Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 08:37

"Andijon" va "Andijanka" futbolchilari besh oydan buyon maoshsiz qolmoqda (VIDEO)


“Andijon” jamoasi o‘tgan yili O‘zbekiston birinchi ligasidan super ligaga ko‘tarilgan edi.
“Andijon” jamoasi o‘tgan yili O‘zbekiston birinchi ligasidan super ligaga ko‘tarilgan edi.

Andijonning O‘zbekiston superligasida to‘p suradigan ikki yirik futbol jamoasi “Andijon” va "Andijanka" futbol klublari murabbiy va futbolchilari besh oydan buyon oyliksiz qolgan.

Har ikkala klubning Ozodlik gaplashgan a’zolariga ko‘ra, moliyaviy muammolar bois klub rahbariyati yanvar oyidan buyon oylik bera olmay qolgan.

Moliyaviy qiyinchiliklar sabab "Andijon"ning rossiyalik murabbiysi Aleksandr Xomyakov va ukrainalik darvozaboni Vitaliy Mirniylar klubni allaqachon tark etgan.

Klub rahbari Ma’ruf To‘raqulov​ 20 may kuni Ozodlik bilan suhbatda homiylardan mablag‘ tushumi to‘xtagani sabab klub og‘ir moliyaviy vaziyatda qolganini tasdiqladi.

Andijon viloyatining ayollar futboli bo‘yicha yuzi hisoblangan "Andijanka" futbol klubi ham inqiroz yoqasiga kelib qolgan.

Klubning Ozodlik bilan suhbatlashgan futbolchi qizlari oxirgi marta o‘tgan yilning dekabr oyida noyabr oyligini olganini aytdi.

Andijonning “Sog‘lom Avlod” o‘yingohi esa pul yo‘qligidan qarovsiz qolib, futbol maydonini qo‘ziqorin bosgan.

"Andijon" klubining ismi sir qolishini istagan futbolchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda o‘yinchilarning besh oydan buyon oylik olmayotganini aytdi.

- Yilning boshidan buyon oylik olganimiz yo‘q. "Erta-indin bo‘ladi", deyishadi¸ darak yo‘q. Mana endi karantinni bahona qilishdi. Aslida¸ karantindan oldin ham oylik muammo bo‘lib kelgan. Superliga jamoasimiz, lekin avtobusimiz ham yo‘q. Bazamiz rasvo holatda. Erta-indin mashg‘ulotlar boshlanadi, qayerda to‘planishimizni ham bilmaymiz.

Moliyaviy qiyinchiliklar sabab "Andijon"ning rossiyalik murabbiysi Aleksandr Xomyakov va ukrainalik darvozaboni Vitaliy Mirniy klubni tark etgan.

Vitaliy Mirniy mart oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida klubdan ketishiga maoshining olti oyga kechikishi sabab bo‘lganini aytgan edi.

“Andijon” futbol jamoasining moliyaviy muammolar girdobida qolganini Ozodlik bog‘langan klub rahbari Ma’ruf To‘raqulov ham tasdiqladi.

To‘raqulov bu muammolarning vaqtinchalik ekaniga umid bildirdi:

- Sponsorlardan pul tushishi to‘xtagan. Mablag‘ yo‘q, klub juda qiyin ahvolda qolgan, oyliklar kechikyapti. Oylik yo‘qligiga ham chidash mumkindir, lekin futbolchilarni to‘plab, mashg‘ulot o‘tkazish ham muammo bo‘lib turibdi, mehmonxonaga pul yo‘q. Klubning avtobusi ham yo‘q. Boshqa klublar mashg‘ulotlarni boshlagan, bizda logistika muammo. Sponsorlar vaqti-vaqti bilan yordam berib turadi, qo‘ldan berganga qush to‘ymas¸ deydiku. Bu sportga katta pul kerak, sponsorlik muntazam bo‘lishi kerak.

