Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:24

Surishtiruv: $555 mlnlik gaz hisoblagich loyihasi Toshkent hokimi Ortiqxo‘jayevga aloqador kompaniyalarga berildi


Yarim milliard dollarlik buyurtma bo‘yicha tender borayotgan 28 fevral kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev "TEXNOPARK" ishlab chiqarayotgan "aqlli gaz hisoblagich"larni prezidentga taqdim qildi.
Yarim milliard dollarlik buyurtma bo‘yicha tender borayotgan 28 fevral kuni Jahongir Ortiqxo‘jayev "TEXNOPARK" ishlab chiqarayotgan "aqlli gaz hisoblagich"larni prezidentga taqdim qildi.

2020 yilning 1 iyulidan tabiiy gazga ulangan barcha o‘zbekistonliklar gaz hisoblagichlarini yangilashga o‘tadi va 2022 yilgacha mamlakatda jami 3 546 148​ dona "aqlli hisoblagich" o‘rnatiladi.

Rasmiy raqamlardan kelib chiqilsa¸ har bir o‘zbekistonlik xonadoniga o‘rnatiladigan bir dona hisoblagich davlat g‘aznasiga 156,5 AQSh dollaridan (21 may kungi MB kursi bo‘yicha 1 585 268 so‘m) tushadi.

Maqsad¸ rasmiylar iddaosicha¸ o‘zbekistonliklarni yillardan beri tang holda qoldirib kelayotgan tabiiy gaz taqchilligiga barham berish. Zamonaviy texnologiya asosida ishlab chiqarilgan gaz hisoblagichlar¸ bu loyihaning bosh lobbichisi Energetika vazirligiga ko‘ra¸ mamlakatdagi gaz o‘g‘riliklariga barham beradi¸ aholini tejamkorlikka o‘rgatadi va go‘yo shu bilan yillardan beri bo‘sh yotgan gaz quvurlarida gaz paydo bo‘ladi.

Aqlli gaz hisoblagichlarni¸ ularni qo‘yishga kirishgan davlatga qarashli “Hududgazta’minot” AJ¸ aholiga “bepul” deb taqdim etmoqda.

Aslida¸ loyiha tafsilotidan xabardor energetika mulozimlariga ko‘ra¸ yangi gaz hisoblagichning puli iste’mol qilinadigan har bir kub metr gaz ustiga qo‘shiladigan 17 so‘mlik ustama orqali xalqdan oshig‘i bilan chiqarib olinadi. Prezident qarorida belgilangan bu ustama inflyatsiyaga qarab indeksatsiya ham qilib boriladi.

2019 yil iyulida 400 million AQSh dollariga teng deb baholangan loyiha qiymati¸ 2019 yil dekabriga kelib 644 million dollarga ko‘tarildi¸ 2020 yil fevralda esa¸ 555 million deb baholandi.

Loyiha jarayonidan xabardor Energetika vazirligi mulozimi narxdagi 244 va 150 million dollarlik sakrashni uning ortida jiddiy texnik-moliyaviy asosning yo‘qligi va butun jarayonning oldindan tanlangan shaxs va guruhlar manfaatiga xizmat qilish uchun ishlab chiqilgani bilan izohladi.

Ozodlik surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha¸ 555 million dollarlik davlat buyurtmasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning xususiy biznes imperiyasiga aloqador ikki shirkatga berilgan.

Bu esa¸ shirinlik ishlab chiqarishdan to City qurishgacha bo‘lgan aksar serdaromad sohalarda deyarli cheklanmagan imtiyoz va raqobatsiz faoliyat yurg‘izayotgan Ortiqxo‘jayevning energetika sohasida ham belgilovchi o‘yinchiga aylanayotganini ko‘rsatadi.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan so‘ng O‘zbekistondagi eng yirik va eng qimmat davlat loyihalari¸ xususan¸ davlat kafolati orqali xorijdan olingan yuzlab million dollarlik qarzga qurilgan qariyb 2 milliard dollarlik Tashkent City loyihasi ham tendersiz asosan Jahongir Ortiqxo‘jayev kompaniyalariga berilgan.

O‘zbekiston va uning tashqarisida "lyubaya biznes xorosha" (har qanday biznes yaxshi) iborasi bilan tanilgan Ortiqxo‘jayev¸ hozirga qadar o‘z biznes imperiyasiga oid mustaqil jurnalistik surishtiruvlarda tug‘ilgan savollarga javob bermay kelayotir.

Bosh vazir prezident qarorini bekor qildimi?

Maishiy sektor va ulgurji iste’molchilar orasida tabiiy gaz nazoratining avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini (ASKUG) keng joriy etish tashabbusi prezident Shavkat Mirziëevning 2017 yilning 13 noyabrь kungi 3384-sonli qarori bilan boshlandi.

Bu qarorda loyiha doirasida dastlab 2 million tabiiy gazni hisobga olish uskunalari, shuningdek, dasturiy ta’minot, qo‘shimcha asbob-uskuna, boshqa zarur texnik vositalarini Germaniyaning «Elster GmbN» kompaniyasidan istisno tariqasida tender savdolarini o‘tkazmasdan xarid qilish topshiriladi.

2017 yil noyabrida imzolangan prezident qarorining bekor qilingani haqida ma’lumot yo‘q..
2017 yil noyabrida imzolangan prezident qarorining bekor qilingani haqida ma’lumot yo‘q..

Oradan ikki yil o‘tib¸ 2019 yilning 9 iyul kuni prezident Mirziyoyev “Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” yana bir qaror chiqaradi.

Unda "O‘ztransgaz" "Hududgazta’minot"ga aylandi va 2022 yilga aholini avtomatlashtirilgan gaz hisoblagichlarga o‘tkazish "Hududgazta’minot"ga topshiriladi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Abdula Aripov 2019 yilning 16 iyul kuni bu qaror ijrosi yuzasidan ishchi guruhi yig‘ilishini o‘tkazadi va unda vazirlik va idoralar rahbarlari¸ xususan¸ Energetika vaziri Alisher Sultonov¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevlar qatnashadi.

22 iyul kuni rasmiylashtirilgan protokolda yozilishicha¸ majlisda “O‘ztransgaz”/"Hududgazta’minot" AJ zamonaviy gaz hisoblagichlar ishlab chiqarish buyurtmachisi etib belgilanadi.

Shu paytgacha bir dona ham gaz hisoblagich ishlab chiqarmagan "Texnopark" MChJ 3¸5 million dona gaz hisoblagichni ishlab chiqaruvchi va ta’minotchi qilib tanlanadi; “Fido Biznes” MChJga uning dasturiy ta’minoti (programmnoye obespecheniye) topshiriladi.

Milliy bankka gaz hisoblagichlar ishlab chiqaruvchi uskuna va butlovchi qismlar sotib olish uchun "Texnopark" MChJsiga mablag‘ ajratish buyuriladi.

“O‘ztransgaz” AJga bir oy muddat ichida "Texnopark" MChJga oldindan haq to‘lab¸ barcha gaz hisoblagichlarni sotib olish haqida shartnoma tuzish topshiriladi.

2019 yil 16 iyul kuni Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish protokoli 2-sahifasi nusxasi.
2019 yil 16 iyul kuni Abdulla Aripov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilish protokoli 2-sahifasi nusxasi.

2019 yilning 16 iyul kungi ishchi guruh qarorida loyiha qimmati 400 million AQSh dollari qilib belgilanadi va Moliya hamda Energetika vazirliklariga bu pulni topish vazifasi qo‘yiladi.

Ammo vazirliklar orasidagi muhokamalar¸ xususan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining 3 oktabr kuni bergan xulosasida (xulosa nusxasi Ozodlikda mavjud-tahr.) bildirilgan e’tirozlar ortidan Abdulla Aripov bu qaror ijrosini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Bu qaror ijrosi to‘xtatilishi ortidan Energetika vazirligi prezident yangi qarorining loyihasini tayyorlaydi.

2019 yil dekabriga kelib Energetika vazirligi ASKUG loyihasi narxini 644 mln. dollarga chiqaradi.
2019 yil dekabriga kelib Energetika vazirligi ASKUG loyihasi narxini 644 mln. dollarga chiqaradi.

Bu loyiha prezidentning 2017 yilgi 3384-qarorini uning o‘zi orqali bekor qilish¸ gaz hisoblagichlar ishlab chiqarishni nemis kompaniyasi o‘rniga Aripov o‘tkazgan 16 iyul kungi majlisda tanlangan "Texnopark" MChJga tendersiz berishni ko‘zda tutadi.

2019 yilning 24 dekabr kuni tegishli vazirlik va idoralarga Vazirlar Mahkamasidan yuborilgan "Shoshilinch" xatda "masalaning dolzarbligini inobatga olib" uni zudlik bilan ko‘rib chiqib¸ o‘z xulosasini berish so‘raladi.

Oradan to‘rt kun o‘tib - 28 dekabr kuni O‘zbekiston Iqtisodiyot va sanoat vazirligi o‘z yozma xulosasini beradi va unda loyiha qiymatining aynan 644 million dollarga teng ekani haqidagi texnik-iqtisodiy asos Vazirlar Mahkamasi tasdig‘idan o‘tishi lozimligini talab qiladi.

Iqtisodiyot vazirligi o‘z xulosasida 644 million dollarning qayerdan kelib chiqqanini asoslovchi texnik-moliyaviy hujjatlarning Vazirlar Mahkamasi tasdig‘idan o‘tkazilishini so‘raydi.
Iqtisodiyot vazirligi o‘z xulosasida 644 million dollarning qayerdan kelib chiqqanini asoslovchi texnik-moliyaviy hujjatlarning Vazirlar Mahkamasi tasdig‘idan o‘tkazilishini so‘raydi.

26 dekabr kuni o‘z xulosasini bergan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi esa¸ bu loyiha ijrochisining "Davlat xaridlari to‘g‘risida" va "Raqobat to‘g‘risida"gi qonunlardan kelib chiqqan holda¸ tender savdolari orqali aniqlashni taklif qiladi. Ayni paytda¸ loyihaning texnik-iqtisodiy asosiga aniqlik kiritilishini so‘raydi.

Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining 2019 yil 26 dekabr kungi rasmiy xatida ASKUG loyihasi bo‘yicha tender o‘tkazish so‘raladi.
Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasining 2019 yil 26 dekabr kungi rasmiy xatida ASKUG loyihasi bo‘yicha tender o‘tkazish so‘raladi.

Bu jiddiy e’tirozlardan so‘ng Energetika vazirligi va Vazirlar Mahkamasi prezident qarori loyihasini to‘xtatishga majbur bo‘ladi.

Buning o‘rniga 2019 yilning 31 dekabrida rasmiylashtirilgan 1062-sonli yangi qarori bilan Abdulla Aripov “O‘ztransgaz” o‘rnida tuzilgan “Hududgazta’minot” AJga zamonaviy gaz hisoblagichlar bo‘yicha davlat buyurtmasi ijrochisini tanlov-tender orqali aniqlashni topshiradi.

Bosh vazir Aripov 2019 yilning 31 dekabrida imzolagan 1062-sonli qaror nusxasi.
Bosh vazir Aripov 2019 yilning 31 dekabrida imzolagan 1062-sonli qaror nusxasi.

Tender?

Bu qarordan bir yarim oy o‘tib¸ “Hududgazta’minot” AJ 2020 yilning 17 fevralidan 18 martiga qadar “ASKUG loyihasi uchun uskuna va dasturiy ta’minot sotib olish bo‘yicha tender” e’lon qiladi.

(Bu tender va unga doir barcha hujjatlarning davlat tili emas¸ faqat rus tilida ekani alohida e’tiborga molik-tahr.)

