Линклар

Шошилинч хабар
02 апрел 2020, Тошкент вақти: 21:47

Turkmanistonga so‘rov: “Ular tirik ekanini isbot qiling!”


Turkmanistonda hibsga olingandan so‘ng taqdiri mavhum bo‘lib qolayotgan ro‘yxatida hukumatning sobiq yuqori darajali amaldorlari ham bor.

“The Prove They Are Alive!” (“Ular tirik ekanini isbot qiling!”) kampaniyasi ishtirokchilari xalqaro hamjamiyatni Turkmaniston hokimiyat idoralariga ushbu mamlakatning qamoqxona tizimidagi zo‘ravonlik oqibatida mahbuslarning yo‘qolib qolayotgani amaliyotini bas qilishi uchun bosim o‘tkazishga da’vat etdi.

Guruh bayonotida qayd etilishicha, Turkmanistonda “yuzlab odam zo‘ravonlik oqibatida yo‘qolib qolgan” hamda vaziyat “Turkmanistonning milliy qonunchiligi va olgan xalqaro majburiyatlarining qo‘pol tarzda buzilishi”, “inson huquqini toptash jinoyati” deb ataldi.

Inson huquqi muhofazasi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarning ma’lum qilishicha, Turkmaniston hokimiyat idoralarining qamoqxonalarida yo‘qolib qolganlar aksar hollarda siyosiy sabablarga ko‘ra ayblangan hamda ular rasmiy Ashxobodga potensial tahdid sifatida ko‘rilgan.

“The Prove They Are Alive!” kampaniyasi ishtirokchilari Turkmaniston qamoqxonalarida mahbuslar yo‘qolib qolishi bo‘yicha 120 ta holatni hujjatlashtirganini ma’lum qildi.

Qamoqxonalardagi yo‘qolib qolganlar saqlab turilgan o‘ta og‘ir sharoitlarni qiynoqdan boshqa narsa deb bo‘lmaydi. Zikr etilgan ro‘yxatdagi 27 odam qamoqxonada o‘ldi; ushbu yillar davomida izolyatsiyada yo‘qolib qolgan va o‘lganning haqiqiy soni bundan ancha ko‘pligi ehtimoldan xoli emas, bu jinoyat davom etmoqda”, deyiladi bayonotda.

Kampaniya ishtirokchilari fikricha, butun Turkmaniston bo‘ylab noma’lum qamoqxonalarda qamoqni o‘tash muddati tugagan yoki keyingi ikki yilda tugaydigan mahkumlar bor, ular tashqi dunyodan uzilgan holda ushlab turilibdi.

Bayonotda kampaniya ishtirokchilari dekabr oyida Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovga yo‘qolib qolganlar to‘g‘risida xat yuborgani aytiladi.

Kampaniya ishtirokchilari prezident Berdimuhamedov yaqin kelgusida ushbu tang vaziyatni bartaraf qilish uchun ijobiy qadamlar qo‘yishiga umid qiladi”, deyiladi bayonotda.

Xalqaro hamjamiyat ushbu vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishi va Turkmaniston rahbariyatidan odamlarning zo‘ravonlik ortidan yo‘qolib qolishiga barham berish uchun amaliy qadamlar qo‘yishni talab etishi zarur. Turkmaniston hukumati bilan har qanday xalqaro hamkorlik uning qamoqxonalarida yo‘qolib qolganlar muammosi ijobiy hal etilishiga bog‘liq bo‘lishi kerak”, deya yakunlanadi bayonot.

Jamiyatining har bir sohasini prezident qattiq nazorat qiladigan Turkmaniston erkinlik va demokratiyani baholab boradigan xalqaro reytinglarning eng oxiridan joy olgan

“Freedom House” tashkilotining asosiy erkinliklar indeksida Turkmanistonga Shimoliy Koreyadan ham yomon baho qo‘yildi. U Suriyadan oldinda, xolos.

XS
SM
MD
LG