Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:28

Prezident tashabbusi bilan ochilgan jamg‘armaga majburlab pul o‘tkazish kampaniyasi kuchaydi


Majburiy-ixtiyoriy yig‘ilgan oziq-ovqat mahsulotlarining nochorlarga tarqatilayotgani haqida rasmiylar fotohisobot bermoqda¸ ammo o‘tkazilgan xayriya pullarining nimaga sarflanayotgani ochiqlanmayotir.
Majburiy-ixtiyoriy yig‘ilgan oziq-ovqat mahsulotlarining nochorlarga tarqatilayotgani haqida rasmiylar fotohisobot bermoqda¸ ammo o‘tkazilgan xayriya pullarining nimaga sarflanayotgani ochiqlanmayotir.

Prezident Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tgan hafta tuzilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga byudjet tashkilotlari ishchilari va tadbirkorlardan pul yig‘ish kampaniyasi boshlandi.

Ba’zi tashkilotlarda ishchilar oyligining 25-30 foizi ushbu jamg‘armaga o‘tkazilyapti.

Ozodlikka bo‘layotgan murojaatlarga ko‘ra, bu jarayon “majburiy- ixtiyoriy” ravishda amalga oshirilmoqda.

Karantin davrida muhtoj oilalarga yordam berish uchun boshlangan “Saxovat va ko‘mak” tadbiri 22 apreldan boshlab jamg‘armaga aylantirildi.​

“Majburiy- ixtiyoriy” xayriya

Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi o‘qituvchilarga bir kunlik ish haqini “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga “ixtiyoriy” ravishda o‘tkazib berish buyurildi.

Bu haqda Ozodlikka xabar yo‘llagan o‘rtachirchiqlik o‘qituvchi ishdan haydalish xavfi bois ismi ochiqlanmaslikni so‘radi.

“Direktor har bir xodimning bir kunlik ish haqi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi uchun ushlab qolinishini aytdi. Buning uchun biz “ongli ravishda o‘z ixtiyorim bilan oyligimdan ushlab qolinishini so‘rayman” deb ariza yozib, qo‘l qo‘yib berdik. O‘zi o‘tgan oy ham "hashar" deb bir kunlik oyligimizni ushlab qolishgandi. Odamning sharoiti bor-yo‘qligiga ham qarashmaydi”.

“Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga “ixtiyoriy” ravishda pul o‘tkazish mamlakatdagi barcha o‘qituvchilarga buyurilgan.

Toshkentning Olmazor tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisi jamg‘armaga pul o‘tkazish uchun yozgan rozilik arizasi nusxasini Ozodlikka yo‘lladi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatiga o‘z hissamni qo‘shish maqsadida 1 kunlik oylik maoshimdan o‘tkazilishiga roziman”, deyiladi arizada.

Ayni paytda Ozodlikka bo‘layotgan murojaatlardan ma’lum bo‘lishicha, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga pul o‘tkazish nafaqat o‘qituvchilar, balki mamlakatdagi barcha idora va tashkilotlarga buyurilgan.

Xususan, bankirlar ham shunday topshiriq olgan.

“Milliy bank raisi 5 kunlik ish haqini pandemiyaga qarshi kurash fondiga o‘tkazib berish haqida ko‘rsatma beribdi. Bu axir maoshimizning 25 foizi degani. Tavakkal qilib ishlaganimiz yetmaganday¸ bu topshiriq kelgan. Oldin ham 1 kunlik ko‘chirgandik, mayli deb”, deydi anonim qolish istagini bildirgan bank xodimi.

Bu tadbir boshlangandan beri Ozodlikka Soliq qo‘mitasi¸ prokuratura, Milliy gvardiya, Ichki ishlar bo‘limi xodimlaridan ayni mazmundagi o‘nlab xabar kelmoqda.

Jumladan, Toshkentning Olmazor tumani Ichki ishlari bo‘limi xodimi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga pul o‘tkazish bir martalik emasligini aytib, bu boradagi ariza blankasi nusxasini Ozodlikka taqdim qildi.

“Xalqimga kelgan sinovli damlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj, bemor va nogiron vatandoshlarimga yordam berishda o‘z hissamni qo‘shish maqsadida “Saxovat va ko‘mak” maxsus hisobiga oylik maoshimning may, iyun va iyul oylari davomida har oyda .... kunlik maoshimni o‘tkazishimga ruxsat berishingizni so‘rayman. Ushbu bildirgi o‘z xohishim bilan, hech kimning da’vatlarisiz yozildi”, deyiladi blankada.

Ozodlik gaplashgan IIB xodimi¸ oyliklarining 20-30 foizi ushlab qolinayotgani, bu esa¸ 3-5 kunlik ish haqiga to‘g‘ri kelishini bildirdi.

Ozodlik suhbatlashgan byudjet tashkilotlari xodimlari jamg‘armaga pul o‘tkazish uchun yozilgan rozilik arizalariga ishdan ajramaslik uchun majburan qo‘l qo‘yishganini aytdi.

“Kim qarshilik qiladi deysiz? Hammaning yagona pul keladigan daromadi, shu ishi. Bir- ikki marta qarshilik qilganlar bo‘ldi. “Yoqmasa, sizni hech kim bu yerda ushlab turgani yo‘q. Ishdan bo‘shab ketishingiz mumkin”, degan gap qilishgan. Hamma qo‘rqanidan rozilik yozib beradi. Boshqa ilojimiz ham yo‘qda”, deydi o‘rtachirchiqlik o‘qituvchi.