Tenderga qo‘yilgan davlat buyurtmasi qiymati - 5 288 479 635 853 so‘m (2020 yil fevral oyidagi MB rasmiy kursi bo‘yicha 555 million AQSh dollari-tahr.) deb baholanadi. Loyiha qiymatining bir yarim oy ichida 644 million dollardan 555 millionga tushirilganiga hech qanday izoh berilmaydi.

Buyurtmachi talabi – 2020 yilning 1 iyulidan 2022 yilgacha 3 546 148 dona aqlli gaz hisoblagich ishlab chiqarish¸ uning dasturiy ta’minotini yaratish va iste’molchilarga o‘rnatib berish.

ASKUG loyihasi bo‘yicha tender e’loni.
ASKUG loyihasi bo‘yicha tender e’loni.

Rasmiy saytda bu e’lonning aynan qaysi kuni qo‘yilgani aniq emas.

E’londa avtomatlashtirilgan gaz hisoblagich ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar 17 fevralidan 18 martiga qadar bu tenderda qatnashish uchun hujjat topshirishga taklif etiladi.

19 may kuni "Hududgazta’minot" saytidan g‘oyib bo‘lgan mazkur e’longa tenderga oid hujjatlar va xaridga qo‘yiladigan texnik talablar ro‘yxati rus tilida ilova qilinadi.

Bu hujjatlarning “Tender qatnashchilari” deb nomlangan 3-moddasining birinchi bobida tenderda mulkchilik shaklidan qat’i nazar O‘zbekiston rezidenti bo‘lgan istalgan yuridik shaxslar qatnashadi¸ deyilgan.

Tender davomida uning "hujjatlariga o‘zgartish kiritilishi" iddaosi bilan bu jarayon avval belgilangan bir oy o‘rniga 40 kunga cho‘ziladi va tenderga hujjat qabul qilish 28 mart kuni yopiladi.

Tenderga yaqin mulozimlarning Ozodlikka aytishicha¸ ariza topshirgan shirkatlardan faqat uchtasi – “GAZ METER”¸ “TEXNOPARK” va “PERFECT PLAST PROFIL” MChJlari tender komissiyasi talablariga javob beruvchi deb topilib¸ loyihaga da’vogar sifatida ro‘yxatga olinadi.

Ammo tender boshlangandan so‘ng¸ 2018 yildan beri eng so‘nggi texnologiya asosidagi ultratovushli gaz hisoblagich ishlab chiqarib kelayotgan "GAZ METER" "regulyator va yashik" ishlab chiqarmaydi¸ tanlov komissiyasi xulosasi bilan raqiblaridan kam ball to‘pladi¸ degan asosda tanlovning so‘nggi bosqichiga qo‘yilmaydi.

Tender komissiyasi qaror qiladi.....

Ozodlik ixtiyoridagi hujjat nusxasiga ko‘ra¸ 9 kishilik idoralararo tender komissiyasiga “Hududgazta’minot” AJ boshqaruvi raisi o‘rinbosari Alisher Turdiboyev raislik qilgan.

Asosan¸ "Hududgazta’minot" va Energetika vazirligi rasmiylaridan iborat komissiyaning 3 aprel kungi yig‘ilishi protokoliga ko‘ra¸ unda ASKUG loyihasi bo‘yicha tender g‘oliblari e’lon qilinadi.

555 million dollarlik davlat buyurtmasi bo‘yicha o‘tkazilgan tender komissiyasi tarkibi
555 million dollarlik davlat buyurtmasi bo‘yicha o‘tkazilgan tender komissiyasi tarkibi

Majlis qarorida yozilishicha¸ qatnashchilar taklif qilgan narxlardan kelib chiqqan holda (bu narxlar hujjatda ochiqlanmagan -tahr.)¸ tender g‘olibi deb “TEXNOPARK” MChJ tanlangan.

Tender komissiyasi xulosasi
Tender komissiyasi xulosasi

Komissiya¸ “PERFECT PLAST PROFIL” MChJni tenderning rezervdagi g‘olibi deb topadi. Bu esa¸ “TEXNOPARK” MChJ davlat buyurmasini shartnomada ko‘rsatilgan muddat yoki miqdorda ijro eta olmasa¸ loyiha ijrosi boshqa tender o‘tkazilmasdan¸ “PERFECT PLAST PROFIL” MChJga beriladi¸ deganidir.

Yarim milliard dollardan qimmat loyihani qo‘lga kiritgan “g‘olib” kim?

2022 yilga qadar O‘zbekistonda mavjud jami gaz hisoblagichlarni yangisiga almashtirishga qaratilgan ASKUG loyihasini “ochiq tender”da yutib olgan “TEXNOPARK” MChJ ta’sischisi Toshkent shahar hokimligidir.

Texnopark MChJga oid registratsiya hujjati.
Texnopark MChJga oid registratsiya hujjati.

Rasmiy registratsiya hujjatlariga ko‘ra¸ bu MChJ 2019 yilning 10 iyunida davlat xizmatlari markazida ro‘yxatga olingan.

Ustav jamg‘armasi 10 165 133 800 so‘m (joriy kurs bo‘yicha 1 million AQSh dollari -tahr.) deb ko‘rsatilgan “TEXNOPARK” MChJning faoliyat turi sifatida “maishiy texnika ishlab chiqarish” deb¸ rahbari sifatida esa Ahadov Sarvar Saidjahonovich yozilgan.

Davlat mablag‘i evaziga ta’sis qilingan mazkur MChJ rahbari Sarvar Ahadov bungacha Jahongir Ortiqxo‘jayev egalik qilgan xususiy shirkatlar¸ xususan¸ «DREAM PRODUCTION» MChJga direktorlik qilgan.

Sarvar Ahadov Jahongir Ortiqxo‘jayevning Dream Production shirkati direktori bo‘lgan.
Sarvar Ahadov Jahongir Ortiqxo‘jayevning Dream Production shirkati direktori bo‘lgan.

