Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:34

Prokuratura Xalq qabulxonasiga kirolmagan norozilarni "tartibsizlik uyushtirganlar" deb atadi (VIDEO)


Vazirlar Mahkamasi oldida yig‘ilgan norozi ayollar va erkaklar, 4 mart, 2020
Vazirlar Mahkamasi oldida yig‘ilgan norozi ayollar va erkaklar, 4 mart, 2020

Bosh prokuratura 4 martda Vazirlar Mahkamasi oldiga yig‘ilgan norozilarni "tartibsizlik uyushtirgan fuqarolar" deb atadi.

Prokuraturaning 7 mart kungi bayonotida ularning harakatiga "doimiy ravishda Bosh prokuratura, Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi va boshqa idoralarda tartibsizliklar uyushtirib kelishmoqda", deb izoh berilgan.

4 mart kunidan boshlab, Vazirlar Mahkamasi va prezident Xalq qabulxonasi oldida yig‘ilgan qariyb 60 kishilik guruh haqida Ozodlik 6 mart kuni xabar qilgan.

Guruhda Jizzax, Qashqadaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida yashovchilar borligi aytilgan.

Bayonot

Bosh prokuratura 7 mart kuni tarqatgan bayonotida bu fuqarolar prokuratura rahbariyati tomonidan bir necha marotada qabul qilingani aytilgan:

"Joriy yilning 5 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev tomonidan videokonferensiya aloqa orqali 19 nafar fuqarolarning qabuli o‘tkazilgan bo‘lsada, 2020 yil 6 mart kuni G.K., X.E., G.X., D.D. va boshqa bir guruh ayollar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi binosiga kirib, janjal uyushtirib, Bosh prokuror qabul qilishini so‘ragan. Bosh prokuror xizmat safarida bo‘lganligi sababli ushbu fuqarolar Bosh prokurorning 1-o‘rinbosari A.Xolmaxmatov tomonidan qabul qilingan".

Shuningdek bu bayonotda, bu fuqarolarning murojaatlari belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgani va yozma javob xatlari berilgani ta’kidlangan.

"Mazkur fuqarolar doimiy ravishda Bosh prokuratura, Oliy Majlis Senati, Vazirlar Mahkamasi va boshqa idoralarda tartibsizliklar uyushtirib, noqonuniy talablari bilan e’tiborni o‘zlariga jalb qilib kelishmoqda", deyiladi bayonotda jumladan.

Ozodlikka yuborilgan video

Vazirlar Mahkamasi va prezident Xalq qabulxonasi oldida ikki kun ketma-ket yig‘ilganlar o‘z izdihomni "norozilik namoyishi" deb atagan.

Vazirlar Mahkamasi oldida 4 mart kungi tinch namoyishda qatnashganlardan biri Ozodlikka yuborgan videoda o‘nlab odam qabulga kirishni talab qilayotgani, ammo ularni Milliy gvardiya xodimlari ichkariga kiritmayotganini ko‘rish mumkin.

Videodagi ayollar “Biz 8-mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami arafasida qabulga keldik. Naxotki, hech bo‘lmaganda bayram hurmati uchun bizlarni qabul qilishmasa?!” deb savol qo‘yadilar Milliy gvardiya xodimlariga.

Ammo Milliy gvardiya zobiti ayollarning bu savoliga javob bermaydi.

Bundan tashqari, norozilar orasida bo‘lgan jizzaxlik erkaklardan biri ismini aytmasligimiz sharti bilan ichki ishlar bo‘limida bo‘lgani va u yerda kaltaklanganini iddao qilgan edi.

Ismini sir tutgan bu odamning iddaosini isbotlovchi dalil-isbot yoki hujjat Ozodlikka taqdim qilinmagan edi.

6 mart kuni Toshkent IIBB izohsiz qoldirgan bu iddaolar xususida, Bosh prokuratura bayonotida ham biror ma’lumot yo‘q.

Norozilardan biri tomonidan Ozodlikka taqdim etilgan video:

Ozodlikka ma’lum shunga o‘xshash boshqa voqealar

Bu Vazirlar Mahkamasi va prezident xalq qabulxonasiga kira olmayotgan odamlar o‘tkazayotgan birinchi namoyish emas.

Masalan, 2016 yilda qo‘qonlik 73 yoshli Rahbarxon Odilova va uning oila a’zolari o‘z huquqlari himoya qilinishida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi harakatsizligidan norozilik bildirib, prezident rezidensiyasi oldida qator piketlarni o‘tkazgan edi.

Qo‘qonlik 73 yoshli Rahbarxon Odilova piketda, 7 yanvar, 2014, Toshkent
Qo‘qonlik 73 yoshli Rahbarxon Odilova piketda, 7 yanvar, 2014, Toshkent

Rahbarxon Odilova o‘z oilasi haq-huquqlari tiklanishi uchun 2014 - 2015 yillarda prezident saroyi va Oliy Majlis binolari oldida ham piketlarni o‘tkizgan. Uni har safar ichki ishlar xodimlari hibsga olishgan va bir necha o‘n soatlardan so‘ng qo‘yib yuborishgan.

Joriy yilning 17 fevral kuni esa o‘nlab odam Toshkentdagi Mustaqillik maydoniga yig‘ilib, davlatdan litsenziya olgan “Human” xususiy bandlik agentligining o‘zlariga yetkazgan zararini to‘lab berishni talab qilganlar. Dastavval norozilar bilan bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, keyinroq esa bosh vazir Abdulla Aripov uchrashgan.

Uchrashuv chog‘ida bosh vazir prezident topshirig‘i bilan “Human” xususiy bandlik agentligidan zarar ko‘rgan 1 ming 86 nafar fuqaroga mablag‘lari to‘lab berilishini ma’lum qilgan.

XS
SM
MD
LG