Rossiyada ilk marta koronavirus yuqtirganlik holati qayd etilgan va rasmiylar vahimaga tushmaslikdan ogohlantirgan 16 martda siyosiy tahlilchi va Kreml tanqidchisi Valeriy Solovey “Exo Moskvi” radiostansiyasi mehmoni bo‘lgan edi.
O‘sha kungi eshittirishda u tinglovchilarga huqumat tahdidga qarshi kurasha olmayotgani va epidemiya miqyosi haqida yolg‘on gapirayotganini aytgan edi. Solovey o‘sha suhbatda 93 ta virus yuqtirganlik holati qayd etilgani, ammo o‘lim holati yo‘qligi, shuningdek, pandemiya Rossiyaga jiddiy zarar yetkazmasligi haqidagi har qanday taxminlarni rad etgan edi.
Solovey boshlovchi Aleksey Solominni hayron qoldirar ekan, aslida kamida 1600 kishining o‘lgani “tasdiqlangani”ni iddao qilib, tez orada 2 million nafar rossiyalik virus yuqtirishini bashorat qilgan, ammo gaplariga isbot keltirmagan edi.
Solomin bunday ma’lumotni qayerdan olganini so‘raganda, Solovey “barcha amaldorlar ham vijdonini yo‘qotgani yo‘q”, deb javob bergan edi.
(Ozodlik muxbiri Soloveydan axborotni qayerdan olgani so‘raganida, aniqroq gapirib, bemorlarning o‘limi bilan bog‘liq raqamni hukumat amaldoridan olganini aytdi, biroq uning ismini ochiqlashdan bosh tortdi. Yana hech qanday isbot keltirmadi.)
Soloveyning davlat virus tarqalishiga oid haqiqiy raqamlarni yashirayotgani haqidagi iddaosi hokimiyat idoralari berayotgan rasmiy talqinga shubha uyg‘ota boshladi. Hokimiyat idoralari 20 martda “Exo Moskvi” rahbariyatiga Solovey bilan intervyuni vebsaytdan “koronavirusga tegishli soxta axborot tarqatishga yo‘l qo‘ymaslik tadbirlari” doirasida olib tashlashni buyurdi va radiostansiya shunga rozi bo‘ldi. Soloveyga esa 100 ming rubl (1300 dollar) jarima solish bilan tahdid qilindi.
Rossiyada hukumatning koronavirus pandemiyasiga qarshi javob choralariga shubha bilan qarayotganlar ko‘p. Mamlakatda 24 mart holatiga ko‘ra¸ rasman 495 ta virus yuqtirganlik holati qayd etilgan. Bu boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda ancha past ko‘rsatkichdir. Shu kungacha 200 mingga yaqin kishi tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilgani haqidagi rasmiy bayonotlarga ham ko‘pchilik ishonmayapti.
Dastlab yangi virus yuqtirgani sabab o‘lgani aytilgan ikki moskvalikni amaldorlar keyinchalik boshqa kasallikdan vafot etdi, deb e’lon qildi. Koronavius yuqtirganlik va o‘lim holatlarini qayd etib boruvchi markazlar shu kungacha Rossiyada koronavirusdan faqat bir kishi o‘lganini aytmoqda.
Sovet hukumatining Chernobilda 1986 yil aprelida ro‘y bergan yadro reaktori portlashi bilan bog‘liq fojia oqibatlarini sir tutgani sababli ko‘pchilik hukumat berayotgan ma’lumotlarga ishonchsizlik bilan qaraydi.
Rossiya hukumati axborot makonini nazorat qilish kampaniyasini boshladi, buning uchun o‘zi “soxta xabar” deb atayotgan ma’lumotlarni tarqatishni taqiqlash uchun yangi qonun qabul qildi.
400 ming rublgacha jarima solish belgilangan qonun yordamida hukumat yolg‘on axborot tarqatilishini nazorat qilishga urinayotgan bo‘lsa, tanqidchilar buni erkin fikr bildirishni tiyib turishga intilish¸ deb baholamoqda.
− Bu foydasiz amaliyot, biroq Rossiyaning boshqaruv uslubiga mos tushadi, – dedi Solovey Ozodlik radiosiga.
19 martda Sankt-Peterburg shahri politsiyasi COVID-19 pandemiyasi to‘g‘risida “haqiqatni aks ettirmaydigan” ovozli xabar jo‘natgan kishini so‘roq qilish uchun chaqirganini bildirdi. Boshqa yana ikki holatda noto‘g‘ri xabar tarqatgani iddao qilinganlarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi. Ular jamoatchilik oldida kechirim so‘rashga majburlandi. Tanqidchilar ular bunga majburlanganini aytmoqda.
Tataristonlik Oksana Garipova virus tahdidi sabab respublika yopilishi aytilgan xabaridan so‘ng 30 ming rubllik jarimaga tortildi va mahalliy radio orqali kechirim so‘radi, bu ham yetmaganday, Moskvaga olib kelinib, “Pust govoryat” dasturiga chiqib, o‘ziga berilgan jazo adolatli bo‘lganini aytdi.
23 martda hukumat koronavirus haqida “soxta xabar” tarqatganlik uchun jazoni og‘irlashtirib, bunday qilganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi e’lon qildi. Endi qonunni buzganlar ko‘proq jarima to‘lashi, hatto qamalishi mumkin.
Rossiya hokimiyati koronavirus haqida chet ellarda noto‘g‘ri axborot tarqatishda ayblanmoqda. Yevropa Ittifoqining 16 martda matbuotga sizdirilgan hujjatida Kreml yetovidagi axborot vositalari G‘arb mamlakatlariga bo‘lgan “jamoatchilik ishonchiga putur yetkazish” uchun yolg‘on xabarlar tarqatayotgani aytiladi.
Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov o‘sha hujjatni “tagi puch ayblovlar”ga asoslangan deb atadi. Biroq undan ikki hafta oldin Kremlning o‘zi "badniyat aktyor"larni Rossiyada chalkashliklar keltirib chiqarishga urinayotganlikda ayblagan edi.
Rossiya vatandoshlarini COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat haqida xabardor qilib borayotgan hukumat markazi boshlig‘i Aleksey Goreslavskiy hokimiyat idoralari epidemiya haqida noto‘g‘ri xabar tarqatayotgan o‘nlab kampaniyani fosh qilganini iddao qildi.
O‘sha holatlarning ko‘pchiligi hamon tergov qilinmoqda. Solovey davlat idoralaridan hozircha Rossiyada koronavirusdan o‘lganlar soni haqidagi bayonoti uchun jarima undirilishiga oid bildiruv olmaganini aytdi. Uning fikricha, “Rossiyada odamni faqat uning mashhurligigina himoya qilishi mumkin”.