“Andijon” fan klubi rahbari Nodir To‘ychiboyev Ozodlik bilan suhbatda futbolchilar muammosiga viloyat hokimligi e’tibor qaratishi kerakligini aytadi.

- Agar bu klub viloyatimizga kerak bo‘lsa¸ hokimiyat qo‘llab-quvvatlasin, agar kerak bo‘lmasa yopishsin. Biz ham istamaymiz doim viloyatimiz futboli haqida yomon xabarlar chiqib turishini.

Andijon viloyatining ayollar futboli bo‘yicha asosiy jamoasi hisoblangan "Andijanka" klubining Ozodlik bilan ismi ochiqlamasligini so‘rab gaplashgan o‘yinchisi oxirgi marta o‘tgan yil dekabr oyida oylik olganini aytdi.

- O‘tgan yil dekabr oyida noyabrning oyligini berishdi, o‘shandan beri oylik olmadik. Klubning har bir o‘yinchiga qarzi 20-30 million so‘mdan oshib ketgan. O‘yinga yaxshi hissa qo‘shgani uchun qo‘shimcha rag‘bat to‘lovlari berilardi. U haqda hali aytayotganimiz yo‘q. Bu o‘z-o‘zidan o‘yinchilar kayfiyatiga ta’sir qilyapti. Biz bozorga chiqib tirikchilik qilolmasak, hayotimizni shu futbolga bag‘ishlagan bo‘lsak, moddiy rag‘bat bo‘lishi kerakku!

"Andijanka" jamoasi ayollar futboli bo‘yicha yetakchi jamoalardan biridir.
"Andijanka" jamoasi ayollar futboli bo‘yicha yetakchi jamoalardan biridir.

Ozodlik "Andijanka" futbol klubi rahbariyatidan oyliklarning nega berilmayotganiga izoh so‘radi.

Klub rahbariyati telefonini ko‘targan shaxs Ozodlik savolini eshitgach¸ aloqani uzib qo‘ydi.

"Andijanka" futbol klubiga sovet davrida asos solingan.
"Andijanka" futbol klubiga sovet davrida asos solingan.

1985 yilda tashkil topgan "Andijanka" jamoasi besh karra O‘zbekiston chempioni bo‘lgan.

Moliyaviy qiyinchiliklar

"Andijon" va "Andijanka" futbol klublari birinchi marta moliyaviy murakkabliklarga yuz tutayotgani yo‘q.

Klubda bundan oldin ham oylik to‘lashda oylab kechikishlar bo‘lgan.

O‘tgan yil Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat hududida faoliyat yuritayotgan barcha tadbirkorlik subyektlariga “Andijon” futbol klubi uchun jami 8 milliard 55 million so‘mlik “homiylik yordami” yig‘ish talabini qo‘ygan edi.​

Viloyatdagi jami 167 ta korxona va tashkilotga “futbol solig‘i” solingani haqda Ozodlik xabar bergan edi.

O‘zbekistondagi futbol klublari moliyaviy jihatdan mustaqil emas va shu bois hukumat tomonidan belgilangan yirik davlat kompaniyalari sponsorlik mablag‘iga qaramdir.

“Andijon” klubidagi vaziyatdan yaxshi xabardor mulozim Ozodlik bilan suhbatda futbol klubining bosh sponsori GM Uzbekistan smetaga kiritilgan mablag‘ning uchdan birini ham bermagani oqibatida superligaga chiqqan klubning moliyaviy jihatdan og‘ir ahvolda qolgani viloyat hokimini shunday harakatga majburlaganini bildirgan edi.

Andijon viloyati hokimligi mulozimi 20 may kuni Ozodlik bilan suhbatda "futbol klublarini moliyalash masalasi hokim Shuhratbek Abdurahmonov doimiy e’tiborida" ekanini aytdi.

- Hokimimizni o‘zi "Andijon" klubining ishqibozi. U kishi klubni xor qilib qo‘ymaydi. Hozir karantin, karantin tugaganidan keyin klublarni moliyalash masalasi hal bo‘ladi, - dedi Andijon viloyati hokimligining sport ishlari bo‘yicha mas’ullaridan biri.

"Andijon" va "Andijanka"futbol klublari.
"Andijon" va "Andijanka"futbol klublari.

Mahalliy klub hisobiga pul tushirish iddaosi bilan joriy yilning fevral oyida korxonalar klubning 500 ming so‘m turadigan bir yillik chiptasini sotib olishga majburlangan edi.

“Andijon” fan klubi rahbari Nodir To‘ychiboyev bir yillik chiptani aksar andijonliklar o‘z klubini qo‘llab-quvvatlash uchun sotib olganini aytadi.

- Futbolga bormasa ham shu klubga yordam bo‘lsin, deb olganlar bo‘ldi. Lekin bu ham klubni moliyaviy inqirozdan chiqara olmadi, - deydi To‘ychiboyev.

"Andijon" va "Andijanka" jamoalarining bosh homiysi "GM Uzbekistan" kompaniyasi.

GM Uzbekistan rasmiylari hozircha sponsorlik majburiyatining nega bajarilmayotgani haqidagi Ozodlik savollariga javob bermadi.

Dunyoning aksar davlatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham koronavirus karantini bois sport musobaqalari to‘xtagan.

Superliga musobaqalarida ham mart oyi o‘rtalaridan tanaffus e’lon qilingan.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi tanaffusga qaramay, futbolchilarga shartnomada belgilangan oyliklar berilishi kerakligini aytdi.

- Karantin davrida ham futbolchilarga oyliklar berilishi kerak, berilyapti. Andijondagi holatni mahalliy rasimiylar tezroq hal qiladi, deb umid qilamiz. Boshqa klublarda moliyaviy muammo bo‘layotgani yo‘q, oyliklarni olishyapti.

“Andijon” jamoasi o‘tgan yili O‘zbekiston birinchi ligasidan superligaga ko‘tarilgan edi.

Ayni kunlarda "Andijon" jamoasi O‘zbekiston superligasidagi 14 jamoa orasida 13-o‘rinda turibdi.

"Yutqizib kelaversa, nimaga pul berishim kerak?"

Andijon viloyati hokim Shuhratbek Abdurahmonov o‘tgan yilgi futbol mavsumida "Andijon" klubi natijalaridan qoniqmayotganini aytib:

"17 milliard so‘mga stadion qilib bersam, oyma oy oyligini bersam, eng kami 10 million so‘m oylik olishadi. Natija bo‘lmasa! Men aytaman, dalaga chigit eksang paxta bo‘ladi, futbolga pul bersang yutqizib kelaversa, nimaga pul berishim kerak ularga?", - degan edi.

“Andijon” jamoasi o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalay olmayotganini futbolchilar moliyaviy rag‘batlantirilmayotgani bilan bog‘lamoqda.

- Pul bo‘lmasa o‘yinchilarning kayfiyatiga ta’sir qiladi-da. Bizni shu futboldan boshqa qiladigan ishimiz yo‘q, qo‘shimcha daromad manbaimiz ham yo‘q, - deydi andijonlik futbolchi.

Instagram tarmog‘ida tarqalgan suratda Andijon shahri stadionida qo‘ziqorinlarni ko‘rish mumkin.
Instagram tarmog‘ida tarqalgan suratda Andijon shahri stadionida qo‘ziqorinlarni ko‘rish mumkin.

Futbolchilarning Ozodlikka aytishicha, klubning “Sog‘lom avlod” stadionida to‘p yumalamay qo‘ygach¸ qo‘ziqorinlar unib chiqa boshlagan.

Stadiondagi chimni parvarishlaydigan xodimning Ozodlikka aytishicha, mablag‘ yo‘qligidan stadion qarovsiz qolgan.

XS
SM
MD
LG