Iqtisodchi Yuliy Yusupov prezidentning hokimlarni ogohlantirishini “xitoycha po‘pisa” deb atadi. Toshkent hokimiyati 1 mln dollarlik yerni teppa-tekinga berib yuborgani e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
Iqtisodchi Yuliy Yusupov: Bu ahvolda huquqiy davlat orzusi sarob bo‘lib qolaveradi!
Taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov prezident Shavkat Mirziyoyevning hokimlarni ogohlantirganini “xitoycha po‘pisa” deb atadi. Uning fikricha, qonunbuzarlarga qarshi jiddiy choralar ko‘rilmas ekan, ogohlantirishlar foyda bermaydi.
Prezident Sh.Mirziyoyev 19 maydagi videoselektor majlisida: “Barcha hokimlarni ogohlantiraman. Birorta tadbirkorning mulki noqonuniy olib qo‘yilsa, hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmaydi, balki qonun oldida javob beradi”, - dedi.
“To‘g‘risini aytganda, so‘nggi uch yil ichida xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqishni taqiqlash to‘g‘risida qanchadan-qancha farmon va qarorlar imzolangani, prezident tomonidan necha marta do‘q-po‘pisalar qilinib, xususiy mulk daxlsizligi himoya qilinganini aniq eslolmayman, hisobda adashib ham ketganman”, - deydi Yu. Yusupov.
Ammo amaliyotda tadbirkorlarga qarshi zo‘ravonlik va qonunbuzarliklar hali ham davom etmoqda.
“So‘nggi xabarga ko‘ra, apellyatsiya mahkamasi “Sovplastital” aksiyadorining zo‘ravonlarcha tortib olingan mulki uchun tovon to‘lash haqidagi sud qarorini bekor qilibdi. Qarangki, 2017 yilda korxonaga qarshi qaror qabul qilgan sudya bu gal sud jarayonida prokurorlik qilgan. Bu hodisa “adolat posbonlarimiz” haqida kerakli xulosalar chiqarib olishimiz uchun kifoya qiladi”, - deydi iqtisodchi.
Ta’kidlanishicha, qonunga zid qarorlar qayta ko‘rilib, aybdorlar qattiq jazolanmas ekan, “xitoycha po‘pisalar”ning bari havoyi gaplar, huquqiy davlat haqidagi orzular esa sarob bo‘lib qolaveradi.
Bloger: Toshkentda bo‘sh yer qolmayapti; fuqarolarga qulaylik haqida ham kimdir qayg‘uradimi?
Bloger va huquqshunos Xushnud Xudoyberdiev Toshkent shahrida fuqarolarga qulaylik yaratish muammosiga e’tibor qaratdi (www.xabar.uz, 19 may).
“Toshkent shahri tobora zichlashib, bo‘sh yer deyarli qolmayapti. Balki megapolislar uchun shunaqa ham bo‘lishi kerakdir. Ammo shaharsozlik qoidalari, fuqarolarga qulayliklar haqida ham kimdir qayg‘uradimi? Vijdonan ayting-chi, so‘nggi yillarda ko‘chalarda mashina qo‘yish uchun biror sharoit yaratildimi? Yo‘q. Aksincha muammo tobora kattalashib bormoqda”, - deb yozdi u.
Bloger, shuningdek, “Poytaxt” savdo markazi ro‘parasidagi avtoturargoh Toshkent shahri hokimining 2019 yil 28 martdagi 467-sonli qarori asosida Chexiyaning “IMP NEW PAY” kompaniyasiga teppa-tekinga, hech qanaqa tenderlarsiz berib yuborilganini ham savol ostiga oldi.
“Eng qizig‘i, buni qarangki, qandaydir tasodif bilan Chexiya kompaniyasining 95 foizlik ulushiga o‘zimizning “Real House” qurilish firmasi rahbari, O‘zbekiston fuqarosi Isroil Yunusov egalik qilar ekan. Va undan ham qizig‘i, poytaxtning qoq markazida bozor qiymati taxminan 1 mln dollarga teng bo‘lgan bu joy berib yuborilgan Chexiyaning “IMP NEW PAY” kompaniyasining ustavida atigi 1000 kron (40 dollar) bor ekan. Kimni aldayapmiz? Qachongacha aldaymiz?” - deya mas’ullarni savolga tutdi X. Xudoyberdiyev.
Aktyor Matyoqub Matchonov: San’atkorlarning “zapret”ga tushirilishi – ahmoqona ish
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi Matyoqub Matchonov “Daryo” nashriga bergan intervyusida san’atkorlarga nisbatan qo‘llangan taqiqlarni ahmoqona ish deb baholadi (www.daryo.uz, 20 may).
Aktyorga ko‘ra, taqiqlar katta lavozimdagi mansabdorlar tomonidan qo‘yilgan. Bunda ma’lum ma’noda mahalliychilik, tarafkashlik ham rol o‘ynagan.
“Zapret” so‘zining o‘zi bir ahmoqona so‘z. Allohga behisob shukr, shu narsalarni yo‘q qilgan prezident boshimizga keldi. Umrlari uzoq bo‘lsin, bu baloni olib tashlashdi. Avvallari buni qarasang “zapret”, uni qarasang “zapret” nimaga bunday bo‘lgan ekan, deya hayron bo‘lardik. O‘zimiz ham biror nimani gapirib qo‘ysak, “zapret”ga tushib qolmaylik, deb qo‘rqib gapirar edik”, - degan aktyor M.Matchonov.
Suhbatda qayd etilishicha, marhum so‘z ustasi Obod Asomov ham mansabdorlardan birining to‘yiga bormagani ortidan norasmiy qora ro‘yxatga tirkalgan.