Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 02:25

Shavkat Mirziyoyev: 4-5 million aholimiz kambag‘al!


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev.

“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambag‘al. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming so‘mdan oshmayapti, degani”. Bu so‘zlarni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlar bo‘yicha 27 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytgan.

Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, kambag‘allik O‘zbekistonda ko‘p yillar “yopiq mavzu” bo‘lib kelgan. Joriy yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomada prezident bu haqda ochiq-oydin gapirgan va O‘zbekiston tarixida birinchi marta kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Payshanba kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilingan.

– Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 12-15 foiz yoki 4-5 million aholimiz kambag‘al. Bu ularning bir kunlik daromadi 10-13 ming so‘mdan oshmayapti, degani. Yoki bir oilada mashina ham, chorva ham bo‘lishi mumkin, lekin bir kishi og‘ir kasal bo‘lsa, oila daromadining kamida 70 foizi uni davolatishga ketadi. Xo‘sh bunday oilani o‘ziga to‘q deyish mumkinmi? Prezident sifatida meni odamlarimizning ovqatlanishi, davolanishi, bolalarini o‘qitishi, kiyintirishi kabi hayotiy ehtiyojlari nima bo‘layapti, degan savol har kuni qiynaydi, – degan Shavkat Mirziyoyev.

Mirziyoyevga ko‘ra, kambag‘allikni kamaytirish oylik yoki nafaqa miqdorini ko‘paytirish, yoppasiga kredit berish, degani emas. Buning uchun, eng avvalo, aholini kasbga o‘qitish, moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda tadbirkorlik hissini uyg‘otish, infratuzilmani yaxshilash, farzandlarini o‘qitish, sifatli davolanish, manzilli nafaqa to‘lash tizimini joriy qilish lozim.

Yig‘ilishda avvalo har bir mahalla, tuman, shahar va viloyat darajasidagi haqiqiy sharoit va ahvolni tahlil qilish kerakligi qayd etildi. Buning uchun, birinchi yo‘nalishda kambag‘allikka oid real ahvol, ya’ni mahallalardagi daromadi kam oilalar soni haqida ma’lumot yig‘ilishi, ikkinchi yo‘nalishda tuman va shaharning salohiyati, tabiiy resurslari, yer va infratuzilma imkoniyatlari xaritasi tuzilishi belgilandi.

– Odamlarning mehnat qilib, boy bo‘lishi va yaxshi hayot kechirishi uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz zarur, – degan prezident Mirziyoyev.

Videoselektor yig‘ilishida qator hududlarda kasbga o‘qitish borasidagi ishlar keskin tanqid qilingan. Jumladan, Qoraqalpog‘istonning 11 tumanida, Buxoro va Toshkent viloyatlarida 9 tadan, Surxondaryoning 7, Jizzaxning 5 tumanida birorta ham bunday markaz yo‘qligi ta’kidlangan.

Kasbga tayyorlash markazlarini tashkil etishga nodavlat tashkilotlarni faol jalb qilish, ular o‘rtasida eng yaxshi kasbga tayyorlash o‘quv dasturi bo‘yicha tanlov o‘tkazib, g‘oliblarga Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan grant ajratish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga har bir hududda “Ishga marmahat” mono-markazlari hamda kasbga tayyorlash markazlari tashkil etib, ishsizlarga kasbiy bilim va ko‘nikmalar, shuningdek, ehtiyojga qarab xorijiy tillarni ham o‘rgatish vazifasi qo‘yilgan.

Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi mablag‘larning 70 foizi kambag‘al aholiga ish o‘rni yaratishni nazarda tutuvchi kichik va o‘rta biznes loyihalariga yo‘naltirilishi belgilangan. Shuningdek, kambag‘al kishini ishga olgan korxonalarga bank kreditlari bo‘yicha qulayliklar berilishi aytilgan.

XS
SM
MD
LG