Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:24

Buxorodagi 300 yillik masjid novvoyxonaga aylantirildi


Buxorodagi masjid
Buxorodagi masjid

Buxoro viloyati Buxoro tumani “Xonobod” MFY hududida 1717 yil masjid va xonaqo uchun qurilgan bino joriy hafta novvoyxonaga aylantirildi.

Xonobod” MFY vakilining Ozodlikka aytishicha¸ bino shu paytgacha mahalliy aholi tarafidan “Fayzobod” masjidi deya atalib¸ u yerda asosan juma namozlari o‘qib kelingan.

O‘zbekistonda qadimiy obidalar bilan Madaniyat vazirligining Madaniy meros departamenti shug‘ullanadi.

Madaniy meros departamentining Buxoro viloyat boshqarmasi rahbari Sherzod Mahmudov binoning 1717 yil qurilganini tasdiqladi.

Mulozimga ko‘ra¸ bu bino¸ unga bog‘liq bo‘lmagan sabab bilan Madaniy meros obidalari ro‘yxatiga kirmay qolgan:

- Bino madaniy meros ro‘yxatiga kirmagan. Bizning ro‘yxatda bo‘lmagani bois bino ekspluatatsiyasiga aralasha olmaymiz. Endi borib ro‘yxatga olaman.

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi vakili esa Buxoro tumanida “Fayzobod” degan nomdagi masjidning qayddan o‘tmaganini aytdi.

- Buxoro tumanida to‘rtta masjid faoliyat ko‘rsatadi. “Imom Buxoriy” jome masjidi¸”Chor Bakr” “jome masjidi¸”Xitoyon” jome masjidi¸ “Imom A’zam” jome masjidi. Ammo “Fayzobod” degan masjid rasman qayddan o‘tmagan.

Madaniy meros departamentining qadimiy obidalar ro‘yxatiga kirmagan¸ Musulmonlar idorasida esa masjid sifatida ro‘yxatga olinmagan bu bino Xonobod MFY balansidagi ko‘chmas mulk sifatida qayd qilingan.

- Xalqni non mahsulotlari bilan ta’minlash va tumanda ishchi o‘rinlari ochish uchun MFY o‘ziga qarashli binoda novvoyxona ochdi. Baribir karantin paytida masjid sifatida hech kim foydalanmay yotuvdi¸ dedi Ozodlik gaplashgan MFY vakili.

Ozodlik tasarrufida 300 yil oldin masjid va xonaqo uchun qurilgan mazkur binoning joriy haftada olingan suratlari bor.

Buxorodagi masjid
Buxorodagi masjid

Suratlardan birida¸ bino peshtoqiga “Xonobod MFY novvoyxonasi” deb yozilgan ko‘k rangdagi lavha osilgan.

Yana bir rasmda esa “Fayzobod” masjidi va “Xonaqo” deb yozilgan ikki marmar lavhaning devorga mahkamlangani aks etgan. Marmar lavhalarda binoning mahalla ahli ko‘magi bilan ta’mirlangani tojik tilida yozilgan. Marmar lavhada binoning hijriy 1138 (milodiy 1717) yilida qurilgani va hijriy 1345 yili (milodiy 1924) yilda ta’mir qilingani kirill yozuvida yozilgan.

Ro‘yxatlarda yo‘q..

Madaniy meros departamenti Buxoro viloyat boshqarmasi vakiliga ko‘ra¸ bu marmar lavhani davlat o‘rnatmagan:

- Mahalliy aholi hashar qilib o‘zlari o‘rnatgan. Davlat o‘rnatsa¸ lotin yozuvi va davlat tilida yozilgan bo‘lar edi. Ammo biz bu qadimiy binoni o‘rganib¸ unga belgilangan shaklda belgi o‘rnatamiz.

Masjid joylashgan mahalla posbonining Ozodlikka aytishicha¸ o‘tgan yili mahalliy aholi tarafidan ta’mirlangan binoda juma namozlari¸ yilda ikki marta hayit namozlari diniy idora izni bo‘lmasa ham o‘qib kelingan.

Telegramdagi madaniy obidalarni asrash guruhi faollari va Troll.uz sahifasida “masjid binosining novvoylarga sotilgani” haqida yozildi. Ozodlik bilan suhbatlashgan mulozim bu ma’lumotni tasdiqlamadi.

Ularga ko‘ra¸ MFY mulki bo‘lgan binoda MFY novvoyxonasi ishlamoqda.

Madaniy meros departamentining yana bir mulozimi Sundar Qoraboyevning Ozodlikka aytishicha¸ bino haqiqatan ham 300 yil oldin qurilgan.

Qoraboyev Ozodlikka taqdim qilgan suratlarda masjid ichida ustiga arabiy xat naqsh qilib o‘yilgan qadimiy yog‘och ustunlar aks etgan.

Buxorodagi masjid
Buxorodagi masjid

Qoraboyevga ko‘ra¸ bino tarixi shu ustunlardagi yozuvlarga qarab aniqlangan va yaqin kunlarda bu obida departament nazoratiga olinadi.

O‘zbekiston Madaniyat vaziri matbuot xizmati rahbari Ozodlik bilan suhbatda¸ qadimiy binoning novvoyxonaga aylantirilganidan xabardorligi va non pishirish bilan bog‘liq jarayon obidaga zarar beradimi yo yo‘qmi¸ degan savolga javob topish uchun mutaxassislarga topshiriq berilganligini ta’kidladi.

Ibodatxonalarning ikkinchi umri

Dunyoda bo‘shab qolgan ibodatxonalar binolaridan samarali foydalanish tajribasi mavjud.

AQShning Pittsburg shahridagi bo‘shab qolgan avliyo Jon cherkovi 1993 yili yopilib¸ pivo pishiradigan korxonaga aylantirilgan edi.

Fransiyada yiliga 20 dan ziyod katolik cherkovlari sotuvga qo‘yiladi. Fransiya qonunlariga ko‘ra¸ mahalliy hokimiyat o‘z hududidagi qavmsiz qolgan ibodatxonalarni sotish huquqiga ega.

O‘zbekistonda ham bo‘shab qolgan masjidlardan maqsadli foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Ozodlik 2017 yilda Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi "Kichik boybucha" qishlog‘ida joylashgan ikki asrlik masjidning mebel ishlab chiqarish sexiga aylantirilgani haqida yozgan edi.

XS
SM
MD
LG