Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 14:55

O‘qituvchilarga uyma-uy yurib, karantindagi o‘quvchilarning dars qilayotganini suratga olish buyurildi


O‘quvchilar pandemiya sabab 16 martdan ta’tilga chiqarildi. Hozirda onlayn ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
O‘quvchilar pandemiya sabab 16 martdan ta’tilga chiqarildi. Hozirda onlayn ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Andijonning Izboskan tumanida o‘qituvchilarga o‘quvchilarning onlayn darslarni qanday o‘zlashtirayotganini tekshirish va bu haqda hisobot tayyorlash topshirildi.

O‘qituvchilarning Ozodlikka aytishicha, ular karantinga qaramay uyma- uy yurib, o‘quvchilarning dars qilayotganini suratga olishlari lozim.

O‘qituvchilar, ular agar bu topshiriqni bajarmasa, oylik maoshiningiz qirqiladi, deb tahdid ham qilinganini iddao qilishdi.

Izboskan tuman xalq ta’limi mudiri Azizillo Abdukarimov bunday topshiriq berilganini inkor qilib, Ozodlik savollariga javob berishdan qochdi.

O‘qituvchilarga o‘quvchilarning onlayn darslarni qanday o‘zlashtirayotgani borasida hisobot qilish topshirilganini Izboskandagi ikkita maktab o‘qituvchilari va rahbarlari tasdiqladi.

Ozodlik suhbatlashgan o‘qituvchilar va maktablar rahbarlarining barchasi ishdan haydalishdan qo‘rqib, shaxsini ochiqlamaslikni so‘radi. O‘qituvchilar iltimosiga ko‘ra, ular ishlaydigan maktablar ham ochiqlanmaydi.

Shuningdek, Ozodlik tasarrufida o‘qituvchilar jo‘natgan suratlar ham mavjud, biroq o‘qituvchilar iltimosiga ko‘ra, suratlar ham e’lon qilinmayapti.

Karantindagi o‘quvchi haqida fotohisobot

Izboskanlik o‘qituvchilaridan birining Ozodlikka aytishicha, onlayn darslar boshlangach, ularga o‘quvchilar uyiga borib, fotohisobot tayyorlash topshirilgan:

“Uyida Interneti yo‘q oilalarga borib, o‘quvchilarning onlayn dars qilib o‘tirganini suratga olishimiz kerak ekan. Har bir o‘qituvchiga o‘zi rahbarlik qiladigan sinfidagi o‘quvchilar biriktirilgan. Interneti borlardan bolasini dars qilib o‘tirganini suratga olib jo‘natishni so‘radik. Boshqalariga o‘zimiz borishimiz kerak. Keyin bu suratlarni hisobot sifatida Telegramdagi kanaliimizga joylar ekanmiz”.

Shunday topshiriq olgan boshqa bir o‘qituvchi uyma- uy yurishdan qo‘rqayotganini aytdi:

“Borganimda ota-onalar juda yoqtirmay gaplashishdi. Agar biz borib ketganimizdan keyin shu oilada virus aniqlanguday bo‘lsa, boshqa joydan yuqtirishgan bo‘lsa ham o‘qituvchi aybdor bo‘ladi. Yo‘q joyda baloga qolishimiz mumkin. Keyin o‘zim uchun ham qo‘rqaman. Hamma karantinda o‘tirgan bo‘lsa, nimaga biz o‘zimizni xavfga qo‘yib, uyma- uy yurishimiz kerak?”.

Izboskanlik yana bir o‘qituvchi fotohisobot qilmagan o‘qituvchining oyligidan qirqish bilan tahdid ham qilinganini iddao qildi:

“Beriladigan har bir topshiriqlari oyligimizga ta’sir qiladi. Bajarmagan odamning oyligi kam chiqadi. Hozir ham “Oyligim yaxshi bo‘lsin, desanglar, yaxshilab ishlanglar”, degan gap qilishdi. Har doim ochiqcha aytiladi. Topshiriqni bajarishga majburmiz shuning uchun”.

Karantinga qaramay davom etayotgan majlisbozlik

Karantin sabab majlisbozliklar to‘xtatilganiga qaramay 7 aprel kuni Izboskan tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan videoselektor o‘tkazildi.

Ertalab soat 9larda boshlangan majlisga tumandagi har bir maktabdan taxminan o‘n nafardan odam qatnashgan.

Majlisda qatnashganlardan birining aytishicha, ular videoselektorda ishtirok etish uchun maktabga borishgan.

Majlisda o‘quvchilarning onlayn darslarni o‘zlashtirishi masalasi ham ko‘tarilgan.

“Televizori yo‘q o‘quvchilar bo‘lsa, televizor bilan ta’minlash ham aytildi. Endi o‘rganishimiz kerak, kimda televizor bor yo‘qligini. Qaerdan televizor topamiz, boshimiz qotgan. Ishqilib hamma o‘quvchining uyida televizori bo‘lsin, bo‘lmasa televizor topishga majbur qolamiz”, dedi Izboskandagi maktablardan birining rahbari.

Mudir inkori

Ozodlik muxbiri 7 aprel kuni Izboskan tuman xalq ta’limi mudiri Azizillo Abdukarimov bilan bog‘landi.

Abdukarimov o‘qituvchilarga fotohisobot qilish topshirig‘i berilganini mutlaqo inkor qildi.

Muxbir bunday topshiriq berilganini tasdiqlaydigan shaxslar bilan gaplashganini aytib, misollar keltirmoqchi bo‘lgan payti Abdurahmonov telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi. Ketma- ket qilingan boshqa qo‘ng‘iroqlarimizning birortasiga javob bo‘lmadi.

Maqolani tugatish arafasida Izboskandagi maktab rahbarlaridan biri Ozodlikka bog‘lanib, quyidagi ma’lumotni yetkazdi:

"Rayono allaqachon kim Ozodlikka xabar berganini surishtirishni boshladi. Maktab direktorlariga fotohisobot qilish borasida topshiriq bo‘lganinini inkor qilish aytildi. Ertaga sizlarga raddiya e’lon qilishadi. Hozir maqola chiqishini kutishyapti".

Ozodlikka ikki hafta avval ham izboskanlik o‘qituvchilardan uyma-uy yurib¸ ota-onalar bilan suhbatlashib chiqish topshirig‘i bo‘lgani borasida shikoyat bo‘lgan.

Tuman xalq ta’limi bo‘limi o‘sha paytda ham bu ma’lumotni inkor qilib, Ozodlikka raddiya yo‘llagan edi.

Onlayn darslar

16 martdan O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlanishi bilan barcha ta’lim muassasalari yopilib, o‘quvchilar ta’tilga chiqarildi.

30 martdan boshlab maktab o‘quvchilari uchun masofaviy ta’lim boshlandi.

Uchta telekanal orqali o‘quvchilar uchun teledarslar yo‘lga qo‘yildi.

Ayrim litsey va kollejlar Internet orqali onlayn o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘ydi.

Ayni paytda¸ mamlakatning chekka hududlarida elektr taqchilligi va Internet yo‘qligi bois¸ hukumatning darslarni masofaviy rejimga o‘tkazish harakatining muammoga uchrayotgani kuzatilmoqda.

Ushbu jarayonni Ozodlikning jonli blogi orqali kuzating:

XS
SM
MD
LG