiqa xodimi” degan bo‘limini tugalladim. Hozir erkin ijod bilan shug‘ullanaman.”

O‘zbek qo‘shiqchilari orasida o‘zbek tili va milliy g‘urur haqida qo‘shiq kuylash ilk bora o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillarida urf bo‘lgan edi. Qo‘shiqchi Rustam G‘oibovning “O‘zbegim yigitlari” ashulasi shu janrdagi qo‘shiqlarning tipik namunasi o‘laroq ko‘riladi.

XS
SM
MD
LG