Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:50

Turkmaniston: Qum bo‘ronidan o‘nlab odam o‘ldi. Hukumat o‘zini hech narsa bo‘lmaganday tutmoqda. Lebapda gumanitar inqiroz


Turkmanobodda qum bo‘roni ortidan gumanitar inqiroz vaziyati yuzaga kelayotgani xabar qilindi.
Turkmanobodda qum bo‘roni ortidan gumanitar inqiroz vaziyati yuzaga kelayotgani xabar qilindi.

Turkmanistonning Lebap viloyatidagi qator aholi punktlari, jumladan, viloyat markazi Turkmanobodda gumanitar inqiroz vaziyati yuzaga kelayotgani xabar qilindi.

Farob, Dyanov, Kerki va boshqa tumanlarda qum bo‘roniga aylangan qattiq shamol oqibatida yuzlab oilalarning xonadonlari vayron bo‘ldi.

Guvohlar o‘nlab odamlar halok bo‘lgani va bedarak yo‘qolgani to‘g‘risida xabar bermoqda. Ozodlik radiosi turkman xizmatining turkmen.news nashriga tayanib yozishicha, Turkmanobodda kecha va bugun halok bo‘lganlarni dafn qilish marosimlari o‘tkazildi.

Xabarda ta’kidlanishicha, Lebap viloyat kasalxonasi kuchli shamol oqibatida qulab tushgan tomlar, balkonlar, sputnik antenalari va elektr liniyalaridan jarohatlangan odamlar bilan to‘lib-toshgan.

Viloyatda telefon aloqasi uzilib qolgan. Elektr, gaz va suv ta’minoti uzilishlar bilan ishlamoqda. Ichimlik suvi bir oz berilgach, yana to‘xtatib qo‘yildi. Ayrim tumanlarga ichimlik suvini maxsus mashinalarda olib kelib, aholiga tarqatishmoqda.

Ayrim tumanlarda gaz ta’minoti tiklangani aytilmoqda. Elektr ta’minotidagi uzilishlar ortidan benzin ta’minotida ham uzilishlar bo‘lmoqda.

“Mahaliy aholini mahalliy va markaziy hokimiyat rasmiylarining harakatsizligi hamda davlat ommaviy axborot vositalarida yuz bergan tabiiy ofat haqida ma’lumot berilmayotgani g‘azabga keltirmoqda. Aholini hech kim tabiiy ofat yuz berishi to‘g‘risida ogohlantirmagan, hech qanday choralar ko‘rilmagan, maktablar va bolalar bog‘chalari kechgacha ishlagan”, deyiladi maqolada.

29 aprel kuni Turkmanistondagi manbalardan biri: “Turkmanobod go‘yoki o‘lik shaharga o‘xshab qoldi. Ruxiyat saroyining gumbazi qulab tushdi. Maktablar va bolalar bog‘chalari tomsiz qoldi. Kuchli shamoldan zarar ko‘rgan ayrim uylar, aptekalar va xususiy do‘konlarda marodyorlar xo‘jayinchilik qilmoqda. Shaharda oziq-ovqat yetishmayapti. Ayrim xususiy do‘kondorlar inqirozdan foydalanib, narx-navoni haddan tashqari ko‘tarib yubordi. Ular bir buxanka non va bir butilka suv uchun 20 manat (deyarli 6 dollar) haq so‘ramoqda”,- deb aytdi.

Axborot ochligi hukmronlik qilayotgan sharoitda viloyatda bo‘ron qaytalanishi mumkinligi, zilzila bo‘lishi kutilayotgani, zilzila oqibatida Tojikistonning Sarez ko‘lidagi damba buzilib, mintaqa suv ostida qolishi to‘g‘risidagi mish-mishlar urchimoqda.

Politsiya va harbiylar bu mish-mishlardan vahimaga tushgan aholiga Lebap va Mari o‘rtasidagi adirliklarga chiqishga ruxsat bermay, yo‘lni to‘sib qo‘ydi. Bu yerga ketayotgan mashinalar ortga qaytarilmoqda.

Ayni paytda xorij davlatlarida yashovchi turkmanistonliklar prezident Gurbanguli Berdimuhamedovga murojaat yo‘lladilar. Murojaatda prezidentdan Lebap viloyati aholisiga tezkor yordam ko‘rsatish, jumladan, boshpanasiz qolganlarni yotoq bilan ta’minlash, odamlarga dori-darmon, ko‘rpa-to‘shak, qurilish materiallari, oziq-ovqat va suv yetkazib berish talab qilindi.

28 aprelga o‘tar kechasi Turkmanistonda boshlangan kuchli bo‘ron O‘zbekistonning Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga ham yetib kelgan edi. Buning natijasida aholi hayoti, infratuzilma tarmoqlari va qishloq xo‘jaligi ekinlariga katta zarar yetgan.

Buxoro viloyatida esa 1 odam o‘ldi, kamida 41 odam jarohatlandi, 5200 dan oshiq binoga zarar yetdi. O‘shanda shamol tezligi 9-40 m/sek.ni (32-140 km/soatgacha) tashkil qilgani bildirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 aprel kuni zudlik bilan Buxoro viloyatiga safar qilib, vertolyotda zarar ko‘rgan tumanlarni aylangan.

XS
SM
MD
LG