Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:21

Bemor ayol bilan bir samolyotda kelgan 24 o‘zbekistonlik karantinga olindi (VIDEO)


Koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun olingan namuna (illyustrativ surat)
Koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun olingan namuna (illyustrativ surat)

COVID-19 infeksiyasi aniqlangan toshkentlik ayol bilan birga uchgan 24 o‘zbekistonlikning hammasi karantinga olindi.

Ayol bilan birga yashaydigan 10 oila-a’zosi ham Virusologiya instituti klinikasiga yotqizildi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, ayol yashagan ko‘pqavatli uydagi xonadonlardan 230 kishi tibbiy kuzatuvga olingan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi O‘zbekistonda aniqlangan ilk bemorga oid qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qildi.

Agentlikning Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma’lum qilishicha, bemor 2020 yilning 28 fevraldan - 11 martiga qadar Fransiyada sayohatda bo‘lgan.

11 mart kuni soat 6:00 da Parij-Toshkent 252-reysi bilan Toshkentga uchib kelgan.

Toshkent xalqaro aeroportida o‘tkazilgan va kasallik belgilari aniqlanmagan. Asosiy yashash manzili bo‘yicha uy sharoitida 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.

13 martga kelib esa bemor tomog‘ida qichishish, tana harorati ko‘tarilishi hamda yo‘tal belgilari bilan shifoxonaga yotqizilgan va 15 mart kuni koronavirus tasdiqlangan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, samolyotda u bilan birga uchgan 48 kishidan 24 nafari tranzit orqali, mamlakatga kirmay, boshqa davlatlarga uchib ketgan.

O‘zbekistonda qolgan 24 kishi esa 14 kunlik karantinga olingan va maxsus tayyorlangan muassasalarga joylashtirilgan.

Ayni paytda, Toshkent xalqaro aeroportida 11 mart kuni ishlagan chegara qo‘shinlari, bojxona, aeroport xodimlaridan iborat 69 kishi ro‘yxatga olingan va maxsus muassasalarda 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan.

Bemor oilasining 10 a’zosi to‘liq tekshiruvdan o‘tkazish uchun Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti klinikasiga joylashtirilgan.

Bemor yashagan ko‘p qavatli uy va bemor xonadonida dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, bu uydagi 230 kishi tibbiy kuzatuvga olingan.

Ayni paytda, Ozodlikka 11 mart kuni Parijdan borgan bemor, uning qo‘shnilari va bemor bilan birga uchgan yo‘lovchilar haqida ma’lumotlar kelmoqda.

Jumladan, ​Ozodlikka ana shu yo‘lovchilardan birining Toshkentdagi S-1 massividan karantinga olib ketilayotgan yo‘lovchi videosi kelib tushdi.

Bundan tashqari, Ozodlikka Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga yaqin ishonchli manba bergan qo‘shimcha ma’lumotga ko‘ra, bemor Toshkentning Qo‘yliq massividagi ko‘pqavatli uyda yashaydigan 48 yoshdagi ishbilarmon ayoldir.

Manba taqdim qilgan ma’lumotga ko‘ra, bu ayol "koronavirus infeksiyasi to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lgan vrach ginekolog, Toshkentda xususiy klinikasi bor".

Yana bir qo‘shimcha ma’lumotga ko‘ra, ayol 2020 yilning 28 fevral - 10 mart kunlari Fransiyada bo‘lgan va bu orada Gvadelupa oroliga kemada 8 kunlik sayohatga borgan.

Ozodlik bu ayolning ismi, manziliga ega va ma’lum sabablarga ko‘ra, buni oshkor qilmayotir.

15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olgan ilk bemor aniqlanishi ortidan Bosh vaziri Abdulla Aripov ishtirokida shoshilinch yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Hukumat yig‘ilishida qatnashgan qator mahalliy nashrlar va blogerlar, jumladan, davletovuz Telegram kanalining xabar qilishicha, majlisda koronavirus tarqalishi oldini olish uchun keskin choralar belgilangan:

- 16 martdan O‘zbekistonning chet el davlatlari bilan avia va avtomobil qatnovlari to‘xtatiladi: fuqarolarning chetga chiqishi, chet davlat fuqarolarining O‘zbekistonga kirishi taqiqlanadi, xorijdagi o‘zbekistonliklar qaytishi uchun sharoit yaratiladi;

- 16 martdan barcha davlat va nodavlat ta’lim muassasalari - maktablar, oliy o‘quv yurtlari va bog‘chlar bahorgi ta’tilga chiqariladi - yopiladi. Aytilishicha, bu ta’til 3 hafta davom etishi mumkin;

- Barcha ommaviy tadbirlar, shu jumladan, Navro‘z tadbirlari bekor qilindi, Toshkentdagi talabalarning uylariga - viloyatlarga qaytishi uchun temir yo‘l va aviachiptalarga 50 foiz chegirma beriladi;

- Koronavirus vaqtida fuqarolar savollariga javob berish uchun 16 martdan Yagona koll-markaz tashkil qilinadi;

- Barcha davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan majlis hamda boshqa o‘tkazish vaqtinchalik to‘xtatiladi;

- Hukumat barcha diniy idoralarga diniy marosimlarni o‘tkazishni vaqtincha cheklash bo‘yicha murojaat qildi.

XS
SM
MD
LG