Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2020, Тошкент вақти: 11:47

Hukumat o‘zbek paxtasi boykotini qanday bekor qilmoqchi?


22 fevralda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov o‘zbek paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan xalqaro boykot asossiz ekanini aytdi. Vazir bu bilan nima demoqchi?

2005 yildan beri O‘zbekistonda majburiy mehnat siyosati va amaliyotinini bartaraf qilish uchun kurashib kelayotgan Cotton Campaign (Paxta kampaniyasi) xalqaro koalitsiyasi yana bir marta rasmiy Toshkentning qattiq bosimiga uchradi.

O‘zbekiston hukumati bu bilan nimaga erishmoqchi? «Paxta kampaniyasi»ning majburiy mehnat evaziga yetishtirilayotgan o‘zbek paxtasini boykot qilish da’vatini qaytarib olishiga, albatta. 300 ga yaqin kompaniya ushbu da’vatga qo‘shilib, paxta qulligi tizimi bekor qilinmaguncha uni xarid qilmaslik majburiyatini oldi.

Xo‘sh, «Paxta kampaniyasi» O‘zbekiston hukumatidan nimani kutayapti? Hukumat ushbu sharmandali amaliyotga so‘zda emas, amalda barham berishini kutmoqda. Rasmiy Toshkent ushbu amaliyotga chindan ham barham berishini tekshirish uchun «Paxta kampaniyasi» tizimni isloh qilish uchun yo‘l xaritasini taklif etgan edi.

Yo‘l xaritasining mohiyati nimadan iborat? Afsuski, O‘zbekiston aholisi u bilan tanishish imkoniga ega emas, chunki yo‘l xaritasi e’lon qilingan «Paxta kampaniyasi» va Inson huquqi himoyasi bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya forumi vebsaytlariga O‘zbekiston hududidan kirib bo‘lmaydi. Shundan ham ushbu mamlakatdagi so‘z erkinligi qay ahvolda ekanini va janob Umurzoqovning «Paxta kampaniyasi»ni sherik deb bilayotgani haqida gapi qanchalik ishonarli ekanini bilib olsa bo‘ladi.

Xullas, yo‘l xaritasi uch qismdan iborat:

1) Hukumat, viloyat va tuman hokimlari tashkilotlarga xodimlarini paxta terimiga yuborish bo‘yicha ko‘rsatma berishni bas qiladi, ushbu tashkilotlar rahbarlari esa xodimlardan mardikor yollash uchun qo‘rqitib pul olmaydi; bir so‘z bilan aytganda, odamlarni paxta terimiga majburiy safarbar qilish u yoki bu ko‘rinishda butunlay barham topadi. Bu – yo‘l xaritasining birinchi talabi.

2) Hukumat paxta topshirish bo‘yicha barcha fermerlar bajarishi majburiy bo‘lgan markazlashtirilgan holda tepadan tushirilgan davlat buyurtmalari tizimini bekor qiladi; fermerlarning yerdan qanday foydalanish, unga nima ekish hamda kimga va qanaqa narxda sotish bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishga haqqi bo‘lishi kerak.

3) Fuqarolik jamiyati faollari erkin bo‘lishi, hokimiyat jazolashidan qo‘rqmay paxta terimi vaqtida monitoring o‘tkazishi, buning uchun esa fuqarolik jamiyatini jazolash butunlay bekor etilishi zarur. Janob Umurzoqovning iddaosicha, hukumat majburiy mehnat amaliyotini yo‘q qilish yo‘lida inqilobiy o‘zgarishlarga erishdi, go‘yo endi o‘zbek paxtasiga qo‘llangan sanksiyalarni bekor qilsa ham bo‘laveradi. O‘sha inqilobiy o‘zgarishlar chindan ham ro‘y berdimi?

