Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2020, Тошкент вақти: 02:32

Yanukovich davrida "buyuk san’at homiysi" atalgan mafiyaboshi qo‘lga olindi


Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovichdan musodara qilingan mulk ko‘rgazmasi.

Ukraina milliy politsiyasi mafiyaboshi ekani gumon qilingan Yevgeniy Anisimovni hibsga oldi. U ko‘plab jinoyatlar, asosan, mamlakat janubi-sharqidagi Zaporojye viloyatida korxonalardan qo‘rqitib pul undirish ayblovlari bilan olti yildan beri qidirilayotgan edi.

44 yashar Anisimovni 16 fevralda politsiya maxsus bo‘linmasi poytaxt Kiyevda hibsga oldi va Zaporojye shahriga olib keldi. Aytilishicha, u o‘sha yerda prezident Viktor Yanukovich prezident bo‘lgan 2010 – 2014 yillarda ishlab chiqarish korxonalaridan qo‘rqitib pul shilish bilan shug‘ullangan.

Anisimovga uyushgan jinoiy guruh tuzish, qo‘rqitib pul olish, mulkni o‘g‘irlash, pul yuvish va o‘qotar qurollardan noqonuniy foydalanish ayblovlari qo‘yilmoqda.

Undan jabr ko‘rgani gumon qilinayotgan kishilardan biri, Zaporojyedagi Ukrainaning yetakchi aroq ishlab chiqaruvchi korxonasi egasi Yevgeniy Chernyak Feysbukdagi sahifasida jinoyatchiligi gumon qilinayotgan kishining hibsga olinganidan xursand ekanini yashirib o‘tirmadi.

“Global Spirits” korxonasi egasi Anisimovni 10 yil oldin o‘zining biznesini tortib olmoqchi bo‘lganlikda ayblab, Yanukovichning Zaporojyedagi “mafiyaboshisi” deb atadi.

Chernyakka ko‘ra, taxmin qilinayotgan jinoyatchini sheriklardan biri hokimiyat idoralariga “sotgan”.

Anisimov xalqaro qidiruvda bo‘lgan va so‘nggi yashirinib yurgan joyi Kiyev shimoli-g‘arbidagi Koncha-Zaspa o‘rmonli hududi bo‘lgan. O‘sha yerda ko‘plab dala-hovlilar, sanatoriylar va bolalar lagerlari bor, deya xabar qildi Ukraina ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Anton Gerashchenko.

Zaporojyedagi yana bir qo‘rqitib pul undirish jinoyati jabrdiydasi ekani taxmin qilinayotgan kishi, pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanadigan kompaniya egasi Yuriy Komisarov 2013 yilda “Ozodlik” radiosiga jinoyatchilikda gumon qilinayotgan “mafiyaboshi” undan pul tushumlarini va kompaniyasining aksiyalarni bo‘lishishni talab qilganini aytgan edi.

Yanukovich prezident bo‘lgan aksariyat vaqtda mahalliy Zaporojye shahri va viloyati hokimiyati xodimlari Anisimovning “jinoyatchilar to‘daboshisi” bo‘lganini inkor etgan va uni “ijtimoiy mas’ul ish odami va buyuk san’at homiysi” sifatida maqtab yurgan.

XS
SM
MD
LG