Линклар

Шошилинч хабар
27 май 2020, Тошкент вақти: 14:21

Norvegiyadagi “qiyomat” omboriga yana 60 ming ekin urug‘i yuboriladi


Norvegiyadagi "qiyomat" omborining kirish joyi.

Norvegiyada joylashgan ekin urug‘lari saqlanadigan “qiyomat” omboriga qo‘shimcha 60 ming o‘simlik urug‘i yuboriladi.

Loyihaga 2018 yil asos solingan bo‘lib, uning maqsadi jahondagi ekinlarni tabiiy ofatlardan saqlashdir.

“Ekinlarning Nuh kemasi” deb nomlangan Global urug‘ ombori Norvegiyaga tegishli Shpitsbergen (norvegcha Svalbarg deb ataladi) arxipelagi orollaridan biridagi tog‘ ichida joylashgan. Omborda 4,5 milliard turdagi urug‘ni saqlash mumkin.

Ombor rahbari Stefan Shmits: “Iqlim o‘zgarishi va biologik xilma-xillikni yo‘qotish surati tezlashar ekan, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi o‘simliklarni saqlab qolish muhim ahamiyatga ega”, dedi.

Global urug‘ omboriga har yili dunyoning turli burchagidan hosil olish uchun ekiladigan o‘simlik urug‘i yuboriladi. Bu safar omborga Braziliya, AQSh, Germaniya, Marokash, Mali, Isroil va Mo‘g‘uliston kabi davlatlar urug‘ yubormoqda. Yuborilgan urug‘lar orasida ham keng tarqalgan, ham yovvoyi don o‘simliklari navlari bor.

Urug‘larning navbatdagi partiyasi manziliga yetganidan keyin ombordagi urug‘ turlari soni 1,05 milliondan oshadi.

2015 yili Suriyaning Halab shahridagi to‘qnashuvlar tugaganidan keyin mahalliy urug‘larni qayta yetishtirish uchun ayrim navlar mamlakatga qayta yuborilgan edi. O‘shanda ko‘pchilik bu kabi omborlar zarur ekanligiga amin bo‘ldi.

Urug‘lar Norvegiyada saqlansa-da, ular yuborgan davlatga tegishlidir. Bu davlatlar istalgan paytda urug‘larni ombordan olishi mumkin.

Qizig‘i, iqlim o‘zgarishi ombor faoliyatiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. 2016 yili Arktikada harorat anormal daraja ko‘tarilishi ortidan omborning kiraverish tunnelini suv bosdi. Buning ortidan Norvegiya omborni bu kabi holatlardan himoya qilish uchun mablag‘ ajratdi.

Hozirda jahon bo‘ylab ekin turlari urug‘lari saqlanadigan mingdan ziyod ombor bor. Ammo ularning ko‘pchiligiga urush va tabiiy ofat tahdid soladi.

Shimoliy qutbdan 1000 kilometrcha nari masofada joylashgan Shpitsbergen arxipelagida 2 300 odam yashaydi. Olisda joylashgan bu orollar ekin urug‘lari ombori qurish uchun ideal joy o‘laroq tanlangan.

XS
SM
MD
LG