Ayni paytda tadbirkorlar ham “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga pul o‘tkazishga "majburlanayotgani"ni aytmoqda. Namanganlik tadbirkorning aytishicha, undan 200 ming so‘mni ushbu jamg‘armaga o‘tkazish so‘ralgan va IIB xodimi uning pul o‘tkazishini nazoratga olgan:

“200 ming so‘m o‘tkazib berishim kerakligini aytishgan. O‘zi karantin sharoitida ishlayapman. Ortiqcha pul yo‘q. Ichki ishlar xodimi har kuni telefon qilib, “pul o‘tmadiku” deb so‘rayapti”.

Ishchi va tadbirkor qo‘li bilan aholiga hukumat yordami ko‘rsatish

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kungi videoselektorda karantin payti muhtoj oilalarga yordam berish uchun “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.

“Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari, zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi”.

Prezident gapining ertasigayoq davlat idoralari oilalarga ko‘mak ko‘rsatish tashabbuslari bilan chiqa boshladi. Dastlab ushbu kampaniya oilalarga oziq-ovqat tarqatish ko‘rinishida bo‘ldi.

Keyinchalik “Mahalla” xayriya jamoat fondi huzurida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tuzildi.

Xayriyaga “majburlash”

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 22 apreldagi 213-f-sonli farmoyishiga ko‘ra, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari asosan homiylik va xayriya mablag‘lari hisobiga to‘planishi qayd qilingan. Bu jarayon mutlaqo ixtiyoriylik ko‘rinishida amalga oshirilishi ta’kidlangan.

Toshkentlik huquqshunos xayriya uchun pul yig‘ish jarayoning “majburiy-ixtiyoriy” jihatlarini shunday izohladi:

“Mehnat kodeksining 164-moddasida xodimning roziligi bo‘lmasa, uning oylik haqidan ushlab qolish mumkin emasligi qayd qilingan. Xodimning oyligidan biror chegirma qilinsa, bu haqda albatta uning yozma roziligi lozim. Shuning uchun ham barcha idoralar biror xayriyaga xodimlaridan pul yig‘ar ekan, ulardan ariza oladi. Xayriyaga pul yig‘ishni qonuniylashtirishning asosiy yo‘li - bu xodimning arizasi. Xodimning rozilik arizasi bor ekan, buni noqonuniy deya olmaymiz. Arizani xodim biror tazyiq yoki tahdid orqali yozgan bo‘lsa, buni xodimning arizasi bilan sudga oshirish mumkin. Lekin amaliyotda xodimlar ishni yo‘qotishdan qo‘rqib, sudga murojaat qilmaydi. Shuning uchun o‘zbekcha hashar va xayriyalarning son-sanog‘i yo‘q”.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev mahalliy matbuotga bergan intervyusida «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatida tadbirkorlar majburlanmayotganini ta’kidladi.

«Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Bu tadbirkorlarni saxovatga majburlash emas, balki ularning ko‘mak ishlarida ixtiyoriy ishtirok etishlarini ta’minlash maqsadida davlat tomonidan zarur shart-sharoitlarni yaratish harakatidir».

Yordamlar muhtojlarga yetib boryaptimi?

Karantin boshlanishi bilan saxovatpesha insonlar muhtojlarga yordam berish aksiyalarini boshladi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmay hukumat muhtojlarga yordam berishni o‘z nazoratiga oldi. Saxovatpesha insonlar muhtojlarga atagan yordamini hokimlik va boshqa davlat tizimlari nazoratidagi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi orqali tarqatish belgilandi. Buning ortidan Mahalla vazirligi qoshida Yagona muvofiqlashtirish markazi ish boshladi.

Ushbu markazga saxovatpeshalar tomonidan taqdim qilinayotgan mahsulotlar va “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga tushayotgan pullar taqdiri ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

Tarmoqlarda bu jarayonning shaffof emasligi borasida ko‘plab tanqidiy fikrlar bildirildi.

O‘rtachirchiqlik o‘qituvchi ham jamg‘armaga o‘tkazgan pullari taqdiridan xavotirda:

“Jamg‘armaga o‘tkazilgan pullar qaerga ketadi? Ishi bitgach hech kim hech qachon hisob bermagan. Bitta tumandagi barcha o‘qituvchining bir kunlik ish haqi oz pul bo‘lmaydiku. Buni butun respublikadagi o‘qituvchilarning bir kunlik oyligiga aylantirsakchi? Birgina o‘qituvchilarning o‘zidan qancha pul yig‘ilyapti. Bizku qo‘rqanimizdan pul beramiz, lekin bu pullar kimningdir cho‘ntagiga ketmayotgan bo‘lsin ishqilib”.

“Mahalla” xayriya jamoat fondining Respublika bo‘limi xodimining 28 aprel kuni Ozodlikka aytishicha, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga tushgan pullar nazorati jiddiy kuzatib boriladi.

O‘zini tanishtirmagan xodim jamg‘arma mablag‘lari va ulardan beriladigan ehsonlar borasida matbuot orqali ma’lumot berib borilishini ta’kidladi.

Toshkent shahar hokimligi Yagona muvofiqlashtirish markazi orqali ehsonlarni tarqatish shaffofligini ta’minlash maqsadida Telegram kanalida kunlik hisobotlarni berishni yo‘lga qo‘yganini xabar qildi.

XS
SM
MD
LG