Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 13:23

O‘zbek muhojirlarining Rossiyadan pul jo‘natmalari keskin kamaydi


Nijniy Novgorodda o‘zbek "Western Union" orqali pul jo‘natmoqda
Nijniy Novgorodda o‘zbek "Western Union" orqali pul jo‘natmoqda

Rossiyadagi pul o‘tkazuvchi moliyaviy tashkilotlar mart oyida mehnat muhojirlari jo‘natadigan pul hajmi keskin kamayganini xabar qildi. “Yunistrim” va “Zolotaya korona” bu tendensiyani koronavirus pandemiyasi tufayli joriy etilgan cheklovlar bilan bog‘lamoqda.

Rossiya hukumati mamlakatdagi katta qurilishlarda “izolyatsiya rejimini” joriy etmaslikka chaqirmoqda.

RBK nashri e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning shu davriga solishtirganda “Yunistrim” kompaniyasi orqali pul jo‘natmalari 35 foizga qisqargan. Shu bilan birga, “Yunistrim” 2020 yilning martida onlayn-kanallar orqali jo‘natilgan mablag‘lar hajmi o‘tgan yilga nisbatan 4 barobarga oshganini qayd etdi.

“Zolotaya korona” kompaniyasi ham martdagi pul o‘tkazmalari hajmi 30 foizga qisqargani, aprelda bu ko‘rsatkich 50 foyizga tushishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Shirkat rahbariyati pul o‘tkazmalar kamayishini joriy etilgan cheklovlar bilan bog‘lamoqda.

Mutaxassislar mablag‘ yuborish tizimlaridan asosan Rossiyada mehnat qilayotgan migrantlar foydalanib kelishi, joriy etilgan “izolyatsiya rejimi” tufayli ularning aksar qismi ishsiz o‘tirganini sabab qilib ko‘rsatmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek muhojirlari Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan “o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish rejimi” 30 aprelgacha uzaytirilishi ular ahvolini yanada murakkablashtirib yuborganini ta’kidlab kelmoqda.

Patent to‘lovlari va registratsiyani uzaytirishga majburlanayotgan migrantlar Rossiya hukumatidan bu yig‘imlarni karantin holati yakuniga qadar to‘xtatib turishni so‘ramoqda.

Moskva viloyatidagi shaharchalardan birida ishsiz o‘tirgan samarqandlik Javlonbek yaqin bir-ikki oyda uyiga pul jo‘nata olmasligi sabablarini Ozodlikka bunday tushuntirdi:

- Biz ishlab kelgan restoran ishini noma’lum vaqtgacha to‘xtatdi. Men ishsizman endi. Karantinda uyda o‘tiribman o‘rtoqlarim bilan. Biroz ishlagan pulimiz bor edi - shunga tirikchilik qilyapmiz. Uyga pul jo‘nata olmayman - o‘zimga bazo‘r yetadi oy oxirigacha. Karantin tugasa registratsiya qilishim kerak, ish izlashim kerak, ishga kirgan taqdirimda ham bir oy oylik olmayman. Uydagilar bir amallab turar.

Odatda aynan mart-aprel oylarida ish mavsumi boshlanib, yurtiga ketgan mehnat muhojirlari Rossiyaga qaytishni boshlar edi.

Rasmiy raqamlarga binoan, Rossiyada koronavirus epidemiyasi tugashini kutib yotgan migrantlar soni rasmiy qaydga ko‘ra 8,9 million kishini tashkil etadi. Bu raqamlarga e’tibor qaratgan Rossiya hukumatida qurilish sohasini boshqarib keluvchi bosh vaziri muovini Marat Xusnullin mehnat migrantlari ishlayotgan qurilish ob’ektlarida ish faoliyatini to‘xtatmaslikni tavsiya qildi.

- Ular odatda yotoqxonalarda zich ahvolda yashab kelishadi. Yaxshisi ular ishda bo‘lishsin, yotoqxonada yotgandan ko‘ra, - dedi jurnalistlar oldida chiqish qilgan Marat Xusnullin.

Bugunga kelib Rossiyadan jo‘natilayotgan pul o‘tkazmalarining asosiy qismi MDH davlatlariga to‘g‘ri keladi. Rossiya Markaziy banki hisob-kitobiga ko‘ra, 2019 yilda Rossiyadan yuborilgan 7,5 milliard AQSh dollaridan 6 milliardi - sobiq Ittifoq respublikalariga to‘g‘ri kelgan.

Bu o‘tkazmalarning deyarli yarmi - 3 milliard AQSh dollaridan ko‘proq hajmi O‘zbekistonga yuborilgan. Ayni paytda Tojikistonga- 699 mln. dollar, Armanistonga - 627,6, Qirg‘izistonga - 612 million dollar.

XS
SM
MD
LG