Линклар

Шошилинч хабар
09 апрел 2020, Тошкент вақти: 05:15

Saida Mirziyoyeva Dubaydagi forumda Ivanka Tramp bilan tanishdi (VIDEO)


Saida Mirziyoyeva Ivanka Tramp bilan, 16 fevral, Dubay.

Birlashgan arab amirliklari (BAA) Dubay shahrida 16 fevral kuni Butunjahon ayollar forumi boshlandi.

2 kunlik forumning birinchida kunida prezident Shavkat Mirziyoyevning qizi Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda gender tengligini ta’minlash komissiyasi a’zosi sifatida so‘zga chiqdi.

Telegram tarmog‘idagi sahifasida Mirziyoyeva forum oldidan uni AQSh prezidenti qizi Ivanka Tramp bilan tanishtirishganini yozdi.

Kun.uz nashri Dubaydagi Butunjahon ayollar forumida Saida Mirziyoyeva qilgan nutq matnini chop etdi.

Mirziyoyeva forumdagi chiqishida, asosan, BAAni innovator ayollarga oid loyihalar uchun eng munosib davlat sifatida maqtadi va tajriba almashish uchun muhim mamlakat ekanini urg‘uladi.

So‘ngra o‘tmishda "o‘zbek ayollari barcha sohalarda a’lo darajada ilgarilab borishgani, ammo soyada qolib kelish"ganini ta’kidladi.

"O‘zbekistonning uzoq tarixi – ayollarimizning ham o‘tmishidir. Shoirlar, davlat rasmiylari, diplomatlar, muhandislar, hamshiralar, rafiqa va onalar. Bu nozik sharqona san’at bo‘ladimi, yoki qat’iy va aniq fanlarmi – o‘zbek ayollari barcha sohalarda a’lo darajada ilgarilab borishdi, ammo soyada qolib kelishdi. Ularga boshlarini baland ko‘tarib, o‘z qobiliyatlari va mahoratlarini qo‘rqmay, cheklovlarsiz ko‘rsata olish imkonini beradigan vaqt keldi", deyiladi Kun.uz nashri Mirziyoyevadan keltirgan iqtibosda.

U o‘z nutqida O‘zbekistonda gender tenglik muammolariga ham to‘xtaldi:

"Bu jarayonlarning barchasida ayollar eng oldingi qatorlarda turishibdi – qishloq joylarda resurslar yetishmovchiligidan aziyat chekishyapti. Shaharlarda esa oiladagi ayollik majburiyatlarini kasbi bilan qo‘shib bajarishda qiyinchilikka uchrashyapti", degan Mirziyoyeva.

Shuningdek, u Telegram tarmog‘idagi sahifasida forumning ilk kunida AQSh prezidentining qizi Ivanka Tramp bilan tanishganini yozdi:

"Dubayda bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro ayollar Forumi ochilishi oldidan Jahon banki prezidenti Devid Malpass bilan suhbatlashib qoldik. U meni Ivanka Tramp bilan tanishtirdi". "Dubay amiri Shayx Muhammad bin Rashid Al Maktum Hazrati Oliylari va Manal bint Muhammad bin Rashid Al Maktum Zoti Oliyalariga taklif uchun minnatdorlik bildiraman".

O‘zbek jamoatchiligiga prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarining muovini sifatida tanilgan Saida Mirziyoyeva 2020 yilning 29 yanvar kuni bu lavozimdan ketganini e’lon qilgandi.

Global ayollar forumi rasmiy saytida Saida Mirziyoyeva “Gender tengligi bo‘yicha komissiya a’zosi” sifatida taqdim etildi.

2019 yil 2 sentabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Bu qonunning 10-moddasiga ko‘ra, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash sohasidagi davlat boshqaruvi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, shuningdek davlat organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida amalga oshiriladi”.

Prezident to‘ng‘ich qizining gender tenglik bo‘yicha davlat siyosatini ijro qiluvchi bu komissiyaga a’zo etib tayinlangani haqida hozirgacha jamoatchilikka ma’lum qilinmagan.

O‘zbekiston joriy 1-oilasi Dubay amiri bilan oilaviy bordi-keldini yo‘lga qo‘ygan.

Xususan, 2019 yil yozida Mirziyoyevlar oilasining erkaklari Dubay amiri Shayx Muhammad bin Rashid al Maxtum o‘g‘illarining to‘yida qatnashgan bo‘lsa, noyabr oyida Dubay valiahd shahzodasi Hamdam bin Muhammad al-Maktum O‘zbekistonda prezident kuyovlarining xos mehmoni bo‘lgandi.

Yaqinlargacha prezident administratsiyasida huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbarining muovini bo‘lgan Saida Mirziyoyeva AOKA rasmiysi sifatida o‘tgan yil Dubay amirligi Media ofisi vakillarini Toshkentda mehmon qilgan, oktabr oyida esa, o‘zi ham BAAga safar qilgandi.

XS
SM
MD
LG