Линклар

Шошилинч хабар
09 июл 2025, Тошкент вақти: 15:44

BMT ishchi guruhi tojik muxolifati rahbarlari nohaq qamalganini aytmoqda


Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi tarafdorlari 2015 yil fevralida varaqalarni saralamoqda. Partiya 20 yildan beri birinchi marta 1 martda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovida ishtirok etmaydi.
Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi tarafdorlari 2015 yil fevralida varaqalarni saralamoqda. Partiya 20 yildan beri birinchi marta 1 martda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovida ishtirok etmaydi.

BMTning o‘zboshimchalik bilan qamoqqa olish holatlariga qarshi kurash bo‘yicha ishchi guruhi (UN-WGAD) bergan ma’lumotga ko‘ra, Tojikistonda 11 nafar siyosiy yetakchi to‘rt yildan oshiq vaqtdan beri qamoqda o‘tiribdi.

Ularning barchasi muxolifatdagi Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi (TIUP) yetakchilaridir. Partiya 1992-97 yillarda ro‘y bergan fuqarolar urushi vaqtida Tojikiston hukumatiga qarshi koalitsiyaga qo‘shilgan edi. 1997 yil iyunida erishilgan va ayni urushga barham bergan tinchlik bitimida urush davrida hukumatga qarshi turgan tomonlar bilan hokimiyatni bo‘lishish ko‘zda tutilgan edi.

AQShda joylashgan Freedom Now NNT tarqatgan bayonotda aytilishicha, “Shunisi aniqki... TIUPning 11 a’zosini hibsga olish va keyinchalik qamoqda ushlab turishga ularning fikr erkinligidan va yig‘inlar erkinligidan foydalangani asos bo‘lgan”.

Freedom Now bilan Hogan Lovells xalqaro yuridik firmasi UN-WGAD ishchi guruhiga petitsiya yuborgani ortidan u TIUPning 11 a’zosiga qarshi sud jarayoni bo‘yicha o‘z surishtiruvini o‘tkazdi.

Freedom Now direktori Maran Tyorner o‘z bayonotida “Tojikiston hukumati tinch faoliyat ko‘rsatayotgan muxolif partiyalarni yomonotliq qilish bo‘yicha keng qamrovli kampaniya doirasida TIUP rahbarlarini hibsga olib, qamoqqa tashlagani”ini aytdi.

TIUP Tojikistonning prezident Imomali Rahmon rahbarligidagi Xalq demokratik partiyasidan keyingi ikkinchi yirik va tinch faoliyat yuritayotgan siyosiy partiya edi.

1992 yildan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan Rahmon 90-yillarda zo‘rg‘a hokimiyatni ushlab turgan bo‘lsa, so‘nggi 10 yilda o‘z pozitsiyasini mustahkamlab oldi. Hokimiyati barqarorlashuvi ortidan Rahmonning 9 farzandi va quda-andalari Tojikistondagi aksar serdaromad korxonalarni nazoratiga oldi.

Mamlakatdagi kuchli nepotizm siyosat maydonida jiddiy ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ega haqiqiy muxolifat partiyasi mavjud bo‘lishiga o‘rin qoldirmadi.

2015 yil martida TIUP Majlisi Namoyandagon – mamlakat parlamenti quyi palatasida birorta ham joy ola olmadi.

Tojikiston Adliya vazirligi 2015 yil avgustida partiyaning davlat ro‘yxatidan chiqardi va oradan bir oy o‘tib, u ekstremistik tashkilot deb e’lon qilindi.

Hokimiyat TIUPni 2015 yil sentabrida Mudofaa vaziri o‘rinbosari boshqargani iddao etilgan davlat to‘ntarishi urinishi bilan aloqadorlikda aybladi, biroq gumon etilgan aloqa juda zaif edi.

Partiya ekstremistik tashkilot deb atalgandan so‘ng uning rahbari hibsga olindi, davlat to‘ntarishida qatnashganlikda ayblandi va yopiq tarzda sud qilindi.

Sud qilinganlar orasida UN-WGAD va Freedom Now hisobotlarida qayd etgan 11 kishi ham bor. BMT ish guruhi fikricha, sud Fuqarolik va siyosiy huquq bo‘yicha xalqaro pakt talablariga xilof tarzda o‘tkazildi.

Freedom Now vakili Ozodlik tojik xizmatiga BMT surishtiruvi Tojikiston hukumati TIUPni siyosiy sahnadan siqib chiqarish uchun soxta ayblovlar qo‘yganini aniqlaganini aytdi.

Freedom Now bayonotida, “TIUPning ortib borayotgan obro‘si hokimiyatdagi rejimga tahdid solmoqda va Tojikiston hukumati partiyani obro‘sizlantirish va tarqatib yuborishga harakat qilmoqda”, deyiladi.

TIUPning 11 yetakchisi 14 yildan umrbod qamoq jazosigacha hukm qilindi.

Tojikistonda 1 martda parlament saylovi bo‘lib o‘tadi va so‘nggi 20 yilda birinchi marta Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi unda ishtirok etmaydi.

XS
SM
MD
LG