Jahon bo‘ylab karantin choralari bosqichma-bosqich bekor qilinar ekan, testlar ko‘lamini kengaytirish bilan bir qatorda virusga chalinganlarning kim bilan muloqot qilganini aniqlash koronavirusning qayta tarqalishi oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.
Virusga chalinganlarning kim bilan bevosita aloqada bo‘lganini aniqlashni ko‘zlovchi «kontakt testlari» OITV, Ebola va qizamiq kabi yuqumli kasalliklarga qarshi kurashda bir necha o‘n yildan beri muhim rol o‘ynab keladi.
1970 yillarda bir paytlar eng dahshatli kasalliklardan biri bo‘lgan chechakni yo‘q qilish maqsadida kasallikni yuqtirgan barcha shaxs aniqlangan, izolyatsiya qilingan, yaqinlari esa kasallikka qarshi emlangan edi.
Ammo koronavirus o‘ta tez suratda tarqalayotgani uchun bemorlarning kim bilan bevosita aloqada bo‘lganini aniqlashda ular bilan savol-javob qilish kabi an’anaviy kuzatish uslublari samarasiz bo‘lib qoldi.
Keyingi haftalarda AQShning 44 shtatida virusga chalinganlarning kim bilan aloqada bo‘lganini telefon orqali aniqlash uchun o‘n minglab odam jalb qilindi.
Ayni paytda¸ sog‘liqni saqlash mutaxassislari bu vazifani uddalash uchun o‘n minglab odam ham yetmasligini aytmoqda.
Ayrim hukumatlar kasallik tarqalish trayektoriyasini aniqlashning an’anaviy uslublariga qo‘shimcha ravishda mobil qurilma ilovalari hamda geolokatsiya ma’lumotlaridan foydalanishni rejalashtirmoqda. Bu texnologiyalar vositasida virusni yuqtirgan odam muloqotda yoki yaqin aloqada bo‘lgan shaxslarni ogohlantirish mumkin bo‘ladi.
Pandemiya boshlanganidan hozirga qadar o‘nlab shunday nazorat ilovalari yaratildi.
Aksar davlatlarda bunday kuzatish dasturlarida ishtirok etish majburiy emas va foydalanuvchilar ilovani o‘zlari ko‘chirib olishlari lozim.
Ayni paytda¸ nazorat ilovalari ulardan qancha ko‘p odam foydalansa shuncha yaxshi samara beradi. Bu esa aholining kundalik yurish-turishiga oid ma’lumotni ilova ishlab chiqqanlar yoki hukumat rasmiylar qo‘liga taqdim qilish demakdir.
Bunday usuldan foydalanish tanqidchilari avtomatlashtirilgan nazorat ilovalarining aksari shaffof emasligi¸ ularga ma’lumot to‘plash, saqlash va foydalanish bo‘yicha cheklovlar o‘rnatilmaganini aytmoqda.
Muxoliflar fikricha¸ ayrim ilovalar shaxsiy hayot daxlsizligini qo‘pol ravishda buzadi va bu o‘z navbatida oshiqcha davlat nazorati va shaxsiy xavfsizlik haqida xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.
Human Rights Watch (HRW) tashkiloti «Xitoy va Rossiya kabi shusiz ham shaxsiy hayotga oshig‘ich aralashadigan nazorat choralarini joriy qilgan hukumatlar qo‘lida bunday ilovalar diskriminatsiya va repressiyani yanada kuchaytirishi» haqida ogohlantirdi.
Qolaversa, global miqyosda bunday ilovalar bo‘yicha murosa yo‘qligi tufayli turli davlatlardan olingan ma’lumotlardan foydalanishda qiyinchiliklar yuzaga keldi.
Massachusets texnologiya institutining MIT Technology Review jurnali virus tarqalishini nazorat qiluvchi ilovalar haqida ma’lumot jamlangan ma’lumotlar bazasini yaratdi. Unga bugunga qadar 25 ta ilova kiritildi.
