Линклар

Шошилинч хабар
23 феврал 2020, Тошкент вақти: 12:43

Yer yuzidagi eng qadimiy meteorit krateri aniqlandi


Illyustrativ surat.

Avstraliya g‘arbida joylashgan Yarrabubba krateri Yer yuzidagi zarba natijasida hosil bo‘lgan eng qadimiy krater, deb topildi. Olimlar hisoblariga ko‘ra, Yarrabubba bundan 2,2 milliard yil oldin Yerga meteorit kelib urilishi natijasida hosil bo‘lgan.

Nature Communications jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada yozilishicha, kraterning aniq yoshi 2,229 milliard yil bo‘lib, bu bizga ma’lum bo‘lgan boshqa o‘xshash kraterlardan 200 million yilga eskiroqdir.

Olimlar uzoq yillardan beri Yarrabubba juda qadimiy krater ekanligi taxmin qilib kelgan, ammo bugunga qadar uning aniq yoshi hisoblab chiqilmagan edi.

Qadimiy kraterlar yoshini aniqlash oson emas, chunki eroziya va zilzila kabi tektonik hodisalar ularning tarixini o‘chiradi.

Yarrabubba yoshini aniqlash uchun olimlar “shok qayta kristallanish”, ya’ni zarba natijasida sirkon va monazit kabi minerallar strukturasida sodir bo‘lgan o‘zgarishlar izlarini topishga urinishgan.

Buning uchun “Yuqori rezolyutsiyali sezgir ion mikro tadqiqot” (Sensitive High Resolution Ion Micro Probe, SHRIMP) deb nomlanuvchi apparat orqali mikroskopik zarralarni izlashgan. Bunday zarralar topilganidan keyin, ulardagi uran yordamida kraterning aniq yoshi hisoblab chiqilgan.

Izlanish mualliflarining aytishicha, Yarrabubba yoshi Yerda global sovuqlik tugagan muddatga to‘g‘ri keladi.

Kurtin universitetining Yer va sayyora fanlari maktabi professori Kris Kirklend:

- Yarrabubba zarbasidan keyingi 400 million yil davrda toshlarda muzlik depozitlari kuzatilmadi, — dedi.

Kirklendning so‘zlariga ko‘ra, Yarrabubba yoshi Yerda sovuq davr o‘z yakuniga yeta boshlagan paytga mos keladi.

Olimlarning taxmin qilishicha, meteorit Yarrabubba kelib urilgan hududni o‘sha paytda muzlik qoplagan bo‘lgan.

Hozircha hududni zarba paytida muz qoplab turgani to‘liq isbotlangani yo‘q. Qolaversa, aksar holatlarda yirik meteorit tushishi ortidan atmosfera soviy boshlaganiga ishoniladi.

Shu sabab Kurtin universiteti xodimlarining krater yoshini aniqlagani olqishga sazovor bo‘ldi, ammo zarba natijasida iqlim o‘zgargani haqidagi taxminlari tanqidga uchradi.

XS
SM
MD
LG