Линклар

Шошилинч хабар
09 апрел 2020, Тошкент вақти: 05:22

Google, Yandex va Facebook serverlarini lokallashtirish Toshkent hukumatiga nega kerak bo‘lib qoldi?


Illyustrativ surat

O‘zbekiston hukumatining Google, Yandex hamda Facebook kabi shirkatlarini o‘zbekistonlik foydalanuvchilar shaxsiy ma’lumotlarini mamlakatni o‘zida saqlashga majburlash rejasini Internet sohasi mutaxassislari so‘z erkinligini nazoratga olish urinishi​ sifatida ko‘rmoqda. ​

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan Internet sohasi mutaxassislari fikricha, bu reja 2015 yildan kuchga kirgan Rossiyaning matbuotni nazorat etuvchi "Roskomnadzor" idorasi ishlab chiqqan qonunni eslatmoqda.​

20 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Google, Yandex hamda Facebook shirkatlarini o‘zbekistonlik foydalanuvchilariga oid shaxsiy ma’lumotlarini mamlakat hududida saqlashga majburlashni rejalashtirayotganini aytib o‘tdi.

Ijtimoiy tarmoqlar bo‘yicha rossiyalik mutaxassis Vladislav Nosov 21 fevralkuni Ozodlik bilan suhbatda bunday dedi:

- O‘zbekiston ham tarmoqlarni nazoratga olishda Rossiya qonunchiligidan nusxa olgan ko‘rinadi. Bu o‘zgacha fikr ta’qib qilinadigan O‘zbekiston yoki Rossiya kabi davlatlar maxsus xizmatlariga foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotni ikki qo‘llab topshirishday gap. Lekin, Rossiya yirik jarimalar bilan ham Facebook shirkatini bunga majburlay olmadi, - deydi Nosov.

Loyihasini "Roskomnadzor" 2014 yilda ishlab chiqqan va 2015 yili qabul qilinib, kuchga kirgan qonunga binoan Internet shirkatlari rossiyalik foydalanuvchilarga oid ma’lumotlarini Rossiya hududida saqlashga majbur.

Ammo, Twitter va Facebook kabi Amerikaning ilg‘or shirkatlari Rossiyada yirik miqdorda jarimalarga tortilishlari mumkinligiga qaramay foydalanuvchilar ma’lumotlarini Rossiyaga ko‘chirishdan bosh tortib kelmoqda.

Facebook shirkati rahbari Mark Sukerberg inson huquqlari poymol qilinadigan mamlakatlarda data-markazlar ochmasligini aytgan.

"Ba’zi mamlakatlarda to‘silish xavfi bo‘lsa ham biz o‘z prinsiplarimizga sodiq qolamiz", - degandi Sukerberg o‘tgan yili mart oyida.

O‘zbekistonda chiqadigan "UzInfoKom" nashri bosh muharriri Aleksandr Suchkov Ozodlik bilan suhbatda Google, Yandex va Facebook serverlarini lokallashtirish murakkab texnologik jarayon ekanini aytarkan, bunday dedi:

- Bu yerda kimnidir nazorat qilish haqida gap borayotgani yo‘q. Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida bo‘lyapti. Mening bilishimcha, bu shirkatlarning boshqa mamlakatlarda ma’lumot serverlari bor, - deydi Suchkov.

Google 2015 yilda Rossiya qonuni talablarini bajarish uchun ayrim serverlarini Rossiya ma’lumot markazlariga ko‘chirib o‘tgan edi.

Ammo boshqa shirkatlar Moskva talabini bajarishdan bosh tortib keladi. Moskva sudi Twitter va Facebook shirkatlariga foydalanuvchilar ma’lumotlarini Rossiyaga ko‘chirib o‘tmagani uchun 60 ming dollardan jarima to‘lashni buyurdi.

XS
SM
MD
LG