“TEXNOPARK” MChJ gaz hisoblagichlar davlat xaridi bo‘yicha tender boshlangunga qadar O‘zbekistonda gaz hisoblagichlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar davlat reestrida bo‘lmagan.

Tender g‘olibi bo‘lgan ikkala kompaniya ham mahalliy gaz hisoblagich ijlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatida tender e’lon qilinganidan keyin kiritilgan.
Tender g‘olibi bo‘lgan ikkala kompaniya ham mahalliy gaz hisoblagich ijlab chiqaruvchilar davlat ro‘yxatida tender e’lon qilinganidan keyin kiritilgan.

Korxona faqat 2020 yilning 26 fevralida¸ “Hududgazta’minot” 3¸5 milliondan oshiq gaz hisoblagich savdosi uchun davlat tenderini e’lon qilganidan 8 kun o‘tib¸ mahalliy gaz hisoblagichlar davlat reestriga kiritilgan.

“TEXNOPARK” MChJ davlatga sotadigan gaz hisoblagichlar egasi kim?

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning 1 may kuni Toshkentdagi sobiq TAPOiCh zavodi hududida Texnopark tuzish haqidagi qarorga qo‘l qo‘ygan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra¸ import o‘rnini bosadigan 56 turdagi ommabop iste’mol tovarlari ishlab chiqilishi aytilgan Texnopark loyihasining qiymati 50 milliard so‘m va buning 50 foizini davlat qoplaydi.

2019 yilning 28 iyun kuni Mirziyoyevning Texnoparkni borib ko‘rgani haqda xabar qilgan prezident matbuot xizmati¸ mazkur hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ro‘yxatini bergan va unda aqlli gaz hisoblagichlar tilga olinmagan edi.

Texnopark.uz saytidagi ochiq ma’lumotga ko‘ra¸ MChJ 2020 yilning fevral oyidan boshlab Yashnoboddagi Texnopark hududida «Ōsten» brendi bilan “aqlli maishiy gaz hisoblagichlar” ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan ((qiymati 555 million dollarlik davlat buyurtmasi bo‘yicha tender ham aynan 2020 yilning 17 fevralida e’lon qilindi – tahr.).

Texnopark MChJ saytida Osten brendidagi gaz hisoblagichlarning 2020 yil fevral oyida (kuni aytilmagan) boshlangani yozilgan.
Texnopark MChJ saytida Osten brendidagi gaz hisoblagichlarning 2020 yil fevral oyida (kuni aytilmagan) boshlangani yozilgan.

Rasmiy saytda yozilishicha¸ Italiyaning "Petro Fiorentini", "Euro Impiantini" va Germaniyaning "Motan" kompaniyalari o‘rnatib bergan 50 million dollarlik texnologiya asosida “TEXNOPARK” MChJ yiliga 3 million dona gaz hisoblagich ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Saytda 50 million dollarlik investitsiyani aynan kim kiritgani ochiqlanmagan.

2020 yilning 28 fevral kuni - gaz hisoblagichlar bo‘yicha davlat buyurtmasi uchun tanlov borayotgan bir paytda prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamrohligida "TEXNOPARK" MChJ ishlab chiqarayotgan gaz hisoblagichlar bilan tanishadi.

Shavkat Mirziyoyevga "TEXNOPARK" MChJ ishlab chiqarishni endigina boshlagan gaz hisoblagichlar ko‘z-ko‘z qilinmoqda.
Shavkat Mirziyoyevga "TEXNOPARK" MChJ ishlab chiqarishni endigina boshlagan gaz hisoblagichlar ko‘z-ko‘z qilinmoqda.

Prezidentga bu hisoblagichlarning qanchalik "aqlli" ekani namoyish qilinadi¸ davlat telekanali namoyish qilgan maxsus videoreportaj va suratlardan uning bu mahsulotdan xursand bo‘lgani ko‘riladi.

"O‘zbekiston 24" telekanali Mirziyoyevning 2020 yil 28 fevral kuni Texnopark hududiga qilgan tashrifi haqidagi reportajida "Texnopark" MChJning aynan 28 fevral kuni (tender 17 fevralda boshlangan -tahr.) aqlli gaz hisobagichlar ishlab chiqarishni boshlaganini aytadi.

"Bugungi kunda mamlakatimizda 3,5 million dona elektron gaz hisoblagichga ehtiyoj mavjud. Korxona ushbu ehtiyojni bir yilda qoplab, kelgusi yildan 7,7 million dollarlik mahsulotni eksport qilish quvvatiga ega. Buning uchun korxona hamkori Italiyaning “Petro Fiorentini” kompaniyasi bilan tegishli shartnoma tuzilgan"¸ deb reklama qildi bu MChJ faoliyatini o‘sha kungi xabarida prezident matbuot xizmati.

"Texnopark" ishlab chiqarayotgan gaz hisoblagichlar Osten brendiga oid.
"Texnopark" ishlab chiqarayotgan gaz hisoblagichlar Osten brendiga oid.

Ozodlik gaplashgan Toshkent mulozimlari iddaosicha¸ ana shu taqdimot jarayonida "davlatga kerak 3¸5 million dona gaz hisoblagichning aynan "TEXNOPARK" MChJdan sotib olinishi uchun Shavkat Mirziyoyevdan tasdiq olingan.

«Ōsten» brendi egasi – Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev

555 million dollarlik davlat xaridini qo‘lga kiritgan “TEXNOPARK” MChJ davlat buyurtmachisiga sotadigan aqlli gaz hisoblagichlar «Ōsten» brend nomi bilan chiqariladi.

Osten brendi egasi J-United Group.
Osten brendi egasi J-United Group.

Bu brendning 100 foiz egasi J-United Group. J-United Group holdingining 100 foizlik egasi esa¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevdir.

J-United Groupning 100 foizlik egasi Jahongir Ortiqxo‘jayevdir.
J-United Groupning 100 foizlik egasi Jahongir Ortiqxo‘jayevdir.

