Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:05

Huquq faollari Rossiyada patent va registratsiyani vaqtincha bekor qilish talabi bilan chiqdi (VIDEO)


Muhojirlar patent to‘lovlari va registratsiyani bekor qilib turishni so‘ramoqda
Muhojirlar patent to‘lovlari va registratsiyani bekor qilib turishni so‘ramoqda

Rossiyalik inson huquqlari himoyachilari va mehnat muhojirlari himoyachilari ishga ruxsatnoma uchun oylik to‘lovlarni hamda migratsiya qaydini koronavirusga qarshi tadbirlar yakuniga qadar bekor qilib turish talabi bilan chiqdi.

Agar shunday qilinmasa, Change.org saytida boshlangan ovoz yig‘ish tashabbuschilari fikricha, ishsiz qolgan Rossiyadagi aksar migrantlar nolegal holatga o‘tib ketishi mumkin.

Rossiyada qolayotgan mehnat migrantlari talablarini ovoza qilgan bir guruh huquq faollari ishga ruxsat beruvchi patentlarning oylik to‘lovlari va migratsiya qaydiga turish tartibini koronavirusga qarshi favqulodda holat yakuniga qadar bekor qilib turishni so‘rab chiqdi.

Buning uchun Change.org Internet platformasida ular tomonidan Rossiya hukumatiga atalgan maxsus petitsiya ostida imzo yig‘ish boshlandi.

“Hozirda Rossiya iqtisodiyoti, ayniqsa yirik shaharlar iqtisodi migrantlarga suyanib qolgan. Migrantlar qurilishda 80%, oziq-ovqat ishlab chiqarish va maishiy xizmat sohasida 60%, kuryerlik xizmatida 90 % va kommunal xo‘jalik sohasida ishchilarning 70% ini tashkil etib keladi. O‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish rejimi tufayli muhojirlarning aksar qismi maosh va ishlarini yo‘qotdi.

Ular patent va kvartira ijarasi haqini to‘lash yoki bir oyga oziq-ovqat g‘amlash tanlovi oldida turibdi. Ular patent haqini to‘lasa - biz Rossiyada ijtimoiy aloqalari uzilgan va chegaralar yopilgani tufayli yurtiga qayta ololmayotgan och-nahor g‘azablangan odamlar armiyasiga ega bo‘lamiz”, deyiladi petitsiya ostida keltirilgan tushuntirish xatida.

Huquq faollari davlat idoralarining karantin rejimiga chiqishi mehnat migrantlarini migratsiya qaydiga turish imkonidan ham mahrum etayotganiga e’tibor qaratdi.

“2,5 milliondan ziyod qonun asosida ishlab kelayotgan va Rossiya iqtisodini ushlab turgan migrantlar nolegal holatga o‘tib ketishi mumkin. Bu holat esa Rossiyadagi yuz minglab mayda va o‘rta biznes sub’ektlarini xonavayron qilishi, natijada - rossiyaliklarga zaruriy bo‘lgan xizmat va tovarlardan mahrum etishi mumkin,” deb yozadi petitsiya tashabbuschilari.

Rossiyalik migrantlar himoyachilari Rossiya hukumatiga:

1. Ishga ruxsat beruvchi patent to‘lovlari;

2. Migratsiya qaydiga turish va uni uzaytirish majburiyati;

3. Rossiya Federatsiyasida qolayotgan xorij grajdanlari migratsion maqomini har qanday yo‘llar bilan tekshirishni VAQTINChA TO‘XTATIB TURISH talabi bilan chiqdi:​

Ozodlik epidemiya tufayli chegaralari yopilgan Rossiyada qolayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar moddiy ahvoli yomonlashib borayotgani, ularning ishsiz qolgan katta qismi patent va registratsiya to‘lovlarini amalga oshirishga mablag‘i qolmagani to‘g‘risida xabar berib kelmoqda.

Yuzaga kelgan vaziyatda Internet tarmoqlarida "#netdenegnapatent" (patentga pul yo‘q) heshtegi ostida fleshmob boshlanib ketdi.

Patent va registratsiyani vaqtinchalik to‘xtatib turish arizasi tashabbusini boshlab bergan migrantlar bepul yuristi Valentina Chupik Ozodlik bilan suhbatda Rossiya hukumati bu talablarni bajarmasa mamlakatda migratsiya va kriminogen vaziyat murakkablashadi, degan fikrni bildirdi:

- Patent va migratsiya qaydi bekor qilinmasa, odamlarda legallashishga puli qolmaydi, ular huquqiy maqomini o‘zgartirishga majbur bo‘ladi va Rossiyada nolegal holatdagilar armiyasi vujudga keladi! Keyin ularni legallashtirishning imkoni bo‘lmay qoladi, keyin ularni hujjatlarni yana qayta tiklashga majburlash qiyin bo‘ladi. 3-4 million odam qonunlar asosida yashamaslikka o‘tadi. Bu hol esa huquq muxofazasi idoralari, jumladan politsiyada korrupsiyani avjiga chiqaradi. Mahalliy byudjetlar esa katta miqdorda tushumlardan mosuvo qoladi.

Huquq faoli bugunga kelib Portugaliya va Chexiyada, Qozog‘iston va O‘zbekistonda qolayotgan xorij grajdanlari migratsiya qaydiga turish majburiyatidan vaqtincha ozod etilgani va ularning mehnat huquqlari mahalliy grajdanlarnikiga tenglashtirilganini eslatib o‘tdi.

Valentina Chupik mehnat muhojirlari uchun o‘ta muhim bo‘lgan bu petitsiyani ikki kunda atigi 600 ga yaqin odam imzo chekkanidan taassuf ham bildirdi.

Shu yilning 25 martida Rossiya prezidenti 28 martdan 5 aprelgacha bo‘lgan muddatni “ishlamaydigan kunlar” deb e’lon qildi. Bu chiqish ortidan ko‘plab mintaqalarda majburiy “o‘zini-o‘zi izolyatsiya qilish” rejimi kiritilgan edi.

1 aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin koronavirusga qarshi kurashga qaratilgan tadbirlar doirasida “ishlanmaydigan kunlar”ni 30 aprelgacha uzaytirdi.

Izolyatsiya rejimi joriy qilinganiga qaramasdan, Vladimir Putin hukumati Rossiyada qolib ketgan mehnat migrantlari to‘lovlariga oid biror o‘zgartish kiritgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG