Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:38

Prezident huzuridagi institut sobiq rahbari xoinlikda ayblanib 12 yilga qamaldi


Rafik Sayfulin
Rafik Sayfulin

25 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti sobiq direktori¸ 61 yashar siyosatshunos Rafik Sayfulin respublika Harbiy sudi hukmi bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasi («Davlatga xoinlik qilish») moddasi bo‘yicha aybli deb topilib, 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ozodlikka bu ma’lumotni Sayfulin ustidan o‘tkazilgan sudda bevosita qatnashgan, ammo harbiy sud tafsilotlarini ochiqlamaslik to‘g‘risida tilxat imzolagani bois ismi aytilmasligini so‘ragan yurist ma’lum qildi.

Uning aytishicha¸ yopiq sud majlisi 25 may kuni respublika Harbiy sudi binosida bo‘lib o‘tgan va ustidan hukm o‘qilgan Sayfulin o‘z so‘nggi so‘zida o‘ziga qo‘yilayotgan aybga to‘la iqror bo‘lmagan:

"Sayfulin Rossiya foydasiga tahliliy xulosalar sizdirganini e’tirof etdi¸ammo maxfiy informatsiya va hujjatlar bermaganligini aytdi” deya bildirdi sudda ishtirok etgan yurist.

Ayni sud haqida fergana.news agentligi ham o‘z manbalariga tayanib habar qildi.

Respublika Bosh prokuraturasinng Ozodlik bog‘langan vakili “ Harbiy sudning yopiq majlisi tafsilotlari matbuotga ochiqlanmasligini” aytish bilan kifoyalandi.

Ozodlik Rafik Sayfulinning advokati bilan bog‘landi. Ammo mahkum himoyachisi harbiy sud majlisining yopiqligi bois¸ hech bir ma’lumot bera olmasligini aytish bilan cheklandi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan gaplashgan O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish tizimining yuqori lavozimli mulozimning aytishicha¸ “ Sayfulin sud tomonidan “Rossiya manfaati uchun josuslik” qilganlik va “davlat sirlarini oshkor qilganlik” kabi jinoyatlarda aybli deb deb topilgan.

Sud jarayonida qatnashgan yuristning Ozodlikka aytishicha¸ Sayfulin ishini ko‘rish joriy yil boshida boshlangan:

“Sayfulin ustidan birinchi majlis fevral boshida respublika Harbiy sudi binosida bo‘lib o‘tgandi. Ikkinchi majlis esa 10 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod sudi binosida o‘tkazildi. Chunki bu paytda Harbiy sud binosi remontda edi. Uchinchi majlis Harbiy sud binosida bo‘ldi va bu mahkama Sayfulin ustidan hukm chiqardi”.

Bir guruh "xoinlar"

Rafik Sayfulin bilan birgalikda o‘nga yaqin sobiq harbiy ham Rossiya foydasiga josuslik qilish¸ davlat sirlarini fosh qilish va boshqa jinoyatlarda ayblanib¸ sudga tortilgani haqida Ozodlik yozgan edi.

O‘zbekiston Harbiy sudi 4 mart kuni iste’fodagi podpolkovnik, O‘zbekiston Mudofaa vazirligiga qarashli “Vatanparvar” gazetasi muxbiri Vladimir Kaloshin «Davlatga xoinlik"da aybdor deb topilib¸ 12 yillik qamoqqa hukm qilingan edi.

Sayfulin bilan birga qamoqqa olinib ishi sudga oshirilganlar orasida O‘zbekiston Qurolli kuchlari birlashgan shtabi boshqarma boshlig‘i Akbar Yarbabayev ham bor.

Yarbabayev ham O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 157-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat - davlatga xoinlik qilishda ayblanayottani haqida Ozodlik ma’lum qilgan edi.

Akbar Yarbabayevning akasi, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida yashaydigan Aleksey Yarbabayev Ozodlik bilan suhbatda ukasi ustidan tergov joriy yilning 1 fevralida tugallanib¸ sudga oshirilganini aytgan edi.

Yarbabayev ustidan qachon hukm chiqishi haqida Ozodlikda ma’lumot yo‘q.

Aleksey Yarbabayevga ko‘ra¸ uning ukasi O‘zbekiston Qurolli kuchlari shtabi boshqarma boshlig‘i Akbar Yarbabayev va xotini Yelena 2019 yil 15 iyulda hibsga olingan. Rinat Sayfulinning ham shu davrda hibsga olingani haqida uning advokatlari Ozodlikka ma’lum qilgan edi.

“Davlatga xoinlik qilish”da aybli deb topilgan Rafik Sayfulin o‘z xizmat faoliyatini sovet davrida Davlat xavfsizlik qo‘mitasida (KGB) fors¸ dari va pushtun tillarini yaxshi bilgan xodim sifatida boshlagan.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Sayfulin 1994 yildan 1995 yilgacha O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Statistika qo‘mitasida ishlagan.

Keyinchalik u O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ​direktori sifatida ishladi. Uning O‘zbekiston MXX sobiq raisi¸ qudratli general Rustam Inoyatovga juda yaqin bo‘lgani aytiladi.

Siyosatshunos sifatida tanilgan va hozirda mahkum Sayfulin o‘z maqolalarida G‘arb va AQShdan uzoqlashish va Rossiya bilan yaqinlashish g‘oyasini ilgari surib kelgan edi.

XS
SM
MD
LG