"Sodda qilib tushuntirsam¸ go‘yo "TEXNOPARK" MChJ hokimniki emas¸ balki hokimlikniki. Lekin hokimlik egasi bo‘lgan shirkat hokim egalik qiladigan brendda gaz hisoblagich ishlab chiqaradi va brend egasi sifatida Ortiqxo‘jayev pul qiladi"¸ dedi tender tafsilotidan bevosita xabardor Toshkent mulozimi.

Ozodlik hozircha brend egasi Jahongir Ortiqxo‘jayevning loyiha ijrochisi bo‘lgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev (ya’ni o‘zidan - tahr.) dan qancha haq olishiga oid moliyaviy hujjatlarga ega emas - bu hokim Ortiqxo‘jayev bilan tadbirkor Ortiqxo‘jayev o‘rtasidagi "tijoriy sir".

Ortiqxo‘jayev biznes strukturasining tarkibiy qismi ko‘rilgan “PERFECT PLAST PROFIL” - zahiradagi g‘olib

3 aprel¸ O‘zbekistonda karantin tufayli kiritilgan keskin cheklovlar amalda qolayotgan bir paytda majlis o‘tkazgan idoralararo tender komissiyasi 555 million dollarlik davlat buyurtmasini qo‘lga kiritgan g‘olib barobarida “rezervdagi g‘olib”ni ham e’lon qiladi.

Komissiya qarori bilan g‘olib majburiyatini bajara olmagan taqdirda loyiha ijrosi avtomatik suratda “PERFECT PLAST PROFIL” MChJga o‘tadi.

Ozodlik tanishgan ochiq manbalardagi hujjatlarga ko‘ra¸ “PERFECT PLAST PROFIL” 2015 yil avgustida MChJ sifatida ro‘yxatga olingan. Faoliyat turi haqida berilgan ma’lumotda MChJning “aqlli gaz hisoblagichlar” ishlab chiqarishi haqida biror ma’lumot yo‘q.

Perfect Plast Profile MChJ registratsiya hujjati nusxasi.
Perfect Plast Profile MChJ registratsiya hujjati nusxasi.

Ustav fondi 130 871 737 600 so‘m (joriy kurs bilan qariyb 13 million AQSh dollariga teng) qilib ko‘rsatilgan “PERFECT PLAST PROFIL” MChJning yagona mulkdori¸ registratsiya qog‘ozida¸ G‘aniyev Abror Axralovich.

Abror G‘aniyev Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli bir necha offshor kompaniyalarda aksioner sifatida qayd etilgan.
Abror G‘aniyev Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli bir necha offshor kompaniyalarda aksioner sifatida qayd etilgan.

Abror G‘aniyev – Jahongir Ortiqxo‘jayev biznes imperiyasni birlashtiruvchi Akfa kompaniyalar guruhi direktorlar kengashining joriy raisi.

Kriminologiya bo‘yicha britaniyalik professor Kristian Lasslett o‘tkazgan surishtiruv davomida G‘aniyevning Ortiqxo‘jayevga qarashli bir necha shirkat hujjatlarida nomi borligi aniqlangan edi.

Abror G‘aniyev va PERFECT PLAST PROFIL MChJsi Jahongir Ortiqxo‘jayev biznes imperiyasining tarkibiy qismidir.
Abror G‘aniyev va PERFECT PLAST PROFIL MChJsi Jahongir Ortiqxo‘jayev biznes imperiyasining tarkibiy qismidir.

"Discover Invest” shirkatining asosiy paket aksiyalari egasi 2019 yilning fevral-mart oyidagi hujjatlarda Abror G‘aniyev edi. Discover Invest bilan J-United Group registratsiya hujjatlaridagi manzil aynidir. J-United Group esa Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 100 foiz egasi bo‘lgan holding hisoblanadi. Bevosita "Perfect Plast Profil" MChJga kelsak¸ o‘tgan yili bu shirkat 100 foiz aksiyalarining egasi Shotlandiyada ro‘yxatga olingan Esperansa Group LP edi. Bu shirkat esa¸ Artel-Akfa holdingi tarkibiga kiruvchi o‘nlab offshor kompaniyalardan biri. Esperansa Jahongir Ortiqxo‘jayevga qarashli yana bir shirkat - Wide Tent System aksiyalari egasi hamdir”¸ dedi 13 may kuni Ozodlik bilan suhbatda Kristian Lasslett.

Perfect Plast Profil tendergacha xorij korxonasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan¸ uning asosiy mulkdori deb Shotlandiyada registratsiya qilingan Esperansa Group ko‘rsatilgan.
Perfect Plast Profil tendergacha xorij korxonasi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan¸ uning asosiy mulkdori deb Shotlandiyada registratsiya qilingan Esperansa Group ko‘rsatilgan.

Lasslettning urg‘ulashicha¸ hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan keyingi manfaatlar to‘qnashuvi va korrupsiyani yoritayotgan G‘arb jurnalistlari diqqatiga tushganidan so‘ng¸ Ortiqxo‘jayev o‘zi egalik qilib kelgan shirkatlardagi aksiyalarni aynan Abror G‘aniyev nomiga o‘tkazishga kirishgan.

- Akfa/Artel strukturasiga o‘nlab mahalliy va asosan offshor shirkatlar kiradi. Keyingi oylar¸ xususan¸ 2020 yilning may oyida Ortiqxo‘jayev bu shirkatlar egaligini mahalliy "ishonchli vakillar"ga topshirishni kuchaytirdi. Bu jarayonda Abror G‘aniyev uning "asosiy vakili"ga aylandi¸ deydi Lasslett.

555 million dollarlik tenderning rezervdagi g‘olibi deb topilgan “PERFECT PLAST PROFIL MChJ mahalliy gaz hisoblagichlar davlat reestriga 2020 yilning 27 mart kuni – gaz hisoblagichlar uchun davlat buyurtmasi bo‘yicha uzaytirilgan tenderning oxirgi kuni kiritilgan.

