Линклар

Шошилинч хабар
10 апрел 2020, Тошкент вақти: 08:33

Mulozimlar: Koronavirus pandemiyasi ham o‘zbekcha majlisbozlikni to‘xtata olmayapti


Andijon hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishlardan biri. (Bu suratning 20 mart kungi majlisga aloqasi yo‘q).

O‘zbekiston hukumati koronavirus epidemiyasi yoyilishining oldini olish uchun qator cheklovlar o‘rnatib¸ ommaviy tadbir va yig‘ilishlarni bekor qilganiga qaramay¸ viloyatlarda bir necha yuz kishilik majlislar o‘tkazish davom etmoqda.

Keyingi uch kun davomida Ozodlikka Xorazm¸ Buxoro va Andijon viloyatlaridan yuborilgan xabar va hujjatlarga bunday yig‘ilishlarga eskicha uslubda shaxsan qatnashishi shart qilingan rahbar va mulozimlar ro‘yxati ilova qilingan.

Majlisda qatnashishi shart bo‘lgan mulozimlar Ozodlik bilan suhbatda hokimlarning o‘zini go‘yoki atrofda jiddiy epidemiya yo‘qdek tutayotgani¸ bir necha yuz odamni studiyalarda hech bir maskasiz soatlab o‘tirishga majburlayotganidan xavotir bildirdi.

15 mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston hukumati qabul qilgan chora-tadbirlarni e’lon qilgan Bosh vazir Abdulla Aripov “barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida majlislar o‘tkazish vaqtincha to‘xtatilgani”ni e’lon qilgan edi.

Buxoroda soliqdan qarzdorlikni undirish masalasida katta majlis

Buxoro hokimiyat tizimida ishlovchi mulozim tomonidan Ozodlikka yuborilgan "Telefonogramma" 18 mart kuni shahardagi to‘rt sektor rahbari¸ viloyat tegishli tashkilotlari boshliqlari¸ shuningdek Markaziy bank viloyat boshqarmasi va viloyatdagi tijorat banki rahbarlariga yuborilgan.

Buxoro shahar hokimi O‘tkir Jumayev nomidan yuborilgan bu telefonogrammada shahardagi bank tizimi rahbarlari¸ shuningdek¸ har bir tijoriy bankning 65 mahallaga biriktirilgan xodimlariga 18 mart kuni ertalab shahar hokimligi katta majlislar zalida hozir bo‘lish buyurilgan. Telefonogrammada shahar hokimi bu yig‘ilishning viloyat yangi hokimi Karim Kamolov topshirig‘iga ko‘ra chaqirtirilganini ta’kidlagan.

Buxoro shahar hokimi bank tizimi rahbarlariga yuborgan Teelefonogramma nusxasi.
Buxoro shahar hokimi bank tizimi rahbarlariga yuborgan Teelefonogramma nusxasi.

Koronavirus epidemiyasi yoyilib borayotgan ayni kunlarda chaqirtirilgan bu majlis kun tartibidagi asosiy masala Buxoro shahridagi jismoniy va yuridik shaxslarning yer¸ mol-mulk solig‘idan qarzini to‘liq undirish deb belgilangan.

Telefonogrammaning so‘nggi satrida Buxoro shahridagi 65 mahallaga biriktirilgan bank xodimlari “o‘zi bilan terminalini ham olib kelsin” degan buyruq mazmuniga Ozodlik hozircha oydinlik kirita olmadi.

Buxoro viloyati va shahar hokimligining Ozodlik bog‘langan xizmatchilari bu majlis va uning tafsilotlaridan bexabarliklarini aytish bilan cheklandilar.

Andijon hokimi “muhtaram prezident” topshiriqlari bo‘yicha katta majlis chaqirdi

Ozodlikka shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mahalliy mulozim tomonidan yuborilgan hujjat “Shoshilinch Telefaksogramma”dir.

Shahar va tuman hokimlariga yuborilgan bu hujjat Andijon viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdujabbor Egamberdiyev nomidan yozilgan.

Unda 20 mart kuni soat 16:30 da viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov raisligida “o‘ta dolzarb” masalalar yuzasidan majlis o‘tkazilishi aytilgan.

Andijonda 20 mart kuni chaqirtirilgan katta yig‘inga oid hujjat nusxasi.
Andijonda 20 mart kuni chaqirtirilgan katta yig‘inga oid hujjat nusxasi.

Hujjatning so‘nggi abzatsida unda tumanlardagi studiyalardan qatnashishi shart qilib belgilanganlar ro‘yxati berilgan va undan majlisga shaxsan kelishi kerak bo‘lgan mulozim va tadbirkorlar sonining har bir tumanda yuzlab bo‘lishini tushunish mumkin.

Andijondagi favqulodda majlis kun tartibidagi bosh masala ham Buxorodagi kabi¸ byudjet tushumlari bo‘yicha “qoloqlikni bartaraf etish”¸ meva-sabzavot eksporti bo‘yicha belgilangan rejani bajarishdir.

“Shoshilinch Telefaksogramma”ga yig‘ilishda, shuningdek, prezident Mirziyoyev 19 mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi va iqtisodga zararini yumshatish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda bergan topshiriqlar va shu haqda imzolangan Farmon ijrosini muhokama qilinishi ham aytilgan.

