Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:04

Toshqindan so‘ng muhtojga aylanganlar xayriya yordamining talon-toroj bo‘layotganini aytmoqda


Navoiy viloyati Milliy gvardiya xodimlari sirdaryoliklarga jo‘natgan xayriya orasida 50 kg qo‘y go‘shti bor.
Navoiy viloyati Milliy gvardiya xodimlari sirdaryoliklarga jo‘natgan xayriya orasida 50 kg qo‘y go‘shti bor.

Butun O‘zbekiston bo‘ylab Sardoba toshqini sabab og‘ir ahvolda qolgan hududlar aholisiga xayriya yordamlari tashkil qilinmoqda.

Hokimliklar jo‘natayotgan yordamdan tashqari ko‘ngillilar ham muhtojlar uchun ko‘mak aksiyalari uyushtiryapti.

Ozodlik Oqoltin tumani misolida ushbu xayriya yordamlarining sirdaryolik muhtojlarga tarqatilish jarayonini o‘rgandi.

Oqoltin tumanining Saxovat mahallasida yashovchi 61 yashar Hasanboy Shermatov oilasi 1 may kungi toshqin ortidan evakuatsiya qilinib¸ 6 may kuni uyiga qaytganlardan biri.

Ozodlik gaplashgan Hasanboy akaning aytishicha, ikki kundan beri qo‘shnilari bergan oziq-ovqatni yeb kun kechirmoqda.

“Uyda chol-kampir ikkimiz bir nevaram bilan yashaymiz. Kecha kelsak, hammayoq yopiq, hech qayer ishlamayapti. Keyin mahallaga kelgan xayriyadan ozgina beringlar¸ deb bordim. Lekin hech narsa berishmadi. “Tugab qoldi” deb bahona qilishdi. Prezidentimiz xalqni o‘yla, deb tursa, bular xalqni zor qilyapti. Yaxshiyam qo‘shnilarim bor ekan. Bir qo‘shnim chalpak olib chiqdi. Boshqasi yana boshqa narsa berdi yeyishga”, dedi Hasanboy Shermatov 7 may kuni tush payti.

Ushbu tumanning Navoiy mahallasida yashovchi ayollardan biri ham¸ o‘z oilasining ikki kundan beri xayriya oziq-ovqatlaridan ola olmayotganini aytadi.

Xayriya oziq-ovqatlari tarqatilishini ro‘yxatga olish. Oqoltin tumani.
Xayriya oziq-ovqatlari tarqatilishini ro‘yxatga olish. Oqoltin tumani.

«Xayriya oziq-ovqatlarini mahallaga olib kelib tarqatishyapti. Lekin tartib umuman yo‘q. Ayollar bir -biri bilan narsaning ustida talashib ketishadi. Janjal ham bo‘lyapti. Kimdir ko‘p olyapti, kimdir hech narsa ololmayapti. Qaynonam ham har kuni borib, hech narsa ololmay qaytib kelyapti. Hokimlik umuman nazorat qilmayapti. Mahalla raislari uyma – uy tarqatsa, bo‘ladiku, ro‘yxat bilan. Shunda hammaga teng tarqatilardi. Bugun un tarqatishdi, lekin tekinga emas. Mashinalarga "xayriya" deb yozilgandi. Borsak, faqat naqd puli borlarga beramiz deyishdi”.

Tumanning Ko‘rkam diyor mahallasida yashovchi Asal Burxonova ham 5 may kuni uyiga qaytgan. Asal mahallada xayriya oziq-ovqatlari tarqatilishi yaxshi yo‘lga qo‘yilganini aytadi.

«Kelgan kunimiz 2 litr yog‘, shakar oldim. Kecha kartoshka -piyoz tarqatdi. Shu bilan keyin tarqatgani yo‘q. Mahalla faollari yuk mashinasida uyma-uy yurib, hammamizga birma- bir tarqatib yuribdi. Bergani yeb-ichishimga yetmaydiyu, baribir Xudoga shukur deymiz. Ilojimiz yo‘q, sabr qilamiz. Shunisiga ham rahmat deymiz. Chunki biz unchalik talafot ko‘rmadik. Shuncha odam jiddiy talafot ko‘rdi. O‘shalarga berishsin”.

Aholiga xayriya tarzida tarqatish uchun tayyorlangan karam. Oqoltin tumani.
Aholiga xayriya tarzida tarqatish uchun tayyorlangan karam. Oqoltin tumani.

Asalning ismini ochiqlamaslik sharti bilan gapirgan mahalladoshi xayriya oziq-ovqatlarini olishdan bosh tortganini aytadi.

“Men deyarli talafot ko‘rmadim. Keyin muhtoj ham emasman. Qancha muhtojlar bor. Shuning uchun muhtojlar olsin, deb xayriya oziq-ovqatini olmadim”.

