Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:02

Oliy sud chekloviga qaramay¸ karantin paytida ham aholi uylarini buzish bo‘yicha sudlar davom etmoqda


Oliy sud 20 martdan 10 aprelga qadar sudlarning faqat kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni ko‘rib chiqishi haqida qaror chiqargan va bu muddat ichida snos bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqilmasligi belgilangan.
Oliy sud 20 martdan 10 aprelga qadar sudlarning faqat kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni ko‘rib chiqishi haqida qaror chiqargan va bu muddat ichida snos bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqilmasligi belgilangan.

O‘zbekiston aholisining aksar qismiga uydan chiqmaslik buyurilib¸ Oliy sud tomonidan karantin sharoitida sud ishlarini ko‘rishga cheklovlar joriy qilinganiga qaramay¸ respublika mikyosida fuqarolarning «noqonuniy qurilgan» deb tasniflanayotgan uy-joylarini buzish va yerlarni qaytarish bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda.

Oliy sud rayosati 20 mart kuni «O‘zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida»gi qaror chiqargan.

Oliy sud rayosatining karantin davrida muhim bo‘lmagan ishlarni ko‘rib chiqishni to‘xtatish haqidagi qarori.
Oliy sud rayosatining karantin davrida muhim bo‘lmagan ishlarni ko‘rib chiqishni to‘xtatish haqidagi qarori.

Unda 20 martdan 10 aprelga qadar sudlarning faqat qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llash¸ qamoq muddatini uzaytirish¸ o‘zgartirish va bekor qilish kabi kechiktirib bo‘lmaydigan toifadagi ishlarnigina ko‘rib chiqishi aytilgan. O‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzish va egallab olingan yerlarni qaytarish bilan bog‘liq nizolar karantin davrida ko‘rilishi lozim ishlar toifasiga kiritilmagan

Oliy Sud qaroriga qaramay¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ 20 martdan bugunga qadar viloyatlardagi Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat, shahar va tumanlar sudlarida hokimliklar manfaatlari ko‘zlangan ishlarni ko‘rish davom etmoqda.

Xususan¸ Oliy Sud cheklovidan so‘nggi muddatda Samarqand viloyat sudlarida 611 ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzish va egallab olingan yerlarni qaytarish bilan bog‘liq nizolar ko‘rib chiqilgan.

Олий суд чекловига қарамай¸ карантин пайтида ўтказилиб¸ ҳокимлик даъвоси қондирилган суд мажлиси қарори.

Ozodlikka bog‘langan "javobgarlar" karantin cheklovlari natijasida sudlarda bevosita qatnasha olmayotganliklari va sudlarning hal qiluv qarorlari ular ishirokisiz sirtdan chiqarilayotganligiga e’tiroz bildirmoqda.

Snos bilan bog‘liq sud ishlarining eng ko‘pi¸ Ozodlik ixtiyoridagi hujjatlardan ko‘rilishicha¸ Payariq (194ta) va Paxtachi (98ta) tumanlarida o‘tkazilgan.

Birgina 8 aprelning o‘zida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Tayloq tumanlararo sudi tomonidan Samarqand tuman hokimligi manfaatini ko‘zlab 24 ta o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzish bilan bog‘liq nizolar ko‘rilishi rejalashtirilgan. Bu O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Interaktiv xizmatlar portalidagi tayinlangan sud majlislari ochiq jadvalidan olingan rasmiy raqamlardir.

Олий суд чекловига қарамай¸ карантин пайтида ўтказилиб¸ ҳокимлик даъвоси қондирилган суд мажлиси қарори.

Oliy sud qarori bilan fuqarolar bilan ishlashning pochta yoki elektron shaklga o‘tkazilgani bois¸ aksar aholi uydan chiqish man etilgan ayni kunlarda o‘z uy-joyi taqdirining hal bo‘layotganidan bexabar qolmoqda.

Uyi buzilishga¸ yeri esa hokimlik balansiga o‘tkazilgani haqida ular sud hukm chiqarganidan kamida bir hafta o‘tib xabar topmoqda.

"Hokimliklar karantindan foydalanib snos bo‘yicha suddan qaror chiqartirib olmoqda"

Samarqand viloyat Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudining Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan gaplashgan mulozimi «kechiktirib bo‘lmaydigan ishlar» sirasiga kiritilmagan ishlarning hokimlik bosimi ostida ko‘rib chiqilayotganini bildirdi.

Олий суд чекловига қарамай¸ карантин пайтида ўтказилиб¸ ҳокимлик даъвоси қондирилган суд мажлиси қарори.