Abdurahmonovning majlisbozligini na Bosh vazir¸ na koronavirus to‘xtata olmayapti. Bitta tuman studiyasiga 300 tacha odam chaqirtirilgan¸ shahardagi 450 ka yetadi. Hamma shaxsan kelishi shart¸ bo‘lmasa¸ kallasi ketadi. Karantin¸ ijtimoiy izolyatsiya degan narsalarni bular tushunmayapti. Koronavirus desak¸ "vahima qilma¸ bizda unaqa narsa yo‘q"¸ deyishdi. Na hokim¸ na boshqalar maska taqayotgani yo‘q. Bunaqa majlislar virus o‘chog‘i aylanishi mumkinligini rahbar bo‘lib bular tushunmaganda¸ bozorda tekin isiriq uchun to‘planayotgan olomondan xafa bo‘lmasa ham bo‘ladi”¸ dedi bu majlisda qatnashishi buyurilgan andijonlik mulozimlardan biri.

Andijonlik suhbatdosh viloyat rahbarlari majlislarni boshqa format¸ xususan¸ masofaviy shaklga ko‘chirish¸ rahbarlarning uy yoki ish xonasidan qatnashishiga ruxsat berish masalasini hozircha tilga olmayotganini qo‘shimcha qildi.

Ozodlik mahalliy vaqt bilan 19:25 da¸ "Shoshilinch Telefaksogramma"da aytilgan majlis chaqirtirilgan vaqtdan uch soat o‘tib bog‘langanida¸ Andijon viloyat hokimligi rasmiylari “majlisning hali tugamaganini” bildirdi.

Xorazmda investitsiya masalasida 300 kishilik majlis o‘tkazildi

Ozodlikka Xorazmdan bog‘langan mahalliy mulozimlardan biri 19 mart kuni Bosh vazirning investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari maxsus yig‘ilish uyushtirgani va kamida 300 mahalliy rahbar va tadbirkorning unda qatnashishi shart etib belgilaganini bildirdi.

"Bizning salomatligimiz¸ uyimizdagilar salomatligining majlissevar rahbarlarga bir tiyinlik ahamiyati yo‘q. Hatto G‘arbda o‘qib kelgan rahbarlar ham mahalliy mulozimlar darajasiga tushib qolgan. Televizorni ozgina ochgan odam dunyoda koronavirusni to‘xtatish uchun qanaqa favqulodda ishlar qilinayotganini¸ tahdid jiddiyligini tushunadi. Lekin prezidentga hisob berishdan boshqa narsani o‘ylamaydiganlar hammaning sog‘lig‘ini majlis deb xavfga qo‘ymoqda"¸ deydi Ozodlik bilan shaxsini ochiqlamay gaplashgan xorazmlik mulozim.

12-13 mart kunlari Xorazmga safar qilgan prezident Mirziyoyev Xorazmdagi iqtisodiy ko‘rsatkichlarning respublika darajasidan past ekanini tanqid qilgan va tadbirkorlarni jalb qilgan holda aholi turmush darajasini ko‘tarish uchun viloyatda 200 ming yangi ish o‘rni yaratishni buyurgan edi.

Koronavirus pandemiyasi O‘zbekistonda ham yoyilib borayotgan bir paytda o‘tkazilgan katta majlis ana shu topshiriq ijrosiga bag‘ishlangan.

Pandemiya majlis va hatto oliy darajali uchrashuvlar formatini o‘zgartirmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti pandemiya deb e’lon qilgan joriy vaziyatda aksar davlatlarda ommaviy karantin e’lon qilindi¸ chegaralar yopildi¸ millionlab ishchi-xizmatchilarga ta’til yoki uyidan ishlashga ruxsat berildi¸ aholidan o‘ta muhim ehtiyoj bo‘lmagan taqdirda¸ uyidan chiqmaslik¸ ijtimoiy izolyatsiyada yashash tavsiya etildi.

Hukumatlar va boshqaruv tizimlari ham majlislarni onlayn shaklga ko‘chirdi¸ hatto iqtisodi taraqqiy qilgan 7 davlat rahbarining oliy darajali so‘zlashuvi ham¸ tarixda birinchi marta¸ onlayn videosuhbat shaklida o‘tkaziladigan bo‘ldi.

15 mart kuni pandemiyaning O‘zbekistonda yoyilishini to‘xtatishga qaratilgan hukumat chora-tadbirlarini e’lon qilgan Bosh vazir Abdulla Aripov maktab va bog‘chalarda 16 mart kunidan kamida ikki haftalik ta’til boshlanishi¸ an’anaviy Navro‘z sayillari¸ qolaversa¸ boshqa ommaviy marosimlar, jumladan, uloq-ko‘pkari, kurash va boshqa odamlar ko‘p to‘planadigan tadbirlar bekor qilinishi¸ shuningdek¸ barcha davlat va nodavlat tashkilotlarida majlislar o‘tkazish ham vaqtincha to‘xtatilishini bildirgan edi.

Ayni paytda¸ prezident Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni chiqargan "Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmonning qalin harflar bilan yëzilgan 25-moddasida:

"Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi joriy yil 22 martdan boshlab 2 oy davomida kunlik selektor yig‘ilishlarini o‘tkazib, har bir hududda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, sanoat, infratuzilma va boshqa sohalar barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash masalalarida muammolar bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilib boradi"¸ deyilgan.

Bu esa¸ Ozodlik gaplashgan davlat mulozimlariga ko‘ra¸ O‘zbekistonda koronavirusga bag‘ishlangan yangi majlisbozlik to‘lqini boshlanishiga asos bo‘lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG