Линклар

Шошилинч хабар
10 апрел 2020, Тошкент вақти: 06:51

Moskva va Novosibirskdan qaytarilgan mehnat muhojirlari Shovot sanatoriysida karantinga olindi


Karantinga olinganlar saqlanayotgan Chirchiqdagi "Sokol" lageridan yuborilgan surat.

Joriy yilning 22 mart kuni O‘zbekiston hukumati tashkil qilgan uchta charter reysda yuzlab mehnat muhojiri Moskva va Novosibirskdan O‘zbekistonga qaytarildi.

Yo‘lovchilar qo‘lidagi uchoq chiptasida so‘ng qo‘nalg‘a Toshkent deb ko‘rsatilganiga qaramay¸ uchala uchoq ham Urganch aeroportiga qo‘ndirildi.

Rossiyadan qaytgan mehnat muhojirlari Ozodlikka bog‘lanib¸ o‘zlarining sharoiti og‘ir harbiy kazarmaga joylashtirilgani va bu yerdagi oziq-ovqat sifatidan shikoyat qilgan bo‘lsa¸ mahalliy rasmiylar uchoqdan tusha solib 14 kunlik karantinga olinganlarning hammasi Shovot tumanidagi eng yaxshi sanatoriyda mehmon qilinayotganini ta’kidladi.

Toshkentga uchganlar Urganchda karantinga olindi

Rossiyadan charter reyslarda qaytgan uchta uchoq yo‘lovchilarining Toshkent emas¸ Urganchga olib kelingani haqida Ozodlik muxbiriga Urganch xalqaro aeroporti xodimi ma’lum qildi.

«22 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat ertalabki 9:00 da¸ peshingi 13:30 da va kechqurun 19:35 da uchta bort Urganch aeroportiga qo‘ndi. Maxsus izolyatsiya libosi kiygan personal ularni jiddiy tekshirib maxsus avtobuslarda karantin joyiga olib ketdi. Ularning boshqalar bilan kontakt qilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Bortlar va yo‘lovchilar tushgan zina mashinasi dezinfeksiya qilindi. Ularning karantin o‘tish joyi haqida bizda ma’lumot yo‘q»¸ dedi Urganch aeroporti xodimi.

Bundan oldin Uzbekistan Airways aviashirkati 22 mart kuni Tolmachyovo aeroportidan Novosibirsk-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha charter qatnovini amalga oshirgani¸ uchoqda 253 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

Ozodlik Novosibirsk aeroportida uch kundan ziyod kutib¸ nihoyat Urganch aeroportiga qo‘ngan farg‘onalik ayolning Rossiyada qolgan singlisi Sumayya bilan gaplashdi. Sumayya opasi bilan telefonda bir marta gaplashgani va shundan keyin aloqa uzilganini aytdi.

«Opam sharoit yomon¸ bizni nemis fashistlardek kutib oldi. Zax joyga oborib bir xonaga 6 kishidan tiqib qo‘ydi. Suvlari sho‘r¸ oldin kasal bo‘lmasak¸ endi kasal bo‘lamiz"¸ deb aytdi. Keyin aloqa uzildi".

Ozodlik surishtiruvi davomida¸ farg‘onalik ayolning 22 mart kuni ertalab soat 9.00 da Urganchga qo‘ngan uchoq bortidagi yo‘lovchilardan biri ekani va bu reysda kelganlarning hozirda Xorazm viloyati Shovot tumanidagi sanatoriyga joylashtirilgani aniqlandi.

Shovot tumanidagi sanatoriyning Ozodlik bog‘langan vrachi «karantin talablariga ko‘ra¸ karantinga solinganlarning boshqalar bilan muloqot qilish mumkin emasligini» bildirish bilan kifoyalandi - karantindagilar sharoitiga oydinlik kiritishni istamadi.

"Zax kazarmada sasigan perlovka berishdi..."

Ayni paytda Ozodlikka maktub yozgan va o‘z ismi sir qolishini so‘ragan migrant Xorazmga keltirilganlar zax harbiy kazarma ichida karantinga olinganini bildirdi:

"Biz oldin Urganchga qo‘ndik. Keyin maxsus avtobusda Shovot tumaniga olib kelishdi. Telefonlarimizni olib qo‘yishdi. Yonimdagi kishi telefonini bermagan ekan. Shuni telefonidan yozyapman. Bizni sovuq va zax kazarmaga joylashtirishdi. Hech kim bizning salomatligimizni tekshirgan joyi yo‘q. Bizga xalq dushmanlari kabi qarab¸ avtomatlar bilan qurollangan askarlar o‘rab turibdi. Bizga aynib¸ achib qolgan perlovka shavla berishdi. Sasib yotibdi. Ovqatga qo‘l urmadim. Faqat bir burda non yedim».

Maktub muallifi o‘z xatida «hokimiyat vakillaridan hech kim xabar olmagani va konslagerga o‘xshagan joyda zindonband bo‘lganidan» shikoyat qildi.

Ayni paytda¸ karantin sharoitidan Ozodlikka shikoyat qilganlar¸ mobil telefonlari olib qo‘yilgani bois o‘z sharoitlari aks etgan surat yoki videolarni yuborish imkoni yo‘qligini iddao qildi.

Ozodlik bunday shikoyatlarda ortidan Shovot tuman hokimligi bilan bog‘landi. Muxbir savolini diqqat bilan eshitgan hokimlik mulozimi tuman hokimligi matbuot xizmati bilan bog‘lanishimizni so‘radi.

Rasman: Karantinga olinganlar harbiy kazarmada emas!

Shovot tuman hokimligi matbuot xizmatining Ozodlik gaplashgan vakili «karantinga solinganlar sharoiti yaxshi» ekanligini ta’kidladi.

«Hech qanaqa harbiy kazarma emas¸ balki sanatoriyaga joylashtirildi. Ko‘l bo‘yidagi xushhavo sanatoriya. Mehmonlar kelishidan bir kun oldin sanatoriya tozalandi. Ko‘rpa-to‘shaklar yangidan qo‘yildi. Lampochkalar almashtirildi. Sanuzellar ta’mirlandi. Maxsus dezinfeksiya qiladigan uskunalar qo‘yildi. Hatto sanatoriyaga boradigan ko‘cha ham asfalьt qilindi. Keling¸ ko‘ring. Tuman hokimi va mahalla ahli bel¸ ketmon ushlab hozir ham sanatoriya hovlisini obodonlashtirish ishlari bilan band. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va boshqa idoralar karantinga olingan yurtdoshlarimiz salomatligini mavjud bo‘lgan sharoitlar doirasida jiddiy nazoratga olgan. 14 kun mehmon bo‘lishadi. Keyin bizlar sog‘¸ ular salomat».

Ozodlik Shovot tumanida joylashgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston DXX chegara qo‘shinlari zobit va askarlari istiqomat qiladigan harbiy kazarma komendanti bilan bog‘landi.

Zobitning aytishicha¸ O‘zbekistonning Turkmaniston bilan chegarasida joylashgan muhim harbiy ob’ekt bo‘lgan kazarmada askar va zobitlardan boshqa hech kim yashamayapti.

Ayni paytda¸ Mudofaa vazirligi e’lon qiligan xabarlarga ko‘ra¸ mamlakat bo‘ylab o‘rnatilayotgan karantin rejimi ijrosini nazorat qilishga mamlakat harbiylari ham jalb qilingan.

"Rossiyadan qaytgan migrantlarga ola qaralmayapti"

Xorazm viloyatida karantinga solingan va sharoitlardan shikoyat qilgan migrantning Ozodlikka yozgan maktubida «Dubay¸ Riga va Istanbuldan kelgan migrantlar zo‘r sharoitli oromgohlarda karantinga solingani va Rossiyadan kelgan mehnatkashlar esa mol yashashga ijirg‘anadigan og‘ilxona kabi joylarda saqlanayotganligidan» tashvish bildirilgan.

Xorazm viloyatidagi koronavirus oqibatlarini bartaraf qilish shtabi a’zosi¸ oliy toifali vrach Ozodlik muxbiri bilan suhbatda «karantinga olinganlar qaysi mamlakatdan kelganiga emas¸ salomatlik darajasiga ko‘ra» ajratilayotganligini bildirdi.

Ozodlik gaplashgan Shovot hokimiyat tizimiga yaqin mulozim¸ ayni kunlarda rayon rahbarlarining karantinga olinganlar uchun ishlayotganini bildirdi.

"Butun tuman shularni kutishga mobilizatsiya qilindi. Pul to‘lab sanatoriyga kelganlar chiqarib yuborilib¸ o‘rniga Rossiyada muhojiratda yurganlar joylashtirildi. Sanatoriy o‘pka¸ nafas olish yo‘llarini davolashga ixtisoslashgan. Yonida ko‘l bor. Uning suvi ham shifoli. Faqat ichimlik suvi sifati Toshkent¸ vodiydagidan yomonroq bo‘lishi mumkin¸ lekin qolgan sharoitlari yaxshi".

Avvalroq Ozodlik 21−26 mart kunlari prezident ko‘rsatmasiga binoan xorijdagi o‘zbekistonliklarni mamlakatga qaytarish uchun charter reyslar amalga oshirilishi haqida xabar qilgan edi.

Uchoqdan tushishi bilan majburiy karantinga olinganlar Ozodlikka murojaat qilib¸ o‘z sharoitlari yomonligidan shikoyat qilgan edi.

XS
SM
MD
LG