Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:25

Hindiston AQShni 30 odam o‘limiga sabab bo‘lgan diniy qo‘zg‘olonlarga siyosiy tus berishda ayblamoqda


Hindiston AQSh hukumati komissiyasini Dehlida kamida 30 odam o‘limiga sabab bo‘lgan jamoalararo zo‘ravonlikni siyosiylashtirishda aybladi. Prezident Donald Tramp mamlakatga safar qilayotgan paytda ro‘y bergan to‘qnashuvlar oqibatida 200 dan oshiq odam jarohatlandi.

So‘nggi o‘n yillarda hindu va musulmon to‘dalari o‘rtasida kuzatilgan shafqatsiz to‘qnashuvlar davomida do‘konlar, masjid va jamoat transporti olov domida qoldi. 27 fevralga kelib¸ zo‘ravonliklar hovuri pasaygan bo‘lsa-da, kasalxonalar o‘lganlar sonining ortib borayotganini bildirdi.

26 fevral kuni AQShning Diniy erkinlik bo‘yicha xalqaro komissiyasi zo‘ravonliklar ko‘lamidan xavotirga tushganini izhor qilib, politsiya musulmonlarga qarshi uyushtirilgan hujumlarga aralashmagani haqidagi xabarlardan iqtibos keltirdi.

− Hukumat o‘z vatandoshlarini himoya qilish vazifasini bajara olmadi, − dedi AQSh komissari Anurima Bhargiva.

Ammo bu xabarni politsiya ham, Hindiston federal hukumati ham rad etmoqda. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi komissiya izohlarini “noaniq va chalg‘ituvchi”, “masalani siyosiylashtirishga qaratilgan”, deb atadi.

27 fevral kuni musulmonlar ko‘pchilikni tashkil etuvchi Chandbog‘ hududidan o‘tadigan shosse atrofida kuyib kul bo‘lgan do‘konlar va jamoat transport vositalarini ko‘rish mumkin edi. Kamuflyaj va dubulg‘a kiyib olgan o‘nlab politsiya xodimi navbatchilik qilayotgan ko‘chalar shisha siniqlari va yondiruvchi bomba qoldiqlari bilan to‘lib-toshgan.

Zo‘ravonlik nishoniga aylangan musulmonlarga ko‘ra, hindu olomon hindparast shiorlarni aytib baqirgan va hech bir jazosiz isyon qilgan, politsiya esa talonchilarni qo‘llagan. Musulmon isyonchilari ham zo‘ravonlik qilgan¸ o‘lgan va jarohatlanganlar orasida hindular va xavfsizlik xizmati xodimlari ham bor.

Zo‘ravonliklardan keyingi manzara¸ ularning asosan musulmonlarga qaratilganini ko‘rsatadi. Aytilishicha¸ hindu olomon to‘s-to‘polon ko‘targan payt politsiya qayoqqadir g‘oyib bo‘lgan. Politsiya bunday iddaolarni rad etmoqda.

Zo‘ravonlik yakshanba kuni boshlandi. O‘sha kuni Dehlida Hindistonning vatandoshlik to‘g‘risidagi yangi qonuni tarafdorlari bilan muxoliflari o‘rtasidagi to‘qnashuvlar boshlandi. Ko‘p o‘tmay bu to‘qnashuvlar ishchilar yashaydigan mavzelarida keng miqyosli diniy g‘alayonga aylanib ketdi.

To‘qnashuvlardan bir necha soat oldin Bosh vazir Narendra Modi mansub “Bharatiya Janata Parti” (BJP) a’zosi Kapil Mishra vatandoshlik haqida qonun muxoliflari mitingiga kelib, politsiyadan namoyishchilarni tarqatib yuborishni talab qildi. U mitingga yig‘ilganlarga qarata, agar bu ishni politsiya bajarmasa, o‘zi bilan tarafdorlari qilishini ta’kidladi.

Ko‘pchilik, jumladan, hindularning o‘zlari ham Mishra bilan uning hindu millatchi tarafdorlari g‘alayonlarni boshlab berganini aytmoqda.

Hindistonning o‘tgan yil dekabrida qabul qilingan vatandoshlik haqidagi qonuniga qarshi noroziliklar o‘shandayoq boshlangan edi. Qonunga ko‘ra, qo‘shni mamlakatlarda ta’qibga uchragan hind, sikh va xristian jamoalari vakillari Hindistonda vatandoshlik olishi mumkin, ammo musulmonlar bunday imtiyozdan mahrum.

Muxoliflar kamsituvchi qonun deb baholagan bu hujjatning Hindiston dunyoviy an’analarini buzishini aytilmoqda.

Qonun tarafdorlari, jumladan, Modi boshliq partiya yetakchilari norozilik namoyishlari hindularga qarshi qaratilganini va ularni Pokiston mablag‘ bilan ta’minlayotganini iddao qilmoqda.

Modining millatchi BJP partiyasi qonun Pokiston, Bangladesh va Afg‘onistonda ta’qibga uchragan kamsonli din vakillarini himoya qilish uchun kerakligini aytmoqda.

May oyida hokimiyatga qayta saylanganidan so‘ng Modining “Avvalo hindular” degan siyosat yuritayotgani tarafdorlarini ilhomlantirib yuborgan bo‘lsa¸ 180 millionlik musulmonlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Hindular mamlakat jami aholisining 80 foizini tashkil qiladi.

Trampning Hindistonga ilk davlat tashrifi vaqtida uning sharafiga Modi tug‘ilib o‘sgan Gujarat shtatida quyuq ziyofat berildi. AQSh rahbari zo‘ravonlik muammosini Modi bilan muhokama qilmaganini aytdi. Tramp vatandoshlik to‘g‘risidagi qonunga izoh berishdan bosh tortdi va ketishidan oldin buni hindlarning o‘ziga havola qilishini bildirdi.

XS
SM
MD
LG