Линклар

Шошилинч хабар
12 июл 2020, Тошкент вақти: 18:16

SpaceX Rossiyaning koinotga parvozlar bo‘yicha monopoliyasiga chek qo‘yishi mumkin


Amerikalik astronavtlar Dag Xerli va Robert Benken SpaceX shirkatining Crew Dragon fazoviy kemasida tarixiy parvozga hozirlik ko‘rmoqda.

Amerikalik astronavtlar Dag Xerli va Robert Benken SpaceX shirkatining Crew Dragon fazoviy kemasida tarixiy parvozga hozirlik ko‘rar ekan, «Soyuz» raketalarini boshqaruvchi Rossiya shirkati GK Launch Services vaziyatni xavotir bilan kuzatmoqda.

2011 yildan beri fazogirlar Xalqaro fazo stansiyasiga faqat Rossiyaning «Soyuz» raketalari bortida chiqarib kelinadi. NASA o‘zining Space Shuttle dasturini 2011 yilda to‘xtatib qo‘ygan.

NASA va SpaceX 27 may kuni kechqurun uchirilishi mo‘ljallangan Falcon 9 raketasi parvozini ob-havo sharoiti to‘g‘ri kelmagani bois 30 mayga qoldirildi.

27 may kuni butun dunyo e’tibori SpaceX parvoziga qaratilar ekan, GK Launch Services Twitterda «Bir yil oldin shu kuni “Soyuz-2” parvoz qilganidan 14 soniya o‘tib, unga chaqmoq urildi. Missiya ziyon ko‘rmadi», deb yozdi.

Twitterda 1 500 obunachiga ega GK Launch Services shirkatining ushbu tviti e’tibordan chetda qolishi mumkin edi, ammo SpaceX parvozi chaqmoq haqidagi xavotirlar tufayli bekor qilingani tufayli rus shirkatining tviti qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi.

GK Launch Services tiviti Rossiyadagi hukumat rasmiylari, teleboshlovchilar hamda oddiy fazo shinavandalarining Amerikadagi xususiy shirkatning fazogir uchirish rejasiga bo‘lgan munosabatini o‘zida aks ettirdi, deyish mumkin. Tadbirkor Ilon Mask asos solgan shirkat Rossiyaning fazo sohasidagi monopoliyasini tugatishi mumkinligi rossiyaliklarni bir vaqtning o‘zida hayratga va xavotirga solmoqda.

2011 yildan beri Moskva amerikalik astronavtlarni Xalqaro fazo stansiyasiga «Soyuz» raketalari bortida katta haq evaziga uchirib keladi. SpaceX parvozi muvaffaqiyatli o‘tsa, Rossiya mo‘may daromad manbasidan mahrum bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, SpaceX shirkati Shuttle dasturini davom ettiribgina qolmay, sovet va Rossiya shirkatlari rolini cheklab, fazoni ham kapitalist bozorga aylantirmoqchi.

2014 yilda AQSh hukumati SpaceX va Boeing xususiy shirkatlari bilan 6,8 milliard dollar qiymatga ega shartnomalarni imzoladi. AQSh Rossiyaning «Soyuz» raketasidagi o‘rnini yana sakkiz yilga uzaytirish uchun may oyida imzolagan shartnoma boshqa uzaytirilmasligi mumkin.

Mutaxassislar SpaceX missiyasi muvaffaqiyatli o‘tsa, bu holat Rossiyani o‘z fazo sanoatini isloh qilishga va rivojlantirishga undashini aytmoqda.

Rossiyaning fazo sanoati 1991 yildan beri hukumat tomonidan oz mablag‘ ajratilayotgani hamda texnikasi eskirib qolgani uchun qator muammolarga duchor bo‘lib keladi. Bugunga kelib NASAning bir yillik byudjeti «Roskosmos»ning 10 yillik xarajatlariga tengdir. 2015 yilda «Roskosmos» direktori Dmitiry Rogozin Rossiya fazo sanoati bo‘hronga yuz tutganini aytib, uni tubdan isloh qilishni va’da qildi.

Mutaxassislarning aytishicha, SpaceX missiyasi muvaffaqiyatli yakunladimi, yo‘qmi, Rossiya fazo sohasidagi muhim o‘rnini saqlab qoladi. Xalqaro shartnomalarga binoan xorijlik fazogirlar Rossiyaning «Soyuz» raketalarida parvoz qilishda davom etadi.

SpaceX shirkati raketasi 27 may kuni reja bo‘yicha uchmaganini Rossiya telekanallari mamnunlik bilan yoritdi. Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov esa «Zvezda» telekanaliga bergan intervyuda:

- Amerikaliklar NATO va hamkorlari yordamida fazoni harbiy faoliyat sferasiga hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi to‘qnashuvlar maydoniga aylantirishga urinmoqda, - dedi.

SpaceX tez suratda o‘sayotgani tufayli «Roskosmos»ning og‘ir raketalar bozoridagi ulushi ikki yil ichida 15 foizdan 6 foizga tushib qoldi. Shu sabab «Roskosmos» SpaceX shirkatini tanqid qilib, unga hasad qilayotgani hayratlanarli holat emas.

Rogozin 26 may kuni bergan radiointervyusida:

- Hammasini siqilgan mushtga to‘plashimiz kerak. Siqilgan yagona musht bilangina g‘arbiy hamkorlarimiz yaratayotgan agressiv raqobatni yenga olamiz, - dedi.

XS
SM
MD
LG