PERFECT PLAST PROFIL gaz hisoblagich ishlab chiqaruvchilar davlat reestriga tender uchun berilgan birinchi muhlat tugaganidan so‘ng kiritilgan.
PERFECT PLAST PROFIL gaz hisoblagich ishlab chiqaruvchilar davlat reestriga tender uchun berilgan birinchi muhlat tugaganidan so‘ng kiritilgan.

Birorta gaz hisoblagich ishlab chiqarmagan bu MChJning qanday qilib tender hujjatlarida “gaz hisoblagich ishlab chiqarish tajribasi” talab qilingan tanlovga qo‘yilgani ochiq savoldir.

Javobsiz qolgan savollar

Ozodlik o‘z jurnalistik surishtiruvi davomida tug‘ilgan savollarga javob olish uchun bir necha kun davomida Energetika vazirligi¸ xususan¸ “Hududgazta’minot” AJning gaz hisoblagichlar loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan tender mutasaddilari bilan bog‘landi.

13 may kuni “Hududgazta’minot” AJning tender uchun taqdim etilgan raqamiga javob bergan mulozim “Ya po takim voprosam po telefonu intervyu ne dayu” deb¸ go‘shakni sharaqlatib ilib qo‘ydi.

15 may kuni Ozodlik tanlov komissiyasi raisi o‘rinbosari¸ "Hududta’minotgaz" AJning ASKUG direksiyasi rahbari Shahnoza Islamova bilan bog‘landi va unga tender bilan bog‘liq jiddiy savol va e’tirozlar borligini bildirdi.

Bu e’tirozlarga rasman munosabat bildirish imkoni taklif etilganida Shahnoza Islamova¸ "judayam bandligi"ni aytib¸ telefonini o‘chirib qo‘ydi va bir necha kun davomida qilingan boshqa qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Ozodlik 15 may kuni ASKUG loyihasining "TEXNOPARK" MChJga 2019 yil 16 iyul kuni tendersiz berilishiga o‘z e’tirozini bildirgan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi maslahatchisi¸ axborot xizmati rahbari Manzura Hasanova bilan bog‘landi.

Bu loyihaning tendersiz taqdim etilgani bo‘yicha qo‘mita o‘z vaqtida xulosasini berganini ta’kidlagan Hasanova¸ tender jarayonidan bexabarligini bildirdi.

- Agar sizda bu tanlov bo‘yicha tuzilgan idoralararo tanlov komissiyasi ro‘yxati bo‘lsa¸ qarashingiz mumkin. Biz bu komissiyada yo‘qmiz (chindan ham yo‘q - tahr.). Qonunchilikdan kelib chiqib¸ bu jarayonni tendergacha olib keldik. Tanlov jarayoni bilan bog‘liq barcha savollaringizga uni uyushtirgan davlat buyurtmachisi - "Hududgazta’minot" AJ javob berishi kerak. Bizga tanlovda qatnashganlardan hozircha rasman shikoyat bo‘lmadi. Bo‘lsa¸ biz¸ albatta¸ o‘rganamiz¸ dedi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi maslahatchisi¸ matbuot xizmati rahbari Manzura Hasanova.

Tender bo‘yicha tanlov komissiyasi rahbaridan olinmagan javoblarga munosabat olish uchun Ozodlik 14 may kuni "Hududta’minotgaz" AJ matbuot xizmati rahbari Mehribon Mamedova bilan bog‘landi.

Ozodlik muxbirining tender bo‘yicha o‘tkazilgan jurnalistik surishtiruv davomida tug‘ilgan savollarga javob berish so‘roviga Mamedova "biz O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tmaganlar bilan gaplashmaymiz"¸ degan gapni kamida besh marta takrorladi va go‘shakni ilib qo‘ydi.

18 may kuni Ozodlik "Texnopark" MChJning gaz hisoblagichlar ishlab chiqarish bo‘yicha direktori o‘rinbosari Umid Omonovich Sayidov telefoniga qo‘ng‘iroq qildi.

O‘zini Sayidov yordamchisi Zuhriddin deb tanishtirgan shaxs¸ gaz hisoblagichlar ishlab chiqarishning fevral oyida (tender ochilgan oy -tahr.) boshlanganini tasdiqladi.

Ozodlik muxbirining "fevral oyida ishlab chiqarishni boshlagan korxonaning bu qadar qimmat va ko‘p sonli davlat buyurtmasini qanday yutgani"ga oid savolini eshitgan "Texnopark" vakili¸ bunday savol bilan boshliqlarga murojaat qilishni tavsiya etdi.

MChJ vakili Ozodlikning telefon va Telegram raqamlarini ehtimoliy javob uchun yozib oldi¸ ammo ulardan hozirgacha savolga javob biror shaklda kelgani yo‘q.

18 may kuni Ozodlik "Perfect Plast Profil" MChJning aqlli gaz hisoblagichlar ishlab chiqarish "tajribasi"ni o‘rganish maqsadida¸ bu MChJ registratsiya hujjatida keltirilgan mobil telefonga qo‘ng‘iroq qildi.

Qo‘ng‘iroqqa javob bergan ayol¸ o‘zining bu MChJdan ikki oy avval ishdan ketgan sobiq hisobchi ekanini aytdi va korxonaning gaz hisoblagich ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmasligini bildirdi.

O‘zbekiston va uning tashqarisida "lyubaya biznes xorosha" (har qanday biznes yaxshi) iborasi bilan tanilgan Ortiqxo‘jayev¸ hozirga qadar o‘z biznes imperiyasiga oid mustaqil jurnalistik surishtiruvlarda tug‘ilgan savollarga javob bergan emas.

Ozodlikning bundan oldingi murojaatiga shaxsan Ortiqxo‘jayev¸ "O‘zbekistonda Ozodlik bilan gaplashish taqiqlangan"¸ deya javob qilgan.

