Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:34

AQSh Rossiyani Qrim tatarlariga azob o‘tkazishni bas qilishga chaqirdi


AQShning Kiyevdagi elchisi vazifasini bajarayotgan Kristina Kvin.
AQShning Kiyevdagi elchisi vazifasini bajarayotgan Kristina Kvin.

Qrim tatarlarining 1944 yili ommaviy tarzda Markaziy Osiyoga deportatsiya qilingani Ukrainada xotirlanar ekan, AQShning Kiyevdagi elchisi vazifasini bajarayotgan Kristina Kvin Rossiyani «Qrim xalqiga azob-uqubat yetkazish odatini» to‘xtatishga chaqirdi.

Kvin o‘z videomurojaatini 18 may kuni Twitterda e’lon qildi.

2016 yili Ukrainada 18 mayni «Qrim tatarlari genotsidi qurbonlarini xotirlash kuni» etib belgilangan.

1944 yilning may oyida Sovet diktatori Iosif Stalin qrim tatarlarini fashistlar bilan hamkorlik qilishda ayblab, yoppasiga deportatsiya qilishni buyurgan.

Oradan 70 yil o‘tib - 2014 yilning martida Rossiya Qrimni noqonuniy tarzda anneksiya qilib oldi va yarimorolda xalqaro hamjamiyat tan olmagan referendum o‘tkazdi. Buning ortidan Rossiya Ukraina sharqidagi Donetsk va Lugansk hududlarida rossiyaparast ayirmachilarni qo‘llay boshladi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin qrim tatarlariga teng hudud berilishini va’da qilib keladi.

Ammo qrim tatarlari, inson huquqlari faollari hamda G‘arb davlatlari hukumatlari Rossiya anneksiyaga qarshi bo‘lgan qrim tatarlari va boshqa guruhlarni tazyiq ostiga olib, soxta ayblovlar bilan qamayotganini aytib keladi.

Kvin o‘z bayonnomasida qrim tatarlarining deportatsiya qilingani «aql bovar qilmaydigan jarohat, azob-uqubat va minglab odam o‘limiga» sabab bo‘lganini ta’kidladi.

- Rossiyaning hozirgi kundagi anneksiyasi bu jarohat va azobni yanada chuqurlashtirdi, - dedi Kvin.

Kvin AQSh Qrim anneksiyasini tan olmasligini yana takrorlab, Moskva yarimorolni Ukrainaga qaytarmagunicha sanksiyalar o‘z kuchida qolishini aytdi.

Bu orada Ukraina, Estoniya, Gruziya, Latviya, Litva hamda Polsha tashqi ishlar vazirliklari Rossiyaning «Ukrainaga qarshi agressiya siyosati hamda qrim tatarlariga qarshi yangi repressiyalarni» qoralab, qo‘shma bayonot e’lon qildi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa o‘z Facebook sahifasida Qrim bir kun kelib Ukrainaga qaytishini, qrim tatarlari va ukrainaliklar o‘z uylariga qaytishlarini ta’kidladi.

1944 yilning 18 mayidan boshlab 250 mingga yaqin kishi sanoqli kun ichida poezdlarda Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga yuborilgan. Yo‘lda o‘ng minglab odam og‘ir sharoitlar tufayli halok bo‘lgan.
Qrim tatarlari 1980- yillar yakunigacha Qrimga kiritilmadi. Sovet Ittifoqi parchalanib ketishidan oldin Mixail Gorbachyov boshlab yuborgan islohotlar doirasida ular tarixiy vatanlariga qayta boshlagan edi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG