Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:42

2 fevraldan o‘zbekistonliklar bir martalik Shengen vizasi uchun 80 yevro to‘laydi


2020 yilning 2 fevralidan boshlab Shengen (Schengen) vizasiga murojaat qiladigan o‘zbekistonliklar hozirgi 60 o‘rniga 80 yevro haq to‘laydi.

Bu haqda SchengenVisaInfo.com sayti xabar qildi. Shengen vizasini so‘rab murojaat qilgan bolalar uchun haq hozirgi 35 o‘rniga¸ 40 yevro etib belgilandi.

Fevralning birinchi dushanbasidan boshlab o‘zbekistonliklarga Shengen vizasi berishga oid tartibda yana bir qator qoidalar o‘zgaradi.

Yangi qoidalardan biriga ko‘ra¸ o‘zbekistonliklar Shengen vizasi uchun hozirgi uch oy o‘rniga¸ olti oy oldindan hujjat topshirishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek¸ bir necha marta Shengen davlatlariga borib kelgan o‘zbekistonliklarning uzoqroq muddatga beriladigan ko‘p martali viza olishlari osonlashadi.

SchengenVisaInfo.com saytining yozishicha¸ O‘zbekistonda diplomatik vakolatxonasi va konsullik xizmati bo‘lmagan Shengen kelishuviga a’zo davlatlar o‘z hududiga sayohat qilmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga viza berishda tashqi provayderlar xizmatidan foydalanishi mumkin.

Bunday vaziyatda¸ o‘zbekistonliklarga Shengen vizasi olishda ko‘maklashadigan guruhlar o‘z xizmati uchun viza narxidan oshmagan haq olishi mumkin. Bu esa¸ bunday provayderlar qo‘yadigan xizmat haqi 80 yevrodan¸ Shengen vizasi uchun o‘zbekistonliklar to‘laydigan maksimum haq esa¸ 160 yevrodan oshmaydi¸ deganidir.

Yevropa Ittifoqi kengashi 2019 yil iyunida Shengen vizasi berish qoidalariga o‘zgartish kiritishni ma’qullagan edi. 2 fevraldan kuchga kiradigan yangi qoidalar ana shu hujjat asosida amalga oshiriladi.

Yangilangan Shengen vizasi kodeksi deb atalgan bu hujjat viza uchun olinadigan haqni har uch yil ichida qayta ko‘rib chiqishga ham izn beradi.

SchengenVisaInfo.com nashrining Shengen kelishuviga a’zo davlat rasmiylariga tayanib xabar berishicha¸ viza narxi¸ YIning u yoki bu davlat bilan hamkorlik darajasiga qarab chiqaradigan xulosasiga qarab¸ 160 yevrogacha ko‘tarilishi mumkin.YI “yetarli hamkorlik qilmayotgan” deb topgan davlat fuqarolari uchun nafaqat viza narxi oshirilishi¸ ayni paytda¸ viza uchun murojaatni ko‘rib chiqish muhlati uzayishi¸ beriladigan viza muddati esa keskin qisqartirilishi mumkin.

Statistics by SchengenVisaInfo.com sayti keltirgan raqamlarga ko‘ra¸ 2018 yili O‘zbekistondagi Shengen kelishuviga a’zo davlat elchixona va konsulliklari 30 798 ta viza murojaatini ko‘rib chiqqan va ulardan 4067 tasini rad qilgan. Bu Shengen vizasi so‘ragan jami o‘zbekistonlikdan 13.2 foiziga viza berilmaganini anglatadi.

2018 yili o‘zbekistonliklar Shengen vizasi berishni so‘rab eng ko‘p Germaniya elchixonasiga murojaat qilgan. Germaniya konsulligi yil davomida 10 302 ¸ Fransiya konsulligi 5 382¸ Latviya elchixonasi esa 4 946 ta viza murojaatini ko‘rib chiqqan.

2018 yili o‘zbekistonliklar Shengen vizasi olish uchun jami 1 847 880 yevro haq to‘lagan¸ viza so‘rovi rad qilinganlar to‘lagan xizmat haqi esa¸ 244 020 yevroni tashkil etgan.

1985 yili Lyuksemburgning Shengen (Schengen) shahrida Yevropaning 10 davlati o‘zaro chegara nazoratini olib tashlashga oid kelishuvga qo‘l qo‘ygan edi.

Bugunga kelib 30 ga yaqin davlat qo‘shilgan bu kelishuv natijasida Yevropaning aksar davlatini o‘z ichiga olgan chegara va pasport tekshiruvlari olib tashlangan dunyodagi eng yirik chegaralarsiz erkin hudud paydo bo‘ldi.

Bu davlatlardan biri konsulligi tomonidan viza olishga muvaffaq bo‘lganlar¸ Shengen kelishuviga qo‘shilgan qolgan barcha davlatlarga ham erkin sayohat qilishlari mumkin.

XS
SM
MD
LG