Тошкент шаҳар ҳокими Жаҳонгир Ортиқхўжаевнинг 2019 йил 16 ноябрь куни Озодлик сўровига қилган жавоби
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:38 0:00
Бевосита линк


Korrupsion sxema? Ozodlik surishtiruvi uchun mutaxassislar sharhi

O‘zbekiston Energetika vazirligining xavfsizligiga tahlika bois shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi Ozodlik surishtiruvi davomida taqdim etilgan maxfiy hujjatlar¸ qolaversa¸ ochiq manbalardagi ma’lumotlar davlat¸ demakki soliq to‘lovchi mablag‘i evaziga amalga oshiriladigan ASKUG - tabiiĭ gaz nazoratini avtomatlashtirish tizimi loyihasining qator qonunlarni buzish orqali amalga oshirilayotganini ko‘rsatishini ta’kidladi.

"Bu jarayon prezidentning 2017 yilgi qaroriga mutlaq zid. Kuchda qolayotgan bu qarorni Bosh vazir bekor qilgan bo‘lib chiqyapti¸ bu esa noqonuniydir. Prezident qarorida Germaniyaning Elster kompaniyasidan sotib olinsin¸ deyilgan. Hozirgacha bekor qilinmagan prezident qarori nega ijro etilmadi - bunga javob yo‘q.

Fakt va hujjatlar bu loyihaning avval boshdan hokimiyatda o‘tirgan muayyan shaxs va guruhlar manfaati uchun maxsus ishlab chiqilganini taxmin qilishga jiddiy asos beradi.

Avvaliga Bosh vazir bu loyihani 2019 yil iyulida bir oy oldin ro‘yxatga olingan "Texnopark" MChJga tendersiz bergan bo‘lsa¸ oradan 10 oycha o‘tib¸ go‘yoki tender o‘tkazildi¸ ammo alal oqibat buyurtma baribir shu shirkatga berildi. Bu MChJning tanlovga da’vogar sifatida qo‘yilishining o‘ziyoq ham “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun¸ ham tender hujjatlarini mutlaqo buzishdir”¸ dedi Energetika vazirligining ASKUG loyihasi tafsilotlaridan bevosita xabardor mulozimi.

ASKUG loyihasi ijrosi jarayoniga aloqador ikki mulozim bir-biridan mustaqil tarzda¸ quyidagi jihatlarning davlat xaridlari bo‘yicha tender o‘tkazish talablariga zid ekanini ta’kidladi.

1.Hujjatlarda “tender komissiyasining sifat bo‘yicha talablariga javob berish uchun qatnashchining gaz hisoblagich va dasturiy ta’minot ishlab chiqarish bo‘yicha “tajribaga ega bo‘lishi” alohida qayd etilgan. Tajriba deganda ishlab chiqarish tajribasi ko‘zda tutiladi va bu xalqaro standartlarga ko‘ra eng kamida 3 yoki 5 yillik malakani nazarda tutadi.

ASKUG loyihasi bo‘yicha tender hujjatlarida "qatnashchining ishlab chiqarish tajribasiga ega bo‘lishi" talab qilingan.
ASKUG loyihasi bo‘yicha tender hujjatlarida "qatnashchining ishlab chiqarish tajribasiga ega bo‘lishi" talab qilingan.

Tender g‘olibi ham¸ rezervdagi g‘olib ham tanlov ochilgan davrga qadar birorta gaz hisoblagich ishlab chiqarmagan. Ular gaz hisoblagichlar davlat reyestriga tender tugashi arafasida kiritilgan. Ular chiqargan mahsulot amaliyotda sinalmagan. 2017-2019 yillarda o‘tkazilgan sinov jarayonida o‘zini yaxshi ko‘rsatgan xorijiy va mahalliy gaz hisoblagichlar qolib¸ 555 million dollarlik loyiha - 3¸5 milliondan oshiq hisoblagichni ishlab chiqarish amalda mutlaq tajribasi bo‘lmagan MChJlarga berildi.

Energetika vazirligining 2020 yil 19 fevral kuni e’lon qilgan xabarida¸ ASKUG loyihasi bo‘yicha sinovlarda Osten brendi hisoblagichlarining qatnashgani haqida ma’lumot yo‘q.
Energetika vazirligining 2020 yil 19 fevral kuni e’lon qilgan xabarida¸ ASKUG loyihasi bo‘yicha sinovlarda Osten brendi hisoblagichlarining qatnashgani haqida ma’lumot yo‘q.

Gaz hisoblagich bu portlash xavfi baland uskuna - uzoq muddatli sinovdan o‘tmagan Osten hisoblagichlarning hali kafolat muddati tugamay turib buzilmasligi¸ yoki portlab ketmasligiga ​hech qanday kafolat yo‘q. Bu esa¸ millionlab o‘zbekistonliklar hayotiga bevosita tahdid deganidir.

2. Tenderga oid talablarda “bir qatnashchining bu tenderda yo alohida qatnashchi sifatida¸ yoki qo‘shma korxonaning sherigi sifatida faqat bitta taklif bilan qatnashishi belgilab qo‘yilgan.

Qatnashchilardan birortasi alohida yoki qo‘shma korxona sherigi sifatida taklif kiritgan bo‘lsa¸ loyihada subta’minotchi bo‘la olmaydi”¸ deb yozilgan tender shartlariga oid hujjatda.

Tanlov komissiyasi g‘olib deb e’lon qilgan ikkala MChJ ham bevosita Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador. “TEXNOPARK” MChJ ta’sischisi Toshkent shahar hokimligi¸ buni bemalol Toshkent shahar hokimi deb o‘qishingiz mumkin. Bu MChJ ishlab chiqaradigan Osten brendi egasi¸ hujjatlar tasdiqlab turganidek¸ yana Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Tanlovning rezervdagi g‘olibi “PREFECT PLAST PROFIL” MChJning xususiy mulkdori hujjatlarga qaralsa¸ Ortiqxo‘jayev egasi bo‘lgan holding bo‘lib chiqyapti. Ikkala g‘olib ham Ortiqxo‘jaevning xususiy shirkatlari¸ ikkalasi ham bir xil - Osten brendidagi hisoblagich chiqaradi. Bu esa¸ qonun va tender hujjatlaridagi bir qatnashchining qaysi shaklda bo‘lishidan qat’i nazar bir martadan ortiq taklif bera olmasligi haqidagi talabni buzish demakdir.