Mulozimga ko‘ra¸ «noqonuniy qurilgan» uy-joylarini buzish va yerlarni qaytarish bo‘yicha ishlarning barchasida da’vogar mahalliy hokimliklar va ular Oliy sud chekloviga qaramay¸ karantin davrida ishlarni imi-jimida o‘z foydasiga hal qilishga astoydil harakat qilmoqda.

Bunday bosim ostida o‘tkazilgan sud majlislari va chiqarilayotgan sirtqi qarorlar uyi va yeri tortib olinayotganidan bexabar aholi noroziligiga uchrayotganini sud mulozimi ham tan oladi.

«Payariqdan ham bir fuqaro sud tomonidan ishi sirtdan ko‘rib chiqilganligi bo‘yicha norozilik bildirdi. Sud sirtdan ko‘rgan bo‘lsa fuqarolar shikoyat bilan ishni qaytadan shu sudya tomonidan davlat bojisiz ko‘rib chiqilishi talab qilishlari mumkin».

Payariq tumanida yashovchi boshqa bir fuqaroning shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, karantin davrida Samarqand viloyat fuqarolik sudi uning 5 yildan beri yashab kelayotgan uyini «noqonuniy qurilgan» deb topgan va buzib tashlash bo‘yicha qaror chiqargan.

«Viloyat fuqarolik sudi Samarqand shahrida joylashgan, men esa Payariq tumanida yashayman. Shaharga kirib-chiqish taqiqlangan. Karantin sabab sudga qatnasha olmadim, lekin shunga qaramasdan mening ishtirokimsiz uyimni buzish bo‘yicha qaror chiqarildi. Sud qarori ijrosi bo‘yicha Majburiy ijro byurosi xodimlari kelib uyimni buzib tashlashsa¸ oilam bilan qaerga boramiz hozirgi sharoitda?» dedi karantin paytida uyi buzilishga tushgan payariqlik oila egasi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Interaktiv xizmatlar portalida ochiq tarzda joylashtirilgan qarorlardan karantin cheklovlariga qaramasdan boshqa viloyatlar sudlari tomonidan ham o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzish va egallab olingan yerlarni qaytarishni bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha hokimliklar manfaatlarini ko‘zlab qarorlar chiqarilgani ko‘riladi.

Ozodlik Oliy sud qarorining joylarda¸ xususan¸ Samarqand viloyatida ijro etilmayotgani haqidagi ma’lumotlar yuzasidan Oliy sud matbuot xizmatidan izoh olishga urindi.

Matbuot xizmati mulozimi¸ rasmiy saytda e’lon qilingan “sud majlislariga oid jadval”ning oldindan tayinlangani va bu jadval ularning amalda o‘tkazilayotganini bildirmasligini ta’kidladi.

Oliy sud qarori bilan 20 martdan 10 aprelga qadar ko‘rib chiqish to‘xtatilgan ishlar bo‘yicha sud majlislarining bo‘lib o‘tayotgani va hokimliklar foydasiga qaror chiqarayotganini tasdiqlovchi rasmiy hujjatlarning Ozodlikdagi nusxasi bilan tanishib chiqqan Oliy sud matbuot xizmati mulozimi quyidagi yozma izohni taqdim etdi.

"Sud qarorlardan ko‘rinib turibdiki, bu fuqarolar biron bir hujjatsiz o‘zboshimchalik bilan yerni egallab, qurilish qilishgan. Eslatib o‘tardimki, sud qaroridan norozi bo‘lgan fuqarolar, qaysi sud bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘z shikoyatlarini ommaviy axborot vositalariga emas, balki yuqori turuvchi sudga berishlari lozim. Chunki hech qaysi bir ommaviy axborot vositasi yoki unda e’lon qilingan material mavjud bo‘lgan sud qarorini o‘zgartira olmaydi. Shuni sizga murojaat qilgan fuqarolarga tushuntirsangiz, ayni muddao bo‘lar edi".

Ayni paytda¸ Oliy sud mulozimi fuqarolarning uyini buzish yoki yerini tortib olish bo‘yicha fuqarolik ishlari karantin davrida ko‘rib chiqilishi lozim ishlar sirasiga kiritilmaganiga qaramay¸ bunday sud majlislarining o‘tkazilayotgani Oliy sud rayosati qabul qilgan qarorga zid emasmi¸ bunday sudyalar uchun javobgarlik belgilanganmi¸ degan savollarni javobsiz qoldirdi.

XS
SM
MD
LG