Линклар

Шошилинч хабар
01 июн 2020, Тошкент вақти: 10:58

OzodDayjest: Kanadada yashayotgan o‘zbek muhandisi Sardoba falokati yuzasidan ikki taxminni ilgari surdi


Sardobadagi falokat O‘zbekistonda qurilishlardagi birinchi va oxirgi halokat emas.

Yetimlarni uy bilan ta’minlashga panja orasidan qaragan amaldorlarni javobgarlikka tortish taklif etildi. Sardoba suv ombori falokati loyihalash jarayonidagi xatolar yoki qurilish jarayonida texnik me’yorlar buzilgani sabab ro‘y bergan bo‘lishi mumkin. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

Yetim bolalar uchun ajratilgan uylar sotib yuborilgani fosh etildi

Prokuratura tekshiruv jarayonida mehribonlik uylari va “Bolalar shaharchalari” bitiruvchilarining uy-joy bilan ta’minlanish borasida talay kamchiliklar aniqlandi (“Mahalla” gazetasi, 22 may).

2011-2019 yillarda ushbu muassasalarni tamomlagan 381 nafar tarbiyalanuvchiga turli bahonalar ro‘kach qilinib turarjoy berilmagan. Shuningdek, yetim bolalarga ajratilgan uylardan maqsadsiz foydalanish, hatto ularni sotib yuborish holatlari fosh etilgan.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarining tuman-shahar hokimliklari ushbu masalaga e’tiborsizlik bilan yondashgani sabab bu toifadagi bolalar uchun Uy-joy maydonini hisobga olish va taqsimlash komissiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan.

Yana bir masala – ajratilgan turarjoylarning hammasi ham talabga javob bermaydi. Bularning bari ularning tarbiyasiga, ijtimoiy moslashuviga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavluda Xo‘jayevaga ko‘ra, qonun hujjatlariga yetim bolalarni turarjoy bilan ta’minlashga panja orasidan qaragan, majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan hokimlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha normalar kiritish kerak.

Xalqaro mutaxassis: O‘zbekistonda muhandislar malakasi tekshirilmasligi halokatlarga sabab bo‘lmoqda

Sardoba suv ombori falokati loyihalash jarayonidagi xatolar yoki qurilish jarayonida texnik me’yorlar buzilgani sabab ro‘y bergan bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi Kanadada yashayotgan o‘zbek injeneri Sharofiddin Qoraboyev (www.kun.uz, 20 may).

Mutaxassis loyihalash jarayonida xatolar sifatida suv ombori uchun noto‘g‘ri joy tanlangan bo‘lishi yoki to‘g‘on devorlarining suv massasi bosimiga chidamlilik darajasi va to‘g‘on qurilishida ishlatiladigan materiallarning suv ta’sirida yemirilish darajasi to‘g‘ri aniqlanmagan bo‘lishi ehtimolini qayd etgan.

Ayni choqda, u qurilishda ishlatilgan materiallar sifati loyihada ko‘rsatilgan standart va me’yorlarga mos kelmagani yoki qurilish me’yorlariga rioya etilmagan bo‘lishi ehtimolini ham e’tibordan soqit qilmagan.

Sardobadagi falokat O‘zbekistonda qurilishlardagi birinchi va oxirgi halokat emasligini ta’kidlagan muhandis mamlakatda qurilishda sifatini yaxshilash uchun jiddiy choralar ko‘rishga undagan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda iqtisodiyot uchun o‘ta muhim bo‘lgan injenerlik sohasining nazorat qilinmasligi va muhandislarning malakasi va bilimi tekshirilmasligi qurilishlar sifati pastligi va halokatlarning sabablaridan biri sanaladi.

Mutaxassisga ko‘ra, O‘zbekistonda ham xalqaro tajribaga muvofiq injenerlik sohasida litsenziya olish tartibi joriy etilishi kerak. U, shuningdek, qurilishni yakunlash muddatini bayramlarga to‘g‘rilash tajribasidan voz kechish lozimligini uqtirgan.

Sharofiddin Qoraboyev Kanada shimoliy-g‘arbiy hududlari hukumatining Infrastruktura departamentida loyihalar katta boshqaruvchisi bo‘lib ishlaydi. U Kanada qurilish uyushmasining qurilish loyihalarini boshqarish bo‘yicha oltin muhrli sertifikatiga ega.

Matbuot: Vazir Shermatov iste’fo bermaydimi?..

Xalq ta’limi vazirligi tizimida 2018-2019 yillarda byudjetdan ajratilgan mablag‘lar sarfi bo‘yicha 192,2 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi (“Milliy tiklanish” gazetasi, 20 may).

"O‘tgan ikki yil davomida ayrim xalq ta’limi bo‘limi mutasaddilari davlat mablag‘larini o‘zlashtirishda go‘yoki o‘zaro musobaqa uyushtirganga o‘xshaydilar”, deb yozadi gazeta.

Masalan, birgina maktab xodimlariga atalgan ish haqi mablag‘larida 40,2 mlrd so‘m o‘zlashtirilgan.

Qurilish-ta’mir jarayonida ham qator qing‘irliklar qayd etilgan. Misol uchun, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida 58-maktab filialini qurish uchun 420 mln so‘m o‘tkazilgan. Dalolatnomalar orqali qurilish ishlari qabul qilib olingan. O‘rganishlar jarayonida esa bino umuman qurilmagani, maydon bo‘sh turgani ma’lum bo‘ldi. Aslida faoliyat ko‘rsatmagan Xalq ta’limini rivojlantirish jamg‘armasini saqlashga ham350 mln so‘m yo‘naltirilgan.

Xalq ta’limi tizimida 527,7 mln so‘mga yaratilgan “Kitob.uz” elektron dasturiy majmuasi mavjud bo‘laturib, “Xalq ta’limi tizimi korporativ elektron kutubxonalar tarmog‘i” loyihasi uchun yana 1,2 mlrd so‘m sarflangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi ham tizimdagi aksar tashkilotlar nazoratsiz ahvolga tushib qolganini tanqid qilgan. Gazetaga ko‘ra, tizimdagi xatolardan tegishli xulosa chiqarilmasa, deputatlar Xalq ta’lim vaziri Sherzod Shermatovning iste’fosini talab qilishi mumkin.

XS
SM
MD
LG