Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:12

Rasmiy hujjat: 2019 yilgi paxta mavsumida umumhosilning 5 foizga yaqini qo‘shib yozilgan!


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Joriy yilning 6 yanvarida Surxondaryo viloyatidagi 13 ta ma’suliyati cheklangan jamiyat rahbari ustidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash ​departamentning viloyat boshqarmasi jinoyat ishi ochdi.

Mazkur ish tafsilotlarini Ozodlikka bildirgan «O‘zbekpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyatining ismi aytilishini istamagan mulozimiga ko‘ra¸ bu 13 ta shirkat 2019 yilda 22 ming 300 tonna paxtani qo‘shib yozgan.

Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan hujjatga ko‘ra¸ qo‘shib yozish ko‘lami Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida aniqlangan.

Tergov surishtiruviga oid Ozodlik tanishgan hujjatlarda shirkatlar nomi va ustidan jinoyat ishi ochilgan mulozimlar ism-shariflari keltirilgan.( Aybsizlik prezumpsiyasiga muvofiq mulozimlar ismi shariflari sud hukmi e’lon qilingunga qadar ochiqlanmayotir -tahr.)

Ozodlikdagi hujjatlarga ko‘ra¸ prokuratura tomonidan paxtani qo‘shib yozganlikda ayblanayotgan Surxondaryodagi shirkatlar ro‘yxatiga:

”Surxhon gold fresh” MChJ¸ “Uz trade agro” MChJ¸“Surxon eksport” MChJ¸ “Sariosiyo maeva sabzovot” MChJ¸ “Oqtoshobodlik gallakor agrofirma” MChJ¸“Muzrabod gallakorlik agrofirma” MChJ¸ “Bandixon Zarafshon agrofirma” MChJ¸ “Surxon sifat textile” MChJ¸ “Termiz jayxun cluster” MChJ¸“Chinoz textile” MChJ¸ “Asg-angor paxta tozalash” MChJ¸“Surxondaryo agroxizmat” MChJ¸“Shashmoxkashob” ASF kiritilgan.

Ozodlik tanishgan hujjatlarda¸ xususan¸ Surxondaryo viloyatidagi “Chinoz textile” MChJning 2019 yilgi mavsumda 11¸1 ming tonna paxtani qo‘shib yozgani aytiladi. Bu hujjatlarda yozilishicha¸ paxta qo‘shib yozilishida klasterlar ham faol ishtirok etgan.

«O‘zbekpaxtasanoat» mulozimining ta’kidlashicha¸ Surxondaryoda paxta xom-ashyosini umuman qabul qilmagan va paxtaga aloqasi yo‘q yettita shirkat ham qo‘shib yozish “sxemalarida ishtirok etgan”.

Mulozim o‘z fikriga isbot sifatida ¸ “Sariosiyo meva sabzovot” MChJning amalda bir kilo ham paxta tolasi qabul qilmay qog‘ozda 1¸9 ming tonna paxtani“kirim” qilganini aytadi.

Butun respublika bo‘ylab qo‘shib yozish faktlari aniqlangan

O‘zbekiston huquq-taribot organlariga yaqin yana bir mulozim tomonidan Ozodlikka taqdim qilingan boshqa bir hujjatda esa respublika bo‘ylab 120 ta xo‘jalik sub’ektida o‘tkazilgan nazorat tadbirida 142¸9 ming tonna paxta qo‘shib yozilgani aniqlangani yozilgan.

«O‘zbekpaxtasanoat» mulozimiga ko‘ra¸ bu 2019 yili haqiqatda qabul qilingan paxta xom-ashyosining 4¸5 foizini tashkil qiladi.

O‘zbekiston huquq-tartibot organlariga yaqin mulozimning aytishicha¸ asl raqam bundan ham katta bo‘lishi mumkin:

- Chunki nazorat tadbirlari va reydlar paxta xosili bilan bog‘liq barcha xo‘jalik sub’ektlarida o‘tkazilgani yo‘q.

