Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:14

Moskva prokuraturasi nolegal migrantlar qaerda ko‘pligini pul jo‘natmalaridan aniqlamoqda


"Migrantlar ovi" - Moskva qiyofasining ajralmas qismiga aylangan.
"Migrantlar ovi" - Moskva qiyofasining ajralmas qismiga aylangan.

Moskva prokuraturasi Rosfinmonitoring xizmati bilan hamkorlikda nelegal migrantlarni pul o‘tkazmalari bo‘yicha aniqlashga kirishganini e’lon qildi.

Buning uchun prokuratura pul o‘tkazayotgan firmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shahar xaritasiga solib, migrantlar zich yashaydigan joylarni aniqlamoqda.

Rossiya Markaziy bankining yillik hisobotlariga ko‘ra¸ vataniga eng ko‘p pul yuborayotganlar orasida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari birinchilikni qo‘ldan boy bermay kelmoqda.

“Prokuratura muhojirlarni pul jo‘natmalari bo‘yicha aniqlamoqda!”

Moskva prokuraturasi 2019 yildan boshlab mamlakat poytaxtida nolegal migrantlar jamlangan joylarni aniqlash bo‘yicha yangi algoritmni sinab ko‘rganini e’lon qildi.

TASS agentligiga bergan intervyusida Moskva prokurori Denis Popov muhojirlar zich yashaydigan joylar pul ko‘chirmalarini amalga oshirayotgan ofis va firmalar faoliyati asosida aniqlanganini bildirdi.

- Rosfinmonitoring bilan hamkorlikda biz xorij grajdanlari konsentratsiyasi katta bo‘lgan joylarni aniqlash bo‘yicha yangi metodikani ishga soldik. O‘tgan yilda shahrimiz hududidan xorijliklar tomonidan 25 mlrd rubl mablag‘ jo‘natilgan. Pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanayotgan ofislar to‘g‘risidagi ma’lumotni biz shahar xaritasiga solib, ular zich joylashgan qurilish va sanoat ob’ektlarini aniqladik.

Eng katta pul mablag‘lari Moskvaning Janubi-Sharqiy ma’muriy okrugi – Pechatniki va Lyublino tumanlaridan Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga yuborilgani aniqlandi, dedi prokuror Denis Popov.

Moskva prokuraturasi rahbari shaharda ichki ishlar organlari tomonidan olib borilayotgan “muhojir ovi”, “zachistka” va “reydlar” aynan shu “yangi uslub” yordamida amalga oshirilayotganini bildirdi.

Prokuror Denis Popov pul tranzaksiyalari asosida migrantlarning legal yoki nolegal ekani emas, balki ular zich yashaydigan joylar aniqlanishini ta’kidladi.

Moskva bozoridagi politsiya reydi.
Moskva bozoridagi politsiya reydi.

Prokuratura rasmiysi suhbat davomida “har yettinchi qotillik, har uchinchi bosqinchilik va har ikkinchi zo‘rlashni migrantlar sodir etayotgani"ni ta’kidlashni unutmadi.

“Yotoqxonalarga qaydga olish nazorat ostida!”

Moskva shahar prokurori “nolegal migratsiya”ga qarshi kurashda 2018 yilda joriy etilgan “Moskva xavfsizligi” (“Moskovskaya bezopasnost”) dasturi ham qo‘l kelayotganini eslatdi.

- Bu dastur mehmonxona, hostel, yotoqxona xodimlariga shahrimizga kelayotgan xorijliklarni masofadan turib qaydga olish imkonini beradi. O‘tgan yilning birinchi yarmida bu programmadan 1,5 ming mehmonxona foydalanib, 3,6 million migrant uchyotga qo‘yildi. Surishtiruvlar natijasida¸ Lyublinodagi hech kim yashamaydigan va “400 kishiga” mo‘ljallangani aytilgan binoda 3 oy davomida 80 ming kishi qayd etilgani aniqlandi.

Denis Popov Moskvada bu kabi “rezinali mehmonxonalarni” yo‘qotish uchun zamonaviy texnologiyalarning yangi turlari joriy etilayotganini ma’lum qildi.

"O‘zbekistonliklar pul o‘tkazmalari bo‘yicha ilg‘or"

Rossiya Markaziy banki rasmiy ma’lumotlariga binoan, 2020 yil boshlarida Moskvaning o‘zida migratsiya kartasi olgan muhojirlar soni o‘tgan yilga nisbatan 1 milliondan oshgan va ularning umumiy soni 4,5 millionga yetgan. Ulardan 644 mingigina ishga ruxsatnoma – patent asosida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.

FinExpertiza tadqiqotchilari e’lon qilgan raqamlarga ko‘ra, mehnat muhojirlarining Rossiyadan o‘z vataniga yuborayotgan pul jo‘natmalari oxirgi 7 yilda kamayib bormoqda. 2009-2018 yillar davomida migrantlar tomonidan Rossiyadan 141,4 milliard dollar (5,64 trillion rubl) mablag‘ yuborilgan. Bu davr mobaynida eng ko‘p pul jo‘natmalari – umumiy hisobdan 30 foizdan ziyodrog‘ini -o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Rossiyalik mutaxassislarga ko‘ra¸ migrantlar o‘zi bilan birga vataniga olib kirayotgan mablag‘lari bu raqamlarda aks etmaydi.

XS
SM
MD
LG