Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:29

Karantin davrida ko‘chaga chiqishi taqiqlangan keksalar pensiya uchun bank oldida navbatda turibdi


Xalq banki Olmazor tumani filiali binosi oldida pensionerlar navbatda turibdi, 19 may, 2020
Xalq banki Olmazor tumani filiali binosi oldida pensionerlar navbatda turibdi, 19 may, 2020

COVID-19 infeksiyasidan hayotiga tahdid katta bo‘lgan va zaruratsiz ko‘chaga chiqishi taqiqlangan pensionerlar Xalq bankining Toshkent shahridagi filiallari oldida pensiyasini olish uchun tiqilinch navbatda turibdi.

Bunday vaziyat bankning Olmazor tumani filiali binosi oldida 19 may kuni suratga olingan videoda ham aks etgan.

Xalq banki rahbariyatiga ko‘ra, pensiya pullarini may boshidan plastik kartaga o‘tkazib berish tizimi yo‘lga qo‘yilishi bilan shunday navbatlar boshlangan. Ammo, 14 kun o‘tib, pensiyani yana naqd pulda to‘lash tizimiga o‘tilgach, ahvol og‘irlashgan.

Video muallifining Ozodlikka bildirishicha, u 19 may kuni Toshkent vaqti bilan soat 12 larda Xalq banki Olmazor tumani filiali binosi oldida shu manzaraga guvoh bo‘lgan.

Videoda ko‘plab keksalar ko‘rinadi va muallifga ko‘ra, ular pensiyasini olish uchun navbat kutib turibdi.

Videoning muallifi bunday dedi:

“Eng yoshi 50 da bo‘lsa kerak, ko‘pchiligi 60 - 65 yoshlarda. Karantin paytida tiqilinch navbatda turishibdi. Koronavirus shu kattalarimiz uchun xavfli, 80 foiz o‘lim bilan tugashi mumkin, deb televideniyeda vahima qilib yotishdiku?! Nega bular ko‘chada, nega bankda navbatda turibdi, nega bank bunga yo‘l qo‘ygan? Achindim, butun umri mehnatda o‘tgan shu qariyalarimizga!”

"Карантин пайтида пенсионерлар Халқ банкида пенсия навбатда турибди"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:46 0:00

Xalq bankining Olmazor tumani filialidan voqea guvohi ko‘targan savollarga javob olishning imkoni bo‘lmadi.

Ammo, bankning Toshkent shahridagi bir necha filialidan olingan javoblarga ko‘ra, pensionerlar navbatining paydo bo‘lishi pensiya pullarining plastik kartaga o‘tkazilishi bilanoq boshlangan.

13 maydan plastik karta orqali pensiya to‘lovi bekor qilingach esa, ahvol yanada og‘irlashgan.

“Hozir may oyidagi pensiyasini ololmagan pensionerlarimiz, agar uzoq kutolmasa, bankdan kelib olishlari mumkin bo‘ldi. Ularga naqdlashtirib beryapmiz. Lekin, agar biroz kutib tursalar, kassirlarimiz uyiga ham olib borib beradi. Ikkinchidan, plastikda qolib ketgan pensiyasini naqdlashtirish uchun kelganlar ham ham yig‘ilib qolyapti”, dedi bank filiallaridan birining xodimi.

Shu yilning 14 aprelida, mamlakatda hanuz amalda bo‘lgan karantin chora-tadbirlariga mas’ul Hukumat maxsus komissiyasi karantin tartibini saqlash maqsadida pensiya pullarini plastik kartaga o‘tkazishga qaror qilgan va keksalarga Humo kartalari tarqatilgan edi.

Biroq 7−8 may kunlari Humo to‘lov tizimida jiddiy uzilishlar ro‘y berdi. Bundan tashqari, karantin paytida ko‘chaga chiqishi taqiqlangan keksalarda plastik kartadagi pulni naqdlashtirish muammosi paydo bo‘ldi.

Natijada, 13 may kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev pensionerlarning murojaatlarini hisobga olib pensiya pulini, karantin qoidalariga to‘liq amal qilgan holda, yana naqd pulda tarqatishga qaror qilinganini ma’lum qildi.

Xalq banki matbuot kotibi Yunus Bo‘ronovning aytishicha, 14 maydan pensiya pulini naqd shaklda uyga yetkazib berish amaliyoti qayta yo‘lga qo‘yilgan.

Ammo, shu kunda pensionerlarning plastik kartalardagi pulini naqdlashtirishi jarayonida shunday navbatlar yuzaga kelmoqda.

Bank mas’ulining tan olishicha, bu jarayonda keksalarning tiqilinch navbatlari oldini olish mushkul bo‘lmoqda:

“Ko‘pchilik pensionerlarimiz bir narsani tushunmayapti: faqat Xalq bankimas, barcha tijorat banklari plastikdagi pensiya pulini foizsiz naqdlab beradi. Lekin, ular faqat Xalq bankiga borishyapti, buning ustiga ertalab soat 8 – 9 orasida yig‘ilishadi. Oyning boshida haqiqatan, shunaqa navbatlarni eplab bo‘lmay qoldi. Chunki, hammasiga bir vaqtda plastikka pul tushdi, ertasiga naqdlash uchun hammasi bankka yig‘ildi", dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda Bo‘ronov.

Matbuot kotibi, bank tomonidan karantin qoidalari talablariga to‘liq rioya qilinmoqda, deb ta’kidladi:

"Bank tomonidan karantin paytida masofa saqlash uchun ogohlantirish chiziqlari qo‘yilgan, lentalar tortilgan. Xodimlarga qat’iy ko‘rsatma berilgan. Lekin, endi odamlar masofa saqlamagani uchun shunaqa tushunmovchliklar bo‘lyapti”.

Yunus Bo‘ronovning qo‘shimcha qilishicha, 14 maydan beri mamlakat bo‘ylab, 90 foiz pensionerlarning puli qo‘llariga yetkazilgan:

“Oldingi mahalliy hokimiyat bilan tasdiqlangan grafik asosida uyida tarqatilyapti. Shtab tashkil qilingan, mendagi oxirgi ma’lumotga ko‘ra, 90 foizdan ortiq pensiya tarqatib bo‘lingan aslida. Hozir siz aytgan Olmazordagi voqea bo‘yicha men hayronman”.

Matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, bankda aholiga pensiya tarqatish bilan shug‘ullangan 4 mingdan ortiq sayyor kassir bor.

Pensiyani plastik kartaga o‘tkazish tizimi boshlanishi bilan kassirlar vaqtincha ishsiz qolgan va ularni mahallalarda ochilishi rejalangan bank xizmatlari markazlariga o‘tkazish rejalanayotgan edi.

Ammo, pensiya pullarini plastik kartaga tushirish amaliyoti to‘xtashi bilan, sayyor kassirlar yana avvalgi ishiga qaytarilmoqda.

Pensionerlarga tarqatilgan 620 mingga yaqin Humo bank kartalari esa, karta egalari istagiga ko‘ra, muomaladan chiqarilib, qolgan summa naqdlashtirib berilmoqda.

7 - 8 may kunlari Humo to‘lov tizimida kuzatilgan uzilishlar maosh va nafaqasi Humo kartasiga o‘tkazilgan o‘zbekistonliklar, ayniqsa, pandemiya davrida pensiyalari plastik kartalarga o‘tkazilgan pensionerlarni tang holda qoldirgandi.

XS
SM
MD
LG