MIT Technology Review jurnalida yozilishicha, foydalanuvchi haqida geolokatsiya ma’lumotlarini to‘plovchi ilovalar shaxsiy hayot daxlsizligini qo‘pol buzadi.
Inson huquqlari faollari ham bunday ilovalar hukumatlar qo‘liga shaxsiy ma’lumotlar konini topshirayotgani haqida ogohlantirmoqda.
HRW tashkiloti tadqiqotchisi Debora Braun hukumatlar yo‘lga qo‘ygan geolokatsiya ilovalari «inson huquqlariga jiddiy tahdid solishini» ta’kidladi.
- Odamlardan shaxsiy hayot daxlsizligidan voz kechib, sinovdan o‘tmagan texnologiyalarga shaxsiy ma’lumotlarini yuborish so‘ralmoqda. Pandemiya tarqalishini cheklash hamda jamiyatni qayta ochish muhim maqsadlar, lekin ularga keng nazoratsiz ham erishish mumkin, — dedi Braun.
Xitoy, Eron va Rossiya kabi davlatlar bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Xitoyda ishlab chiqilgan tizim politsiyaga karantin qoidalarini buzganlarni aniqlash imkonini beradi. Tizim orqali, shuningdek, fuqarolarning ismi-sharifi, qayerdaligi, hatto onlayn to‘lovlari tarixi haqida ma’lumot to‘planmoqda.
Eron mart oyida koronavirusni «aniqlash»ni ko‘zlovchi AC19 ilovasini e’lon qilganidan keyin, ayrim foydalanuvchilar mamlakat hukumatini dastur yordamida fuqarolarning har biri harakati haqida ma’lumot to‘plashda aybladi.
Eronlik faollarga ko‘ra, mazkur ilova Eron razvedka xizmatlariga keyinchalik dasturni avtomatik tarzda yangilash paketi orqali foydalanuvchilar qurilmalariga virus va troyan o‘rnatish imkonini beradi.
Erondagi ilovani Telegram messenjeri klonlarini yaratishda hamda Eron razvedka agentliklari uchun foydalanuvchilar haqida ma’lumot to‘plashda ayblanib kelayotgan Smart Land Strategy shirkati yaratgani xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
Ilova ishlab chiqilganidan keyin, Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga yoppasiga SMS yuborib, ularni AC19 ilovasini o‘rnatishga chorladi.
Millionlab eronlik bu ko‘rsatmani bajardi. 9 mart kuni esa Google shirkati ilovani o‘zining Play Store saytidan olib tashladi. Avvalroq Smart Land Strategy yaratgan boshqa ilovalar ham platformadan o‘chirib tashlangan edi.
Freshfields-Bruckhaus-Deringer xalqaro huquqshunoslik shirkati xodimi Olga Chislova Rossiyada federal miqyosda mobil telefon tarmoqlari operatorlari va ularning GPS tizimlari yordamida ishlovchi tizim yo‘lga qo‘yilganini aytdi.
Chislovaning so‘zlariga ko‘ra, tizim orqali nafaqat koronavirus aniqlangan shaxs bilan aloqada bo‘lganlarga, balki tez yordam markazlariga ham xabar yuboriladi.
Moskvada uyda o‘tirish buyurilgan bemorlar esa o‘z telefonlariga «ijtimoiy kuzatish» ilovasini o‘rnatishlari shart.
Markaziy ma’lumot bazasiga ulangan ilova Rossiya hukumatiga foydalanuvchilar telefon qo‘ng‘iroqlari, qayerda ekanliklari, moslamalari kamerasi, xotirasi haqida ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Privacy International tashkiloti geolokatsiya haqida ma’lumot to‘playdigan ilovalardan hukumatlar osonlikcha g‘araz maqsadlarda foydalana olishi haqida ogohlantirdi. Tashkilot bu kabi «ijtimoiy nazorat qurollari» aholining hukumat va sog‘liqni saqlash rasmiylariga bo‘lgan ishonchini yemirishini qo‘shimcha qildi.