Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:34

Prokuraturaga advokatlar "telegraf xabarlari"ni ham kuzatish vakolatini beruvchi qonun loyihasi keskin norozilik uyg‘otdi


Advokatlar adolat tarozisining prokurorlar pallasiga qonunga xilof ravishda tosh qo‘yilayotganini aytmoqda.
Advokatlar adolat tarozisining prokurorlar pallasiga qonunga xilof ravishda tosh qo‘yilayotganini aytmoqda.

24 mart kuni Oliy Majlis Senati “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan yangi o‘zgartishlarni ma’qulladi.

Qonun loyihasida, prokuror sanksiyasi bilan advokatlarning telefon so‘zlashuvlari eshitilishiga ruxsat berish¸ advokatlarning boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiradigan so‘zlashuvlari, xabar va ma’lumot uzatilishini nazorat qilish ko‘zda tutiladi.

Bu o‘zgarishlar advokatlar¸ shuningdek¸ O‘zbekiston Advokatlar palatasi raisi Alim Ernazarovning keskin noroziligiga uchradi.

Palata rasmiy saytida e’lon qilingan b​ayonotda Ernazarov¸ bu loyihaning qonunga zid ravishda - o‘zining imzo va roziligisiz ma’qullanganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Advokatlar palatasi Raisi Alim Ernazarov 24 mart kuni kechqurun palata saytida mamlakat advokatlariga murojaatini e’lon qildi.

Advokatlik faoliyatimizga tegishli o‘zgarishlarga mening ham qat’iy e’tirozim borligini bildiraman.


“Albatta, bugun Senat tomonidan ma’qullangan, advokatlik faoliyatimizga tegishli o‘zgarishlarga mening ham qat’iy e’tirozim borligini bildiraman. Bu holatdan, advokat va Advokatlar palatasi Raisi sifatida - noroziman. Qonun hujjatlarida, advokatlarga tegishli qonun hujjatlari loyihasi, Advokatlar palatasi Raisi tomonidan imzolanishi (rozilik olinishi) belgilangan. Birok, qonunchilarimiz tomonidan bu tartibga rioya qilinmadi. Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Rais Alim Ernazarov, yuqorida eslangan qonun loyihasiga imzo (viza) quymagan. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi, advokatlarimiz jipsligida advokatlik faoliyatida xalqaro standartlarni tadbiq etishga harakat qiladi".

O‘zbekistonlik taniqli advokat Sergey Mayorov Ozodlik bilan suhbatda qonunga kiritilishi ko‘zda tutilgan o‘zgarishlarni advokatlar faoliyati daxlsizligiga qilingan navbatdagi daxl deb atadi.

Advokatlar birlashib prezidentga murojaat qilib, bu Qonunni imzolamaslikka va uni qayta ishlash uchun qaytarishni iltimos qilmoqchi”.


“Qonunning “Advokatning daxlsizligi” moddasiga endi “uning telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali amalga oshiriladigan so‘zlashuvlarini, xabarlari va ma’lumotlari uzatilishini nazorat qilish” bandi ham qo‘shilgan. Bu to‘g‘ri emas. Yangi qonunni prezident hali imzolamagan. Advokatlar birlashib prezidentga murojaat qilib, bu Qonunni imzolamaslikka va uni qayta ishlash uchun qaytarishni iltimos qilmoqchi”.

Amaldagi qonunga aniqlik kiritgan Mayorov¸ 1998 yilda qabul qilingan “Advokatlik faoliyatining kafolatlari va advokatlarning ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasiga ko‘ra¸ ​Bosh prokuror, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlarining sanksiyalari bilan advokatning uy-joyi, xizmat xonasi yoki shaxsiy transportiga kirish, telefon so‘zlashuvlarini eshitishga ruxsat borligini eslatib o‘tdi.

Qonunga kirtilgan o‘zgartish
Qonunga kirtilgan o‘zgartish

O‘zbekistonlik yana bir advokat Umid Davletov Senat ma’qullagan o‘zgarishlar advokatlar mustaqilligi¸ odil sudlov tamoyillariga zid ekani¸ advokatlar faoliyati ustidan prokuratura nazoratini yanada kuchaytirib yuborishini ta’kidladi:

Bu qonun odil sudlov amalga oshirilayotgan paytda tomonlar tengligini cheklab qo‘ydi.

- Advokatlik siri bor, advokatning sirini oshkor qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Agar bu qonunni prezident tasdiqlaydigan bo‘lsa, prokuraturaga xohlagan vaqtda advokatlik faoliyati bilan bog‘liq informatsiyalarni bemalol kuzatish, telefonlarini titkilash, nazorat qilib borish imkoniyati yaratib beriladi. Bu advokatlik faoliyatining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunga, advokatlik siriga tamoman ziddir. Bu qonun odil sudlov amalga oshirilayotgan paytda tomonlar tengligini cheklab qo‘ydi. Chunki, prokurorda vakolat bo‘lganidan keyin, aynan shu ish bo‘yicha advokat nima ishlar qilyapti, kimlar bilan gaplashyabdi, ijtimoiy tarmoqlardan nimalarni qidiryapti, bemalol shularni eshitib, ko‘rib o‘tirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu esa tenglik emas!

Toshkentlik advokat Ruhiddin Komilov prokuraturaga advokat faoliyatini to‘liq nazorat qilish vakolatini berishni "mantiqsizlik" deb baholadi:

- Agar adolat va odil sudlov prinsipiga rioya qilinsa, prokuror bilan advokat tarozining ikki pallasida bir xil vaznda turish kerak. Lekin prokurorga ko‘proq vakolat berilishi, u o‘tirgan tarozi pallasini bosib ketdi. Chunki prokurorning advokat so‘zlashmalarini eshitishining o‘zi odil sudlovning buzilishidir. Bu mantiqsizlikdan boshqa narsa emas.

Bosh prokuratura advokatlar noroziligini "asossiz" deb atadi

25 mart kuni Advokatlar palatasi Raisi Alim Ernazarov e’tirozi¸ qolaversa¸ ijtimoiy tarmoqlardagi keskin tanqidlarga munosabat bildirgan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ​matbuot xizmati "bildirilayotgan xavotirlar, talqinlar o‘rinsiz va asossizdir"¸ dedi.

Bosh prokuratura bayonotida ham¸ amaldagi​ qonunga muvofiq hozirgacha ham prokurorlarda "advokatning telefon va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarini eshitib turish, uning pochta-telegraf jo‘natmalarini ko‘zdan kechirish kabi tezkor-qidiruv tadbirlarni o‘tkazishga sanksiya berish" vakolati bo‘lgani ta’kidlandi.

Yangi tahrirdagi qonun loyihasidagi bor-yo‘q o‘zgarish¸ Bosh prokuratura ta’kidicha¸ tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish uchun prokuraturaga advokatlarning telefonlar va boshqa so‘zlashuv qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitishdan tashqari, pochta, kurьerlik jo‘natmalarini, telegraf xabarlarini va boshqa xabarlarni nazorat qilish vakolatini berish¸ xolos.

Bosh prokuratura o‘z bayonotida qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarning "advokatlar daxlsizligiga biron-bir jihatdan tahdid qilmasligi¸ ular qonuniy faoliyatiga hech qanday to‘sqinlikni vujudga keltirmasligi"ni alohida ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG