Taniqli jurnalist korrupsiyaga qarshi kurashning samarador yo‘lidan bahs etdi. Deputatlar Ombudsmanni tergovdagi qiynoqlar borasida sustkashlik qilayotganlikda aybladi. Samarqandda homilador ayol va uning 5 yashar o‘g‘lini simyog‘och bosib qoldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.
_____________________________________________________________
O‘zbekistonda korrupsiya ildiziga bolta urishning eng maqbul yo‘li aytildi
O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish aksar hollarda yig‘ilish o‘tkazish va chiroyli rasmlar bilan matbuotda e’lon qilish darajasida qolmoqda (“Darakchi”, 27 fevral). Davlat idoralari, turli komissiya va hay’atlar ham o‘z safidagi korrupsiya bilan, ya’ni o‘z-o‘zi bilan samarali kurasha olmayapti. Oqibatda korrupsiya xalqni qashshoqlashtirib, davlatni yemirmoqda. Mamlakatda korrupsiya botqog‘iga botmagan soha qolmagan; tug‘ruqxonadan to qabristongacha korrupsiya bor – yaxshi pul bermasang, tuzukroq yerdan qabr ham ololmaysan. Jurnalist va ekspert Karim Bahriyevga ko‘ra, baliq boshidan sasigan bo‘lsa, boshidan tozalanishi to‘g‘riroqdir. Aks holda, korrupsiyaning sabablari bilan emas, oqibatlari bilan kurashiladi, xolos.
Qayd etilishicha, korrupsiya oshkoralikdan qo‘rqadi. Shu bois uning ildiziga bolta urish uchun davlat loyihalarida ochiqlikka yo‘l ochish, chorak asr hukm surgan korrupsiyani yuzaga keltirgan shaxslar o‘rniga halol kadrlarni amalga keltirish, parlament, matbuot, sudlarga haqqoniy erkinlik berish lozim.
Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar bo‘yicha Ombudsman tanqid qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida parlament Inson huquqlari bo‘yicha vakilining 2019 yildagi faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi (www.qalampir.uz, 25 fevral). Deputatlarga ko‘ra, Ombudsman tergovdagi qiynoqlar borasida sustkashlik qilmoqda. Bu borada Qalampir.uz saytida e’lon qilingan “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar” nomli film misol sifatida keltirilgan. Deputatlar prokuratura tergovchilari tomonidan qo‘llangan qiynoq usullarini “fashistik” deb atagan. Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov Ombudsman Ulug‘bek Muhammadiyevga ushbu masala yuzasidan Bosh prokuratura boshlagan tekshiruvda hamkorlik qilish va ish yakuni bo‘yicha hisobot topshirish vazifasini yuklagan.
Eslatib o‘tamiz, “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar” filmida 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha turli jinoyatlarda ayblargan fuqarolarga nisbatan qiynoqlar qo‘llangani hikoya qilingan. Filmga ko‘ra, tergov vaqtida prokuratura xodimlari gumonlanuvchilarni ayovsiz kaltaklagan, boshiga “sellofan” paket kiydirgan va boshqa jismoniy va ruhiy tazyiq usullarini qo‘llagan.
Bosh prokuratura filmda tasvirlangan holat bo‘yicha tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan.
Samarqandda homilador ayolni simyog‘och bosib qoldi
Samarqandning Mahmud Koshg‘ariy ko‘chasida 35-maktab oldida homilador ayol va besh yoshli o‘g‘lini simyog‘och bosib qoldi (www.repost.uz, 21 fevral). Hodisa guvohlarining ta’kidlashicha, avvaliga qarsillagan ovoz, so‘ng bolaning yig‘isi eshitilgan. Shundan so‘ng bir necha kishi voqea joyi yaqinidan o‘tib ketayotgan “tez yordam” mashinasini to‘xtatgan. Ammo shifokorlar boshqa chaqiriqqa ketayotganini ro‘kach qilib, yordam bermagan.
Bu orada odamlar ayolni simyog‘och ostidan chiqarib, kasalxonaga olib borgan. E’tiborli tomoni, yordam berish uchun to‘xtagan taksi haydovchisi jabrlangan ayolning turmush o‘rtog‘i bo‘lib chiqqan.
Hodisa oqibatida ayolda miya chayqalishi va tan jarohatlari qayd etilgan. Bolaning esa oyog‘i jarohatlangan. Ta’kidlanishicha, aholi simyog‘och avariya holatida turgani haqida bir necha bor shikoyat qilgan, ammo rasmiylar tegishli chora ko‘rmagan.