Ayrim o‘zgarishlar yuz bergani bor gap. Hamma gap aynan qanday o‘zgarishlar ro‘y berganida va ular majburiy mehnat amaliyotini bekor qilgan-qilmaganida. Gapimiz quruq bo‘lmasligi uchun yo‘l xaritasi bandlarini ko‘rib chiqib, ularni voqelik bilan solishtiramiz.

1) Aholini safarbar qilish va hokimiyat idoralarining bundagi roli. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti 2017 yil sentabrida BMT Bosh Assambleyasi majlisida mamlakatida majburiy mehnat mavjudligini e’tirof etgan va uni yo‘q qilish majburiyatini olgan edi. Shundan so‘ng chindan ham muayyan qadamlar qo‘yildi. O‘sha yili OTM va kollejlar talabalari, bir yil o‘tib esa, shifokorlar va o‘qituvchilar ommaviy tarzda paxta terimiga jo‘natilmadi.

Biroq ko‘plab maqolalar, ayniqsa, Ozodlik xabarlaridan, shuningdek, Inson huquqi himoyasi bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya forumining mustaqil monitoringi natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, 2019 yilgi mavsumda majburiy mehnat amaliyotini yo‘q qilish bo‘yicha jiddiy olg‘a siljish ko‘zga tashlanmadi. Ilgarigiday hokimlar paxta topshirish rejasi bajaralishiga mas’ul qilib qo‘yildi, ular esa paxta terimiga qancha odam jo‘natish bo‘yicha tashkilotlarga yana topshiriq tushirishdan boshqa iloj topmadi.

Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), majburiy mehnat tizimli bo‘lmay qoldi, deya bayonot berdi. Ushbu bayonotning bema’niligi shundaki, uning o‘zi ham o‘tgan mavsumda dalalarga yuz minglab odam jo‘natilganini tan oldi. Yuz ming raqami majburiy mehnatning tizimli va ommaviy tarzda davom etayotganini anglatmaydimi? Natsistlar rejimi har oyda konslagerlarning minglab mahbusini gaz kameralariga jo‘natganini bir tasavvur qilib ko‘raylik. Lekin qaysidir oyda o‘sha kameralarga 200 kishi kam jo‘natildi. Natsistlar rejimi inson huquqi masalasida olg‘a siljishga erishdi va odamlarni gaz kameralariga jo‘natish endi tizimli xarakterga ega emas, degan shovvoz ham topila qoldi deylik. Bema’ni gapmi? Biroq ushbu hurmatli tashkilot O‘zbekistondagi majburiy mehnat haqida taxminan shunday bayonot berdi-ku.

Lekin XMT keltirgan yuz ming raqami ham o‘ta past qilib ko‘rsatilgan va O‘zbekiston-Germaniya forumi ma’lumotlariga mos kelmaydi. Bu forum qator yillar davomida va har yili monitoring olib boradi. XMT mardikor yollash uchun odamlardan qo‘rqitib pul yig‘ish amaliyotini hisobga olmagani aniq. Ushbu tashkilot vakillari dalalarga chiqib, terimchilardan, o‘z ixtiyoringniz bilan paxta terayapsizmi, deb so‘raydi. O‘sha mardikorlar, ha, deb javob beradi, chunki ular pul uchun yollanib ishlayotgan bo‘ladi. Bu ham majburiy mehnat ta’rifiga mos keladi.

2. Paxta topshirish bo‘yicha majburiy reja. Garchi hukumat vakillari “Paxta kampaniyasi”ni paxta topshirish bo‘yicha majburiy rejani bekor qilishni qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasiga kiritishga ishontirmoqchi bo‘lgan esa-da, bu ish Mirziyoyevning 2017 yil sentabrida Nyu-Yorkdagi chiqishidan beri bajarilgani yo‘q. Darhaqiqat, yo‘l xaritasining o‘tgan yili muhokama uchun e’lon qilingan loyihasida majburiy davlat buyurtmasini bekor etish ko‘zda tutilgan edi, ammo u tasdiqlangan hujjatga kirmay qoldi. Bu kuzatuvchilarni chalg‘itish, ularni g‘aflatda qoldirish, “Paxta kampaniyasi”ni yon berishga majbur qilish uchun o‘ylab topilgan o‘ziga xos hiyla edi. Vaqtdan yutish, paxta yetishtirshi sohasidagi haqiqiy islohotlarni noma’lum vaqtga kechiktirish yo‘lida jahon jamoatchiligini aldash maqsadida O‘zbekiston hukumatining piar-kampaniyalar zaxirasida bunday hiylalar istagancha topiladi.