3. Tender muddati¸ ko‘rinib turganidek¸ g‘olibligi boshlanmay turib aniq bo‘lgan ikki MChJning ayrim zaruriy hujjatlarini tartibga solishi uchun uzaytirilgan¸ tender shartlari ham ular manfaatini ko‘zlab tuzilgan. Uzaytirilgan muddat O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi bois karantin choralari joriy etilgan davr (16 martdan cheklovlar kiritildi-tahr.)ga to‘g‘ri kelgani bois¸ tenderda qatnashishga qiziqqan shirkatlar bundan bexabar qoldi. Odamlarga uydan chiqish¸ hukumat idoralariga ham masofaviy ishga o‘tish buyurilgan 3 aprel kuni tanlov komissiyasi imi-jimida qaror chiqarib¸ g‘oliblarni aniqladi. Bu haqda ikki oycha vaqt o‘tib ham jamoatchilikka biror ma’lumot berilmadi. Bu ham karantin qoidalari¸ ham tenderlarning shaffof o‘tkazilishi belgilangan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga ziddir.

4. Tenderga nima uchun xorijiy shirkatlar¸ deylik¸ prezident qarorida nomi keltirilgan nemis shirkati yaqinlashtirilmadi? Bu kabi katta pullik loyihadagi korrupsiya¸ so‘raladigan otkat va dolyalarga¸ Gulnora Karimovaning telekom shirkatlaridan olgan pora mojarosidan keyin G‘arb shirkatlarining rozi bo‘lmasligi aniq. Ishlab chiqarish uskunalari bozori kichik va xalqaro reytingda past bo‘lgan Italiya shirkatidan 50 million dollarga sotib olingan. Bu uskunalarning asl narxini kimdir tekshirib ko‘rganmi? Bu savolga yirik iqtisodiy jinoyatlarni o‘rganadigan Bosh prokuratura va DXX mutaxassislari javob topishi kerak.

5. Hukumat qaroriga ko‘ra¸ “Hududgazta’minot” xorij banklari va hukumatlaridan davlat garanti asosida yuzlab million dollar qarz olib¸ uni ijrochi – “TEXNOPARK” MChJga oldindan pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘laydi. Ya’ni Jahongir Ortiqxo‘jayev deyarli mablag‘ sarflamay¸ ishlab chiqarishni amalga oshiradi. Bu xarajat¸ oxir-oqibat oddiy aholi zimmasiga tushadi. Yarim milliarddan oshiq bu mablag‘ iste’mol qilinadigan har kubometr gaz ustiga qo‘shiladigan nadbavka orqali undirib olinadi. Xalq bu qarzni uzmay turib¸ bu gaz hisoblagichlarni yana almashtirish zarurati tug‘ilmasligiga esa mutlaq kafolat yo‘q. Ertaga¸ uzoq muddati sinovdan o‘tmagan va asosan Xitoydan olib kelingan butlovchi qismlardan tayyorlanayotgan bu hisoblagichlar bilan bog‘liq falokatlar ro‘y bersa¸ kim javob beradi¸tovonini kim to‘laydi? Sardoba fojiasidan keyin xalq puliga qilinadigan bunday loyihaga oid barcha tafsilot jamoatchilikka taqdim etilishi va jarayon¸ "Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi qonun talab qilgan kabi¸ shaffof bo‘lishi kerak.

6. So‘nggi¸ ammo eng asosiysi¸ aholining uchdan biri qashshoq bir mamlakat uchun gaz hisoblagichlarni avtomatlashtirish¸ buning uchun xorijdan yarim milliard dollardan ko‘proq qarz ko‘tarish shunchalik muhimmi¸ degan savoldir.

Bu qadar qimmat loyihalarda texnik-iqtisodiy asos bo‘lishi kerak. Shu loyiha amalga oshirilsa¸ davlatga nima foyda beradi¸ qancha resurs tejaladi¸ degan savollarga halol va aniq javob bo‘lishi shart. Shuncha mablag‘ sarflashning ham texnikaviy¸ ham moliyaviy asosi bo‘lishi kerak. O‘tgan yil bu loyiha narxini 400 million dollar deyishdi¸ keyin to‘satdan¸ 644 millionga chiqib¸ Iqtisodiyot vazirligi e’tirozidan so‘ng¸ negadir 555 millionda to‘xtatdi. Bu summa qayerdan olinganini ko‘rsatuvchi jiddiy hisob-kitob yo‘q haligacha. Texnik-moliyaviy asos yo‘q joyda tender o‘tkazishning o‘zi noto‘g‘ri. Loyiha uchun mablag‘ so‘ralganda banklar ham texnik-moliyaviy asosni ko‘rsatib berishni so‘raydi. Busiz¸ bir tiyin ham ajratilmasligi kerak. Hozirgacha bunday asos hech kimga ko‘rsatilgan emas. Lekin bular¸ albatta¸ yolg‘on ishlatib yozib chiqishi aniq. "Shu hisoblagichlarni nima qilib bo‘lsa ham qo‘yishimiz kerak¸ shunda faloncha pul mablag‘lari tejaladi"¸ deb yolg‘on tablitsa va diagrammalar tayyorlashadi odatdagiday.

Pandemiyadan keyin zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan xalq esa¸ siyosiy hokimiyatga chatishgan monopol guruhlarning yanada boyishi uchun uyiga keladigan gaz ko‘payishiga hissa qo‘shmaydigan arzon va sifatsiz hisoblagichlar tovonini yillar davomida to‘lashga majbur bo‘ladi.

XS
SM
MD
LG