Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:53

Prezident e’lon qilgan moratoriy buzildi: Samarqandning Pastdarg‘omida 50 ka kirgan 16 ta archa kesildi


Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumanida noqonuniy kesilgan archa daraxtlari. 2020, 13 may.
Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumanida noqonuniy kesilgan archa daraxtlari. 2020, 13 may.

Pastdarg‘om tumanidagi Charxin ilmiy-tajriba stansiyasiga qarashli 16 ta archa daraxtining kesib tashlangani to‘g‘risida Ozodlikka kelgan xabarni Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mulozimlari tasdiqladi.

Mulozimning aytishicha, noqonuniy kesilgan 16 archa yil boshidan buyon tumanda kesilgan 100 ga yaqin qimmatbaho navli daraxtlarning bir qismi xolos.

Mamlakat prezidenti 2019 yildagi farmoni bilan qimmatbaho navli daraxtlarni kesishga moratoriy e’lon qilgan: 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berishni man etgan edi.

Pastdarg‘omda archa daraxtlari kesilgani to‘g‘risida Ozodlikka kelgan xabarga quyidagi video ilova qilingan:

Самарқанд вилоятида қимматбаҳо арчалар ноқонуний кесилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:20 0:00

20 sekundlik videoda kadrning chap tomonida suvog‘i ko‘cha boshlagan bino, o‘ng tomonida daraxtzor, orqa planda esa, bir necha kesilgan daraxtning yerda yotganini ko‘rish mumkin. Kadr ortidagi ovoz (yoshroq yigit ovozi) “Pastdarg‘om tumanidagi archa yetishtiriladigan maskanda daraxtlar kesib, sotib yuborilayotgani”ni aytadi va bu ishni to‘xtatishga yordam so‘raydi.

Pastdarg‘omdan Ozodlikka videodan tashqari suratlar ham keldi. Ularda kesib, butalib yerga tashlab qo‘yilgan archa g‘o‘lalari aks etgan.

Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumanida noqonuniy kesilgan archa daraxtlari. 2020, 13 may.
Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumanida noqonuniy kesilgan archa daraxtlari. 2020, 13 may.
Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumanida noqonuniy kesilgan archa daraxti to‘nkasi. 2020, 13 may.
Samarqand viloyat, Pastdarg‘om tumanida noqonuniy kesilgan archa daraxti to‘nkasi. 2020, 13 may.

Xabar qilinishicha, kesilgan daraxtlar Charxin ilmiy-tajriba stansiyasiga qarashlidir. Stansiya rahbariyati bilan bog‘lanib bo‘lmadi. Biroq Ozodlikda archalarni kesgan ishchi, 1960 yilda tug‘ilgan Abdulmajid Beknazarovning tushuntirish xati bor.

Archalarni kesgan ishchining Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘iga yozgan tushuntirish xati.
Archalarni kesgan ishchining Samarqand viloyat ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘iga yozgan tushuntirish xati.

Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i nomiga yozilgan tushuntirish xatida A. Beknazarov archalarni u “yer tuman hokimligi zaxirasiga chiqarilgani sababli tumandan quruvchi tashkilotdan Zohid degan yigit kelib qilgan iltimosiga binoan” kesganini yozgan.

A. Beknazarovning tushuntirish xatida bu hujjat 9 may kuni yozilgani va uni Ekologiya boshqarmasining Pastdarg‘omdagi inspektori Farhod Mirzayev qabul qilib olgani aks etgan.

Ozodlik 18 may kuni inspektor Farhod Mirzayev bilan bog‘landi. U 16 ta archa kesilganini, Beknazarovdan tushuntirish xati olganini tasdiqladi. Biroq aybdorlarga nisbatan qanday jazo choralari belgilangani to‘g‘risida bilmasligini aytdi.

Boshqarmaning javobi

Archalar kesilgani to‘g‘risida xabar qilgan pastdarg‘omliklarni masalaning aynan shu jihati - "daraxt kesganlar jazosiz qolayotgani" tashvishga solayotgani uchun Ozodlik Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan bog‘landi.

Boshqarma telefonini ko‘targan mulozim Pastdarg‘omdagi holatdan xabarsizligini bildirar ekan, qimmatbaho navli daraxtlarni kesishga davlat rahbari moratoriy e’lon qilganini eslatishdan nariga o‘tmadi.