Janob Umurzoqov paxta yetishtirish sohasida xususiy mulk va uning egalari hukmron, go‘yo davlatning bunga daxli yo‘q, deb ishontirmoqchi bo‘ladi. Lekin vazir bu o‘rinda quvlik qilmoqda. U “xususiy mulk” deganda hukumat tepadan majburlab tashkil etayotgan paxta va to‘qimachilik klasterlarini nazarda tutayotgan bo‘lsa kerak. Bu ham – o‘ziga yarasha hiyla, chunki aslida ushbu klasterlar tuman darajasidagi monopol tuzilmalardir, ular fermerlarni alohida paxta yetishtiriladigan klasterga ipsiz-arqonsiz bog‘lab qo‘yadi, shu yo‘l bilan uni o‘z yeri, yetishtirgan mahsulotini tasarruf etishidagi erkinlikdan mahrum qiladi. Shu bilan birga, monopoliya tuman va viloyat hokimliklari vakolatlari bilan mustahkamlanadi. Axir, har bir klaster kengashiga fermerlarni ushbu klasterlar bilan shartlari o‘ta og‘ir bo‘lgan shartnomalar tuzishga majburlaydigan hokimlar ham kiradi-da. Ilgari fermerlarga o‘z hukmini hokim ko‘magida o‘tkazadigan monopol tashkilot mahalliy paxta zavodi edi. Endi uning o‘rnini klaster egallamoqda yoki ikkovi bir bo‘lib harakat qilmoqda.

Masalaning shu o‘rindagi o‘ziga xos jihati shuki, ushbu monopol tuzilmaga endi to‘qimachilik korxonasi ham qo‘shildi. Garchi o‘sha to‘qimachilik korxonasi xususiy bo‘lsa-da, u ham baribir fermerlar va hech narsaga haqqi yo‘q aholini ekspluatatsiya qilishga qaratilgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga mos tushadi.

U holda kim va nima hisob-kitob bilan ushbu klasterlarga sarmoya yotqizmoqda? Bu yerda ola-quroq manzarani ko‘ramiz. To‘qimachilik biznesining haqiqiy sarmoyadorlari ham, lekin mulkchilik tuzilmasi shaffof bo‘lmagan ko‘plab shubhali firmalar ham bor. Davlat apparati va ularga yaqin shaxslar klasterlarning foyda oluvchi mulkdorlari bo‘lsa ajab emas, ular manfaatlar ziddiyatini, u yoki bu davlat lavozimini egallab turganini oshkor qilmaydi, ammo davlat homiylik qilayotgan biznesdan boylik orttiradi. Ular barchasini klasterlardagi o‘sha tumanlik fermerga nisbatan monopol holat jalb etishini yuqorida aytib o‘tdik. Buning qatoriga xomashyoni pasaytirilgan narxlar bilan kafolatlangan tarzda yetkazib berish, nihoyat, ushbu klasterlarga berilgan soliq imtiyozlari ham qo‘shiladi.

Ular aslida qanaqa kalsterlar ekani xususida birinchi ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i ham yangradi: Ozodlik o‘sha klasterlarning fermerlarga yetkazib berilgan xomashyo uchun o‘n millon so‘mlab pulni to‘lamayotgani haqida materiallar e’lon qildi.

Bunday soxta islohot natijasida majburiy mehnat amaliyotidan uning yashirin shakllariga o‘tilishi mumkin. Xalqaro kuzatuvchilar va fuqarolik jamiyati faollari ushbu mamlakatning paxta yetishtirish sohasida majburiy mehnat bartaraf qilindi, deya xulosa qilishdan avval ayni xavfni e’tiborga olishi va u amalda qanday paydo bo‘layotganini o‘rganishi shart.

