Линклар

Шошилинч хабар
30 март 2020, Тошкент вақти: 14:23

O‘zbekistonda ilk videofilmni suratga olgan Maqsud Yunusov olamdan o‘tdi


Maqsud Yunusov "Navoiy" videofilmini olish chog‘ida

Markaziy Osiyoda televizion spektakl rejissurasining ilk namoyandasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, xalqaro Bobur mukofoti sovrindori Maqsud Yunusov 19 mart kuni Toshkent shahrida 88 yoshida olamdan o‘tdi.

Maqsud Yunusov 19 mart kuni Toshkentning "Oltintepa" qabristoniga dafn qilindi.

Rejissyor Maqsud Yunusov Sovet davrida ijtimoiy muammolar¸ o‘g‘rilik¸ korrupsiya va paxtani qo‘shib yozish kabi muammolarni aks ettirgan «Girdob» ko‘p qismli televizion videofimini suratga olgan edi.

Turli yillarda Maqsud Yunusov «Alisher Navoiy», «Bobur», «Kecha va kunduz», «Layli va Majnun», «Ichkuyov» singari xalq orasida mashhur bo‘lgan yirik asarlarni televideniyeda sahnalashtirgan.

Maqsud Yunusov sa’y-harakatlari bois o‘zbek teatrlari¸ xususan Milliy akademik teatr spektakllari videolentaga muhrlanib milliy madaniyat merosi sifatida saqlanmoqda.

O‘zbekistonlik taniqi ijodkorlar Yodgor Sa’diyev¸ Erkin Komilov¸ Tesha Mo‘minov va Bahrom Matchonovlar Maqsud Yunusovni o‘zlarining ustozi deb bilishini ta’kidlab kelishadi.

Maqsud Yunusov
Maqsud Yunusov

2020 yilning 19 martida Toshkentda tuproqqa berilgan Maqsud Yunusov 1930 yil 11 sentabrda Toshkentning o‘sha paytda chekka qishlog‘i bo‘lgan Yunusobodda tug‘ilgan edi.

Maqsud akani yaxshi bilgan teatr artisti Otamurod Bekchonovning xotirlashicha¸ Yunusov 1946 yili qishloqdagi 7 yillik maktabni tugatib, yaqin atrofda 10 yillik maktab yo‘qligi uchun Toshkent shahriga kelib, O‘rmon xo‘jaligi texnikumiga o‘qishga kirgan

«Maqsud aka texnikumni tugatgach SADU , (O‘rta Osiyo universiteti) filologiya fakulьtetiga xujjat topshiradi. Yetarli ball yig‘olmay , universitet hovlisidan chiqib ketayotganda Teatr va rassomlik institutining domlasi Mixail Fattohov "teatrshunoslikni bitirib ham yaxshi adabiyotshunos bo‘lish mumkin" deb o‘zi bilan olib ketadi. Hech kimga, hatto ota-onasiga ham aytmay o‘qib yuraveradi. Diplom ishiga A.P.Chexovning “Iltimos” asarini sahnalashtirib, yaxshi baho oladi. Institutni bitirgandan so‘ng Yangiyo‘l shahar teatriga yo‘llanma berishadi. U yerda Shuhrat Abbosov bilan tanishdi»

Maqsud Yunusov 1959 yildan boshlab televideniyeda ish boshlaydi. Uning ilk sahnalashtirgan asarlari Anton Chexovning “Ayiq”, “Iltimos”, “Yubiley” asarlari asosidagi novellalar edi.

Taniqli artist, marhum Obid Yunusov bundan 15 yil oldin Ozodlikka suhbat berganida «Maqsud Yunusov Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani asosida 5 qismli telespektakl tayyorlash uchun 3 yil izlanganligini» aytib bergan edi.

XS
SM
MD
LG