Ozodlik Oqoltin tumanida xayriya oziq-ovqatlarini tarqatish jarayonidan yaxshi xabardor tuman hokimligi xodimlaridan biri bilan suhbatlashdi. Ishdan haydalish xavfi sabab anonim qolishni so‘ragan mulozim xayriya oziq-ovqatlarini talon-toroj qilinish hollari bo‘layotganini e’tirof etdi.

“Bizga birinchi xayriya yordami 3 may kuni kechqurun keldi. Xayriya yordamlarining bir qismi quruq meva ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Sub-dry firmasining skladiga joylashtirilyapti. Shu yerdan har kuni hokimlikka olib kelib, keyin mahallalarga tarqatilyapti. O‘zim guvohi bo‘lgan narsalarni aytaman. Har kuni prokuratura, hokimlik mas’ullari o‘zlarining obed qilishi uchun oziq-ovqatlarni Sub-dry skladidagi xayriyadan olib, pishirtiryapti. Zamhokimlardan birining o‘g‘li mashinasida kelib, skladdan xayriya narsalaridan olib ketganini ham ko‘rdim. Tumanda yordamga muhtojlar juda ko‘p. Lekin xayriya muhtojlarga yetib bormayapti. Xayriyani tarqatishda halollik bo‘lmayapti”.

Ozodlik xayriya tarqatishga aloqador oqoltinlik yana bir mulozim bilan suhbatlashdi. Bu suhbatdosh xayriya yordamlarining mahallalarda ham talanayotganini bildirdi.

“Ayrim mahallakomlar xayriya yordamlarini olib ketgach, mahalladagi o‘zining tanish-bilishlarining uyiga joylashtiryapti. Shu yerdan odamlarga tarqatyapti. Birinchi navbatda¸ tanish-bilishlar oziq-ovqatlar bilan ta’minlanmoqda. Keyin boshqalarga tarqatilmoqda. Bizga bu borada aholidan shikoyat ham bo‘ldi. Lekin rahbarlar hozir bunaqa mayda-chuyda shikoyatlarni o‘rganib o‘tiradigan vaqt emas, degan fikrda. Tumanda qancha aholi uysiz qoldi, qancha ob’yektlar suv ostida qoldi. Bularni yo‘lga qo‘yish hozir birinchi navbatdagi vazifa deb qaralyapti”.

Oqoltin tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Olim Abdullayev xayriya yordamlari tarqatilishiga mas’ul shaxslardan biri.

Xayriya Oqoltin tuman hokimligi binosiga olib kelinib, keyin muhtojlarga tarqatiladi.
Xayriya Oqoltin tuman hokimligi binosiga olib kelinib, keyin muhtojlarga tarqatiladi.

7 may kuni Ozodlik gaplashgan Abdullayev xayriya tarqatilishi kuchli nazoratga olingani va talon-torojlikka umuman yo‘l qo‘yilmayotganini ta’kidladi.

«100 foiz nazoratga olingan. Viloyat prokuraturasi nazoratida bu. Hech qanday talon-torojlikka yo‘l qo‘yilmayapti. Shu paytgacha asosan, Navoiy va Farg‘onadan keldi yordam. Kecha toshqin natijasida yopilib qolgan Mirzacho‘l yo‘li ochildi. Endi viloyat bazasidan kunlik xarajatlar olib kelinmoqda. Tumanda to‘rtta baza bor. Shu paytgacha 78 tonna kartoshka keldi. Turli xil oziq-ovqatlar, ko‘rpa-to‘shaklar kelyapti. Birinchi navbatda uysiz qolgan aholi va kambag‘allar ta’minlanmoqda. “Saxovat va ko‘mak” schyotiga viloyatlar naqd pul tushiryapti, bu pul 40 million so‘mdan oshdi. Shu puldan qiynalayotgan aholi schyotiga 500 ming so‘mdan tushirib beryapmiz».

Oqoltin tuman hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, toshqin oqibatida jami 44 380 odam evakuatsiya qilingan bo‘lib, hozirda aholini uylariga qaytarish davom etyapti. 7 may holatiga 41 mingdan ziyod aholi uylariga qaytarilgan.

Tumandagi uchta mahalla toshqindan jiddiy zarar ko‘rgan: Shodlik mahallasida 90 foiz uylar, Ahillik mahallasida 50 foiz uylar, Saxovat mahallasida esa 30 foiz uylar vayron bo‘lgan. Jami 8000 ga yaqin aholi uysiz qoldi.

Hozirda ushbu mahallalar aholisi tumandagi uchta maktabda hozirlangan vaqtinchalik boshpanaga joylashtirilmoqda.

Sardoba suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi ortidan yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun Sirdaryo viloyati mahalliy byudjetiga 100 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.

Prezident farmoyishiga ko‘ra, Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlarida 2020-2021 yillar davomida 50 ta ko‘p qavatli uy-joy quriladi. Mazkur uylardagi xonadonlar uylarini suv bosgan shaxslarga beg‘araz beriladi.

XS
SM
MD
LG