O‘zbekiston Moliya vaziri o‘rinbosari Yorqin Tursunov 2020 yilning 4 yanvar kuni imzolagan va Ozodlikda nusxasi mavjud hujjatda mamlakat bo‘ylab 37 ta paxta tozalash korxonasi va 76 ta klasterdagi qo‘shib yozish faktlari hududlar kesimi hamda viloyat topshirgan paxtaning umumiy tonnasiga nisbatan protsent hisobida ko‘rsatib beriladi.

Bu hujjatda Surxondaryoda qo‘shib yozilgan paxta 71¸ 9 ming tonna (26¸5 %)¸ Farg‘ona viloyatida 37¸0 ming tonna (15.5%) Toshkent viloyatida 22¸9 ming tonna (10%) deya ko‘rsatilgan.

"O‘zpaxtasanoat” davlat aksiyadorlik jamiyatidagi mulozimning aytishicha¸ respublikadagi paxta xom-ashyosini qabul qiladigan 500 ga yaqin punkt va 100 dan ortiq paxta tozalash zavodlarida o‘tkazilgan teshiruvlarida tarozilar ataylab buzib qo‘yilgan.

Ozodlik suhbatlashgan mulozimga ko‘ra¸ paxta qabul qilish punktlaridagi mexanik tarozilarni elektron raqamli tarozilarga almashtirish samara bermagan.

Mulozim iddaosicha¸ raqamli tarozilar xotirasi kompyuter dasturchilari ko‘magida osongina o‘zgartirib qo‘yilgan.

Ozodlik 2019 yilgi paxta hosilini qo‘shib yozish faktlari yuzasidan izoh so‘rab O‘zbekiston qishloq xo‘jalik vazirligi matbuot kotibi bilan bog‘landi.

Ozodlik keltirgan raqam va faktlarni eshitgan kotib vazirlik mutasaddilari bilan maslahatlashib¸ yaqin kunlarda bu yuzadan izoh berishini va’da qildi.

(Rasmiy izoh kelishi bilan Ozodlik uni jamoatchilikka taqdim etadi.)

Qo‘shib yozish tarixi

O‘zbekistonda "pripiska - qo‘shib yozish" tarixi o‘tgan asrning 70-80 yillariga borib taqaladi. 80-yillarda "Paxta ishi" bilan yuzlab o‘zbekistonlik rahbarlar, kolxoz-sovxoz raislari, paxta zavodlari mulozimlari qamalgan edi.

Islom Karimov prezidentligi davrida ham qo‘shib yozish holatlari davlat mulkini talon-toroj qilish deb nomlanib, bir qancha rahbar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Shavkat Mirziyoev iqtidorga kelganidan so‘ng, Bosh prokuratura O‘zbekistonning bir necha tumanida qo‘shib yozish holatlari bo‘lganini aniqlab, uni oshkor qildi.

Jumladan, 2019 yil oktabr oyida Bosh prokuratura matbuot xizmati, «Shumanay paxta qabul qilish maskani» mansabdor shaxslari «J» fermer xo‘jaligi tomonidan 2019 yilning 13-15 sentabr kunlari 2.580 kg paxta xom-ashyosi topshirilgan bo‘lsa-da, yuk xatlari va «ECAS» elektron dasturiga soxta ma’lumotlar kiritib, umumiy qiymati 20,8 mln. so‘m bo‘lgan 5.940 kg. paxta xomashyosini qo‘shib yozib, hujjatlarni soxtalashtirganligi aniqlanganini bildirgan edi.

Shuningdek¸ Ozodlik Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan 2019 yil kuzidagi tezkor tadbirda, «Qo‘shko‘pir paxta tozalash» AJ mansabdor shaxslari «S.R.» fermer xo‘jaligi rahbari O.K. va boshqalar oldindan til biriktirib, jamiyatga kirim bo‘lgan 2.490 kg. paxta xom ashyosini qayta jamiyatga topshirish uchun olib kirgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlanganini xabar qilgan.

Shuningdek Ozodlik Buxoro viloyati tumanlarida rejani bajarish uchun fermer xo‘jaliklari paxtani qo‘shib yozishga majburlanayotgani borasida aniq hujjatlarga asoslanib 2019 yili maqola e’lon qilgan edi.

XS
SM
MD
LG