Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:28

Pulini to‘lasa maktabga formasiz borish haqidagi xabar "xom" bo‘lib chiqdi


MY5 syujetidan olingan skrinshot
MY5 syujetidan olingan skrinshot

Mening Yurtim kanalining “Endi ta’lim muassasasiga o‘quvchilar maktab formasida kelishi shart emas, buning uchun 2,23 mln. so‘m to‘lanishi kifoya” degan xabari noto‘g‘ri.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining bu bayonoti MY5 telekanalining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan syujetiga javobdir.

Telekanal rahbariyati ijtimoiy tarmoqlarda telesyujetning bir qismi tarqatilgani, natijada tomoshabinda noto‘g‘ri tasavvur shakllanib qolganini taassuf bilan tan oldi.

Biroq Xalq ta’limi vazirligi pulli xizmatlar turlarini ko‘paytirayotgan bir sharoitda MY5ning pulini to‘lab qo‘yganlar forma kiymay qo‘yaveradi degan “xabari” chin xabar eshitildi.

Ozodlik MY5 telekanalining ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qisqa variantidan tashqari to‘liq versiyasini ham topib ko‘rdi.

Syujet

MY5 ning “Markaziy Studiya” informatsion dasturi olib boruvchilari vazirlik 9 martda e’tiroz bildirgan syujetga kirish so‘z aytar ekan, “formasiz o‘qisayam osmon uzilib yerga tushmaydi, o‘qituvchilarning saviyasini ko‘tarish kerak” degan fikrni uqtirishga harakat qilib, so‘z navbatini muxbirga berish oldidan “agar tasdiqlansa, yana bir yangilikka qo‘l urilishi mumkin”, deydi.

(Syujetning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan qisqa varianti)

Shundan so‘ng kadrda muxbir qiz paydo bo‘ladi va u bunday deydi:

“2230000 so‘m. Shuncha pulni to‘lagan talabalar bir yil davomida o‘qishga formasiz kelish litsenziyasini oladi va o‘zlari xohlagan kiyimni kiyib kelishlari mumkin bo‘ladi”.

Shu so‘zlardan so‘ng muxbir qiz shahar ko‘chalarida talabalar orasida o‘tkazgan so‘rov kadrlari ketma-ket beriladi. So‘rovda qatnashgan talabalarning hammasiga “Pulni to‘lab qo‘yib, o‘qishga formasiz borish mumkinmi?” degan savol beriladi.

So‘rov tugagach, kadrda yana boshlovchilar paydo bo‘ladi va ular yana ta’lim tizimida shakldan ko‘ra mazmunga, sifatga e’tibor qaratish lozimligini uqtirishadi.

Syujetning to‘liq versiyasidan ham “pulini to‘lab qo‘ysang, formasiz o‘qiyverasan” degan fikr hosil bo‘ladi. Bu fikrdan hatto boshlovchining “agar tasdiqlansa, yana bir yangilikka qo‘l urilishi mumkin” degan pisandasi qutultira olmaydi. Aksincha, tomoshabinga “qandaydir bir qaror tayyorlanayayotganga o‘xshaydi”, degan o‘y keladi.

Syujetning xomligi muhokama qilindi

Jamoamiz yosh, ularga maksimal erkinlik berishga harakat qilayapmiz.

MY5 rahbarlaridan biri 10 mart kuni Ozodlik savollariga javob berar ekan, “syujet xomroq” chiqib qolganini tan oldi va bu xomlikni montaj paytida "bitta jumla kesilib ketgani" bilan izohladi. Uning aytishicha, yo‘l qo‘yilgan bu kamchilik jamoada muhokama qilingan, lekin hozircha intizomiy chora ko‘rilmagan. “jamoamiz yosh, ularga maksimal erkinlik berishga harakat qilayapmiz”, dedi MY5 rahbarlaridan biri.

“Markaziy Studiya”ning rasmiy bayonoti

MY5 rahbarlaridan biri bilan muloqotimizdan oldin telekanalning Telegram-kanalida ko‘rsatuv mualliflarining quyidagi bayonoti e’lon qilindi (aslini keltiramiz):

Biz qaror qabul qilindi degan mazmundan yiroqdamiz!

Markaziy Studiyada efirga uzatilgan -"Agar formasiz yurish uchun pul to'lansa, to'lar edingizmi?" degan savol bilan so'rovnoma o'tkazgan edik.
Biz qaror qabul qilindi degan mazmundan yiroqdamiz!
So'rovnoma o'tkazishimizga sabab esa telegram kanalda tarqalgan post. Postga nisbatan aholi vakillarining munosabati olingan, xolos.

Xurmat bilan MARKAZIY STUDIYA

Boshqarmalar vazirlik inkorini takrorladi

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi MY5ning xabari asossiz ekanligini bildirar ekan, “vazirlikning bunday “tashabbus” haqida xabari yo‘q”ligini yozdi.

Vazirlik fursatdan foydalanib Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 666-sonli qarori mavjudligini,“Barcha ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘quv yili boshida ushbu talablar bilan tanishtirilib, o‘quv yili davomida o‘z farzandining Nizom talablariga mos ravishda umumta’lim maktablariga kelishini ta’minlashga mas’ul” hisoblanishini yana bir bor eslatib o‘tdi.

Bugun ertalab shu masala muhokama qilindi. TVning pul to‘lagan o‘quvchi formasiz keladi, degan xabari mutlaqo asossiz.

Ozodlik vazirlikning bu bayonoti bilan tanishishdan oldin Toshkent va Sirdaryo viloyat Xalq ta’limi boshqarmalari, shuningdek ikki oliy o‘quv yurti mulozimlari bilan bog‘lanib, MY5ning xabaridan paydo bo‘lgan savollarni berdi. Barcha inkor etdi. Toshkent viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi vakili esa, xuddi Ozodlikdan shu savollarni kutib turgandek, “Bugun ertalab shu masala muhokama qilindi. TVning pul to‘lagan o‘quvchi formasiz keladi, degan xabari mutlaqo asossiz” dedi.

Xo‘sh, unda qaerdan paydo bo‘ldi “formasizlik litsenziyasi” to‘g‘risidagi g‘oya?

“Markaziy Studiya”ning so‘roviga bahona bo‘lgan postdagi istehzo

MY5 o‘z Telegram-kanalida syujetga bahona bo‘lgan quyidagi postni ham e’lon qildi.

“Bo‘layotgan islohotlar fonida tez kunlarda 4 va 5 ga o‘zlashtirgan talabalar olayotgan stipendiyasidan 25% daromad solig‘i to‘lashini, bir yil darslarga formasiz kelish uchun eng kam ish haqining 10 barobari evaziga bir martalik litsenziyalar joriy qilinishini taxmin qilayapman. Albatta bu taxminologiya”.

MY5 TV o‘tkazgan so‘rovga turtki bo‘lgan post
MY5 TV o‘tkazgan so‘rovga turtki bo‘lgan post

Post muallifining bu kinoyasi ota-onalarning bog‘cha va maktablardagi keti uzilmaydigan pul yig‘ishlar, oliy o‘quv yurtlaridagi korrupsiya haqidagi xabarlardan tashqari Vazirlar Mahkamasining konkret bir qarorini ham yodga soldi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorini sharhlar ekan, maktablarga qabul kvotasi asosiy va qo‘shimcha – pulli kvota turlariga ajratilishi haqida xabar qilgan edi.

Vazir o‘sha sharhida ota-ona bolasini o‘zi yashaydigan mikrohududdan tashqaridagi maktabga berish uchun eng kam ish haqining 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda pul to‘lashi lozimligini bildirgan edi.

Maktablarda pulli xizmatlar bu bilan cheklanmaydi. Pullik xizmatlarning boshqa turlari bilan mana bu yerda tanishing.

Ritorik savol

MY5ning syujetiga bahona bo‘lgan post muallifi “bir yil darslarga formasiz kelish uchun eng kam ish haqining 10 barobari evaziga bir martalik litsenziyalar joriy qilinishini taxmin” qilar ekan, qo‘shni maktabga borish uchun ham shuncha pul to‘lash lozimligini eslamaganmikan?

XS
SM
MD
LG