"Yil boshidan buyon 100 ga yaqin qimmatbaho navli daraxt kesildi"

Ekologiya va atrof-muhit boshqarmasining Pastdarg‘omdagi holatdan yaxshi xabardor boshqa bir mulozimi ismi aytilmaslik sharti bilan bularni aytdi:

“So‘z bo‘layotgan 16 archa tumanda qimmatbaho navli daraxtlarning kesilishi bilan bog‘liq eng so‘nggi holat xolos. Bu archalar qariyb 50 yil oldin ekilgan. Bundan tashqari daraxtlar IIB binosi oldida kesilgan, katta yo‘l yoqasida kesilgan, xullas, yil boshidan beri 100 ga yaqin daraxt kesilgan”.

Mulozimning aytishicha, qimmatbaho navli daraxtlar kesilar ekan, bir vaqtning o‘zida ham prezidentning daraxt kesishga moratoriy e’lon qilish to‘g‘risidagi farmoni talablari, ham yetkazilgan zararni qoplash tartibi buzilyapti, ya’ni zarar miqdori qonunda belgilab qo‘yilgan me’yordan bir necha barobar oz hisoblanmoqda.

Zararni undiruvchilar yetkazayotgan zarar?

Ekologiya va atrof-muhit boshqarmasi mulozimi yetkazilgan zarar qanday hisoblanishi bunday tushuntirdi:

“Daraxtlarning noqonuniy kesilishidan yetkazilgan zarar bunday aniqlanadi: kesilgan daraxt kesmasi diametri o‘lchanadi. Har bir santimetrining daraxtlar naviga qarab bahosi bor. Archalar qimmatbaho navga kiradi. Taksa bor va u eng kam ish haqidan kelib chiqib qo‘yiladi. Qimmatbaho navlar kesmasining har bir santimetriga qo‘yilgan baho eng kam ish haqining 10 baravariga ko‘paytiriladi. Bu hisob-kitob Vazirlar Mahkamasining 43- qaroriga binoan qilinishi kerak. Lekin bu yerda hukumat talabi buzilyapti, tanish-bilish aralashyaptimi, boshqa sababi bormi, bilmayman”.

Mulozimning aytishicha, shu oy boshida kesilgan 16 ta archa uchun belgilanayotgan jarima miqdori hukumat qaroridan kelib chiqadigan miqdordan 20 marta ozdir:

“Masalan, kesilgan 16 ta archa uchun taqriban 180 mln. so‘m undirilishi kerak, amalda esa, 9 mln. so‘mlik zarar qo‘yilmoqda. Yana bir holatda umuman jarima ham qo‘yilmadi” der ekan, mulozim bu ishlar ortida turganlarning ism-familiyalarini ham keltirdi. Ozodlik mulozim ayblayotgan amaldorlarning o‘zi bilan gaplasholmagani uchun, ularning ismlarini ochiqlamayapti.

Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining ism-familiyasi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi keltirgan bu hisob-kitobni tasdiqlovchi rasmiy ma’lumot yoki ularni inkor etuvchi rasmiy bayonot Ozodlikda yo‘q.

Prezident taqiqlagan edi

O‘zbekiston prezidenti 2019 yilning 30 oktabrida “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof muhitni muhofaza qilish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan edi.

Farmonga binoan 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berishni man etilgan.

11 yil muqaddam boshlangan qirg‘in

O‘zbekistonda daraxtlarning noqonuniy kesilishi bir necha yillik tarixga ega. Ozodlik bu mavzuda bir necha yuzlab xabar, maqola, foto va videoreportajlar e’lon qilgan.

O‘zbekistonda daraxt qirg‘ini bundan 11 yil muqaddam Toshkentda boshlangan. 2009 ning noyabrida Amir Temur xiyobonidagi yuz yillik chinorlar kesib tashlangan edi. Shahar rasmiylari bu ishni shaharni obodonlashtirish zarurati bilan, biroq ko‘pchilik Islom Karimovning xavfsizligini ta’minlash bilan izohlagan edi.

XS
SM
MD
LG