Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:33

Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida Ramazon hayiti kuni yana otishma bo‘ldi. Tojik askari yaralandi


So‘nggi bir yilda ikki davlat o‘rtasidagi chegarada kamida 13ta nizo sodir etildi.
So‘nggi bir yilda ikki davlat o‘rtasidagi chegarada kamida 13ta nizo sodir etildi.

Musulmonlar ramazon hayitini nishonlagan 24 may kuni Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida yana otishma sodir etildi. Otishma paytida bir nafar tojik askari yaralangan. Tomonlar chegarada o‘q otilishida bir-birlarini ayblamoqdalar.

May oyida chegaraning mazkur qismida bu bilan ikkinchi marta otishma sodir etildi. 8 may kungi otishma chog‘ida Tojikiston tomonidan otilgan o‘qlardan uch nafar qirg‘iz askari yaralangani xabar qilingandi.

Bu kabi janjallar so‘nggi yillarda Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasining aniqlanmagan bahsli hududlarida tez-tez sodir etilmoqda.

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, 24 may kungi otishma Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasining Vorux qishlog‘i joylashgan hududida bo‘lib o‘tgan. Tojikistonga qarashli Vorux qishlog‘i Qirg‘iziston ichidagi anklav hisoblanadi.

Qirg‘iziston va Tojikiston chegara rasmiylarining bildirishicha, hodisa soat 10:30lar chamasida boshlangan. Hodisaning qolgan tafsilotlari esa bir-biridan farq qiladi. Bo‘lib o‘tgan hodisada Tojikiston Qirg‘izistonni, Qirg‘iziston Tojikistonni aybladi.

Tojikiston versiyasi

Hodisa yuzasidan birinchi bo‘lib Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasining chegara qo‘shinlari matbuot xizmati xabar berdi.

Tojik tomonining iddao qilishicha, 24 may soat 10:30lar chamasida Isfara shahriga qarashli Vorux qishloq jamoati tarkibidagi Puli Oftobro‘ya qishlog‘i hududida qirg‘iz cho‘ponlari chorva mollarini boqmoqchi bo‘lgan. Cho‘ponlar Qirg‘izistonning Chichilik qishlog‘idan Tojikiston hududiga chegarani buzib o‘tgan va tojik fuqarolari bilan janjallashgan.

Rasmiy xabarda ta’kidlanishicha, Puli Oftobro‘ya qishlog‘i aholisi qirg‘iz fuqarolarining noqonuniy harakatlariga qarshilik ko‘rsatgan va ulardan qishloqni tark etishni talab qilgan.

Tojikiston chegara qo‘shinlari rasmiy bayonotida aytilishicha: “Qirg‘iz tomoni bahsli hududlarning chegara chizig‘ini aniqlovchi avval erishilgan kelishuvlarga amal qilish o‘rniga, hodisa joyiga qo‘shimcha harbiy kuchlarni jo‘natgan va ular Puli Oftobro‘ya qishlog‘ining qurolsiz aholisiga qarshi o‘q ota boshlagan”.

Otishma paytida Tojikiston chegarachisi bo‘lgan 2001 yilda tug‘ilgan Davlatyor Zoirov oyog‘idan yaralangan.

Qirg‘iziston versiyasi

Qirg‘iziston Chegara xizmati Tojikistonning bu bayonotiga keskin e’tiroz bildirdi va “qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyatni Tojikiston tomonidan beqarorlashtirish uchun qilinayotgan harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deb hisoblashini ma’lum qildi.

Qirg‘iziston Chegara xizmatining iddao qilishicha, 23 may kuni Vorux anklavi aholisi Botken viloyati Botken tumaniga qarashli Mo‘ynoq qishlog‘i hududida chorva mollarini o‘tlatishga harakat qilgan.

“Tojikiston chegara qo‘shinlari ikki kun mobaynida Qirg‘iziston hududida noqonuniy ravishda chorva mollari o‘tlatilayotganini kuzatib turgan va buning oldini olish uchun Vorux qishlog‘ining ayrim turg‘unlariga nisbatan hech qanday choralarni qo‘llamagan. Qirg‘iziston tomonining qonuniy talablariga javob tariqasida Tojikiston harbiylari qirg‘iz chegarachilariga qarata o‘q ota boshlagan”, deyiladi Qirg‘iziston Chegara xizmati tarqatgan rasmiy bayonotda.

Rasmiy xabarda aytilishicha, otishma paytida Qirg‘iziston tomonidan hech kim jabrlanmagan.

Keyin nima bo‘ldi?

Bu safar ham otishmadan so‘ng Qirg‘iziston va Tojikiston chegara rasmiylari hodisa joyida uchrashib, vaziyatni murakkablashtirmaslik va bu kabi janjallarning oldini olish masalalarini muhokama qilgan.

So‘nggi xabarlarda otishma sodir etilgan hududda vaziyat nisbatan barqaror ekani ta’kidlanmoqda. Tomonlar hodisa yuzasidan surushtiruv ishlarini olib bormoqda.

O‘tgan yilda ham qirg‘iz-tojik chegarasidagi katta janjallardan so‘ng tomonlar turli muzokaralarni o‘tkazgan va xatto chegaralarni hamkorlikda qo‘riqlashga ham kelishib olgan edilar. Ammo bu kelishuvga erishilganidan bir necha kun o‘tib, yana janjal sodir bo‘lgandi.

Xukumat rahbarlari darajasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha Qirg‘iziston va Tojikiston chegara muammolarini bartaraf etish bo‘yicha ishlarni kuchaytirishga kelishib olgan. Biroq bu kelishuvni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar sezilmayapti.

Avvalgi voqealar

Joriy yilning may oyida chegaraning mazkur qismida bu bilan ikkinchi marta otishma sodir etildi. 8 may kungi otishma chog‘ida Tojikiston tomonidan otilgan o‘qlardan uch nafar qirg‘iz askari yaralangani xabar qilingandi. Tojikiston esa ikki nafar fuqaro yaralanganini aytgan. O‘sha voqeada ov miltiqlari bilan birgalikda minomyotlardan ham o‘q otilgan. 9 may kuni Bishkek va Dushanbe o‘zaro norozilik notalari bilan almashgan.

2010 yilning yanvar-may oylari oralig‘ida Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasining mazkur qismida kamida uch marta o‘q otildi.

2019 yilda esa Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida 10 dan ortiq mojaro yuz berdi, shundan to‘rtta hodisada odamlar halok bo‘ldi. 16 sentabr kuni yuz bergan hodisada to‘rt kishi vafot etdi.

Rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasidagi 970 kilometrli chegaraning 405 kilometri hozirgacha aniqlanmagan. Otishmalar va aholi o‘rtasidagi to‘qnashuvlar chegaraning aynan mana shunday aniqlanmagan va bahsli hududlarida sodir bo‘lmoqda.

XS
SM
MD
LG