Mabodo ushbu xavotirlar tasdiqlansa, prezident Mirziyoyevning yaqinda (13 fevralda) kelasi yildan boshlab paxta topshirish bo‘yicha majburiy buyurtma bosqichma-bosqich bekor qilinishi to‘g‘risidagi bayonotining qimmati bir pul bo‘ladi. U holda oldingi ko‘rinishdagi davlat buyurtmasi bekor qilingan taqdirda ham majburlash tizimi boshqa, yashirin shakllarga ko‘chib o‘tadi.

Mirziyoyev o‘sha majlisda hokimlar zimmasidan mas’uliyat soqit qilinmaydi, aksincha, oshadi, deb aytgan edi. Ular majburiyati sohasiga, bir tarafdan, klasterning o‘z tumanidagi monopol holatini hamda uni arzon xomashyo va ish kuchi bilan ta’minlash, boshqa tarafdan esa, davlatning ushbu jarayondagi rolini yashirish kiradi.

3. Mahalliy fuqarolik jamiyati roli. Ushbu sohada olg‘a siljish deyarli ko‘zga tashlanmayapti. Ha, majburiy mehnat monitoringini olib borgan ayrim fuqarolik jamiyati faollari bilan hokimiyat idoralari gaplasha boshladi, muloqot qilishga o‘tdi. Lekin boshqalari jazolanmoqda va bu kuchayib ham bormoqda. Masalan, 2019 yilda shubhali holatda mahalliy jurnalist Davlatnazar Ro‘zmetov o‘ldirildi, uning qotili oqlangani ushbu qotillik ortida siyosiy sabablar turganini anglatadi. Boshqa holatda esa mahalliy bloger Shabnam Olloshukurova ijtimoiy pozitsiyasi uchun ruhiy kasallik shifoxonasiga olib borib tiqildi, shu tariqa fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan jazolovchi psixiatriyani qo‘llash amaliyoti tiklandi.

Bunga mamlakatda yig‘inlar o‘tkazish erkinligi cheklash bo‘yicha hamon o‘ta qattiq jazo choralari saqlanib qolayotganini ham qo‘shish kerak bo‘ladi. Tashabbus guruhlari, jumladan, majburiy mehnatni monitoring qilayotganlar, shuningdek, mehnat huquqini himoya qila oladigan mustaqil kasaba uyushmalari na ro‘yxatdan o‘ta oladi va na yuridik shaxs maqomida ish boshlay oladi.

Shu tariqa, zikr etilgan uchta yo‘nalish bo‘yicha vaziyatni hisobga olib, jahon kompaniyalaridan o‘zbek paxtasi va undan to‘qilgan buyumlarni boykot qilishni bekor etishni tezlashtirishni talab qilish uchun majburiy mehnat tizimini yo‘q qilish sohasidagi olg‘a siljishlar yetarli emas, deb xulosa qilish mumkin.

Alisher Ilhomov, Londondagi Sharq va Afrika tadqiqotlari instituti tahlilchisi.

***

OzodTahlilchi - Ozodlikning yangi rukni. Unda turli soha mutaxassislari, ekspertlar, publitsist, jurnalist va blogerlarning Ozodlik o‘quvchilari uchun yozgan tahliliy maqolalari e’lon qilib boriladi.

OzodTahlilchida, shuningdek, Ozodlik formatida bo‘lmagan luqmalar, sharhlar, chizgilarga, bir so‘z bilan aytganda, mualliflarning kundalik voqea-hodisalarga munosabatlari aks etgan matnlarga o‘rin beriladi.

OzodTahlilchida e’lon qilinadigan material muallifi qarashlari Ozodlik qarashlari ifodasi sifatida qabul qilinmasligi kerak.

XS
SM
MD
LG