Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:31

Soliq qo‘mitasi banklarni kartasiga 30 mln+ tushganlarga oid ma’lumot berishga majburlamoqchi. Jamoatchilik qarshi


Yangi loyiha bilan Soliq qo‘mitasi kartadan kartaga o‘tkazilayotgan pul mablag‘lari haqida bevosita ma’lumot olishga urinmoqda.
Yangi loyiha bilan Soliq qo‘mitasi kartadan kartaga o‘tkazilayotgan pul mablag‘lari haqida bevosita ma’lumot olishga urinmoqda.

6 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladigan regulation.gov.uz saytiga yangi loyiha qo‘yildi.

Muallifi Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lgan bu hujjat Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank qarori loyihasidir. U qabul qilingan taqdirda O‘zbekiston banklarida hisobraqami va unga bog‘langan kartasi bor har bir o‘zbekistonlikning pul aylanmasiga bevosita daxl qiladi.

Qaror loyihasiga ko‘ra¸ bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln.so‘mdan¸ tranzaksiyalar soni esa 10 tadan oshgan P2P (kartadan-kartaga) taqdirda tijorat banklari bu haqda soliq idorasiga xabar berishi lozim.

O‘tgan uch kun ichida bu loyiha “Bank siri “ to‘g‘risidagi O‘zbekiston qonuni¸ qolaversa¸ xalqaro standartlarga zid hujjat sifatida ham bank mutaxassislari¸ ham tadbirkorlar¸ ham oddiy soliq to‘lovchilarning keskin e’tiroziga uchradi.

Soliq qo‘mitasi tomonidan “yashirin iqtisodga barham berish chorasi” sifatida taqdim etilayotgan bu loyiha muxoliflari uning aynan yashirin iqtisod kuchayishiga xizmat qilishini aytmoqda.

Hujjat loyihasi nima haqda?

21 aprelga qadar muhokamaga qo‘yilgan hujjat “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va tijorat banklari tomonidan bank hisobvaraqlariga oid axborotlarni Davlat soliq qo‘mitasiga elektron uzatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” deb nomlanadi.

Hujjat loyihasi¸ Markaziy bank va mamlakatdagi barcha tijorat banklariga soliq organlariga o‘z mijozlari¸ xususan ularning hisob varaqlari bo‘yicha amalga oshirilgan operatsiyalar haqidagi axborotni taqdim etish majburiyatini yuklaydi.

Loyihani soddalashtirilgan shaklda taqdim etayotgan tahlilchilarga ko‘ra¸ uning muhim jihati “bir oy davomida jismoniy shaxslarning barcha bank kartalariga kelib tushgan pul mablag‘lari aylanmasi 30 mln.so‘mdan (shu jumladan, chet el valyutasi milliy valyuta ekvivalentida bo‘lgan taqdirda) va tranzaksiyalar soni 10 tadan oshgan P2P operatsiyalari to‘g‘risidagi axborotlarni DSQ so‘roviga ko‘ra uch ish kunida taqdim etish” haqidagi bandidir.

O‘z kartasidan boshqa birovning kartasiga bir oyda 30 million so‘mdan ko‘proq pul o‘tkazgan¸ yoki bir oyda kartadan kartaga 10 martadan ko‘proq pul o‘tkazgan istalgan shaxs¸ hujjat loyihasiga ko‘ra¸ soliqchilar nazoratiga o‘tkazilishi lozim.

Asosiy vazifasi mijozlarini o‘z hisob raqamiga ko‘proq pul qo‘yib¸ uni ko‘proq aylantirishga rag‘batlantirish bo‘lgan tijorat banklari¸ bu loyiha qabul qilinsa¸ soliq tizimi josusiga aylanishi va har bir mijozning 30 million so‘mdan oshiq aylanmasi haqida “qizil bayroq” ko‘tarib¸ soliqchilarni darhol xabardor qilishi shart bo‘ladi.

E’tirozlar mazmuni nima?

Muhokamaga qo‘yilganidan 9 aprelga qadar o‘tgan uch kun ichida loyihaga 251 ta taklif qo‘yilgan va ularning barchasida bu loyiha keskin tanqid qilingan¸ unga qarshi “ovoz berilgan”.

Birlamchi e’tirozlar¸ bu qarorning 2003 yili qabul qilingan “Bank siri to‘g‘risida”gi qonun¸ xususan¸ uning 3 va 9-moddalariga zid ekani bilan bog‘liq.

Bu qonunning 9-moddasiga ko‘ra¸ “bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga mazkur bank mijoziga (vakiliga) nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi mavjud bo‘lgan taqdirda, yetkazilgan zarar undirib olinishini yoki uning mol-mulki xatlanishini ta’minlash maqsadida tergovchi yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga binoan prokuror sanksiyasi bilan taqdim etiladi”.

Ikkinchi toifa e’tirozlar¸ bu loyihaning banklar aylanmasi va soliqdan chetda yashab kelgan “yashirin iqtisodiyot”ni qaytadan kuchaytirishga xizmat qilishi haqida.

Nimeymish, bu hujjat yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash maqsadida tayyorlanganmush. Masalan, yanvar oyida 6.3 mlrd.so‘m savdo tushumi qayd etilmay, R2R sxemasi orqali kartadan kartaga o‘tib ketganmush. Mayli, 6,3 mlrd.so‘m shunday sxema orqali soliqdan qochirilgandur, lekin taklif etilayotgan mexanizm 630 mlrd.so‘mni yashirin iqtisodiyotga ko‘chib o‘tishiga olib keladi-ku, buning ma’murchiligi qanchaga tushadi, deydigan odam yo‘q bularga. G‘alati zamon bo‘ldi rosa: Yashirin iqtisodiyot yaratadigan jarayonlarni ko‘zni lo‘q qilib yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash, deb turilsa. Oqni qora, qorani oq deyishdek gap bu”¸ deb munosabat bildirdi iqtisodchi bloger Otabek Bakirov.

Nega 30 mln? Nega 10ta tranzaksiya? Demak millionlab oddiy fuqarolarning bankdagi operatsiyalari lupa ostida tekshiriladi, hamma "pod kolpakom" bo‘ladi, bank tizimidan yana pul qochadi. Yashirin iqtisodiyot ayrimlar istaganidek yana gullab-yashnaydi”¸ deyiladi yana 48 kishi tomonidan ma’qullangan sharhlardan birida.

Men qarshiman bu loyihaga. Bank siri bo‘lmasa klientlar qochishni boshlaydi banklardan shundoq ham elektron naqd pulsiz muomalaga davlat odamlarimizni o‘rgatolmayatgan davrda odamlar yana naqd pul bilan oldi berdi qilishni boshlaydi. Nima keragi bor bunaqa tushunarsiz qonunlarni chiqarmokchi bo‘lishni? Bu orqaga qo‘yilgan birinchi qadam bo‘ladiku. Undan ko‘ra naqd pulsiz muomalani kuchaytirish kerak. Odamlar naqd pul bilan muomala qilmaydigan qilib bozorlargacha terminal qo‘yib tashlash kerak”¸ deydi loyiha muhokamasiga qo‘shilganlardan yana biri.

Muallif – Soliq qo‘mitasi nima deydi?

Jamoatchilik tomonidan qonun¸ qolaversa¸ Shavkat Mirziyoyev boshlagan islohotlarga zid harakat sifatida keskin qarshilikka uchragan loyiha muallifi – Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati Ozodlikning bu e’tirozlarga javob berish so‘rovini rad etdi.

Matbuot xizmati mulozimi loyihaning nega aynan hozir va nima maqsadda ishlab chiqilganiga oid savollarga "saytimizdan javob topasiz”¸ deganiga qaramay¸ qo‘mita rasmiy saytida na bu loyiha va na unga berilgan sharh topildi.

Ozodlik bilan shaxsini ochiqlamasdan gaplashgan qo‘mita mutaxassisi¸ bu loyihaga nisbatan bo‘layotgan qarshilik hovurini tushirishga urindi.

Bu yangi huquq normalari emas. Oldin ham mavjud bo‘lgan. Bu haqda prezidentning 1843-sonli qarori bor. Shu qarorga asosan 43 ga yaqin davlat organlari bizga ma’lumot beradi soliq ma’muriyatchiligini amalga oshirish uchun. Butun dunyoda bunday tartib bor. Bizda ham bu huquq normasi bor edi¸ ammo unchalik darajada chuqurlashib ketmagan edi. Yangi soliq kodeksi kiritilgani munosabati bilan yangi loyiha kiritildi. Birorta normasi yangilik emas buning. Faqat 30 million so‘m deb belgilanmagan edi. Shu informatsiya bor edi. 30 million ¸ soliq sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar natijasida bu raqam kiritildi. Chunki elektron tijorat rivojlanib ketgan¸ soliqdan qochish hollari juda ko‘p”¸ dedi Soliq qo‘mitasining Ozodlik izoh so‘ragan mutaxassisi.

Bu mulozim¸ “ayniqsa hozirgi vaziyatda onlayn savdoning kuchayib¸ odamlar xarid uchun kartadan kartaga pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘layotgani¸ bunday tadbirkorlikni soliqqa tortish ehtiyojini kuchaytirgani”ni ta’kidladi.

Bunday amaliyotning butun dunyoda borligini iddao qilgan soliq mutaxassisi¸ bu iddaosini qo‘llovchi biror davlat tajribasini keltirish so‘rovini javobsiz qoldirdi.

Bu “qonunga zid” qarorga sherik Markaziy bank nima deydi?

Muhokamaga qo‘yilgan loyiha muallifi Soliq qo‘mitasi bo‘lgani holda¸ u Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank qarori sifatida taqdim etilgan.

Ozodlik 9 aprel kuni bu loyihaning Markaziy bank bilan qanchalar muvofiqlashtirilgani¸ bank rahbariyati unga e’tiroz bildirgan-bildirmaganini o‘rganishga urindi.

Ozodlik bog‘langan Markaziy bank matbuot xizmati vakili¸ bankning bu haqdagi rasmiy bayonoti tayyorlanayotgani va yaqinda e’lon qilinishini bildirishdan nariga o‘tmadi.

Ammo bu hujjatni hozirlash jarayonidan bevosita xabardor Markaziy bank mulozimlari Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda uning “Bank siri to‘g‘risida”gi qonunga zidligi¸ qolaversa¸ yashirin iqtisodni kuchaytirishi haqida bildirilayotgan e’tirozlarga qo‘shilishini yashirmadi.

Soliqchilar¸ avvaliga bizga kartadan kartaga o‘tkazish limitini 100 million so‘m qilamiz deyishdi. Keyin 50 millionga tushirishdi. E’lon qilingan loyihada buni 30 million qilib qo‘yishipti. Pirovard maqsad¸ kartadan kartaga 30 milliondan ko‘p o‘tkazuvchilarni kuzatib borib¸ keyin ularni soliq to‘lashga majburlash. Bu loyiha faqat soliq idorasi manfaatiga xizmat qilishni ko‘zda tutadi. Banklarga nisbatan ishonch kamayishi turgan gap. Muhokamalardagi qarshilikni biz ham kuzatib turibmiz. Umid qilamiz¸ jamoatchilik fikri inobatga olinib¸ bu qaror qabul qilinmaydi”¸ dedi Markaziy bankning Ozodlik gaplashgan mutaxassislaridan biri.

Ozodlik uchun mutaxassis sharhi

Ozodlik O‘zbekiston banklarida hisobraqami bor har bir shaxsga tegishli bo‘lgan bu qaror loyihasiga huquqiy jihatdan sharh berishni so‘rab¸ bank qonunchiligi bo‘yicha huquqshunosga murojaat qildi.

Shaxsi ochiqlanmasligi so‘ragan tijorat banklaridan birining yuridik bo‘limi mutasaddisi bo‘lgan suhbatdosh¸ qaror loyihasini Karimov davrida soliqchilar tomonidan qonunga zid ravishda yurg‘izilgan amaliyotni “qarorga aylantirish” urinishi sifatida baholadi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston Respublikasining "Bank siri" to‘g‘risidagi qonuniga ziddir. "Bank siri" to‘g‘risidagi qonunning 9-moddasiga ko‘ra¸ hatto prokuratura va tergov organlari prokuror sanktsiyasi orqali olishi kerak bo‘lgan hujjatlarni Soliq idoralari to‘g‘ridan-to‘g‘ri olish vakolatiga erishmoqchi.

Loyihada aniq mexanizmlar va ma’lumotning nima maqsadda olinishi hamda qayta ishlanishiga aniqlik kiritilmagan. Bu degani ma’lumotni olsam¸ bilganimni qilaman degani. 5-6 yil oldin soliqchilar jismoniy shaxslarni soliq idorasiga chaqirib olib "qaysi bankdan qancha naqd pul yechding, qaerdan bu pulni olding, pul yechib bergan shaxs bilan aloqang qanday, unga necha pul pora berding?" deb o‘zi yoki MXX xodimlari ishtirokida tazyiq ostida so‘roq qilar edi. Oxirgi yillarda amalga oshirilgan qonunchilik va amaliy islohotlar natijasida bunday amaliyotlar to‘xtagan edi. Ushbu buyruq ortidan yana bosimlar va o‘zboshimcha tekshiruvlarning hidi kelmoqda.

Bu o‘ta xatarli hisoblanib, "qora - yashirin iqtisodiyot" rivojiga aynan hissa qo‘shishi aniq. Endi odamlar o‘zaro plastik karta orqali bir-biriga mablag‘ o‘tkazsa ham soliq organi nazorati uchun hisob berishi bu juda repressiv norma.

Plastik kartalarga tushgan pullar shundoq ham bir necha marta turli xil soliqlarga tortilgan bo‘ladi. Soliqqa tortilmagan pul massasi jismoniy shaxslarning plastik kartasiga tushib kelishi hozirda amalda bo‘lgan O‘zbekiston qonunlariga ko‘ra imkonsizdir.

Bu tijorat banklari faoliyati¸ umuman¸ bank tizimiga nisbatan ishonchni o‘ldiradi. Mijozlar yana naqd pulda muomala qilishga o‘tadi. Prezident raqamli bank tizimini rivojlantiraman deb turgan bir paytda bu aynan raqamsiz - qog‘ozli bank tizimini rivojlantirishga hissa qo‘shadi»¸ deb izohladi Soliq qo‘mitasining muhokamaga qo‘yilgan qarori loyihasini bank qonunchiligi bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassis.

XS
SM
MD
LG