Линклар

Шошилинч хабар
01 апрел 2020, Тошкент вақти: 21:43

Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi ukasining 49 moli yo‘qoldi


Tojikistonning Farxor tumanida militsiya xodimlari Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisi Saidmo‘min Yatimovning ukasi, mahalliy o‘rmon xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Abdulmo‘min Yatimovning bedarak yo‘qolgan chorva mollarini qidirmoqda.

"Ozodi" radiosining xabar berishicha, 16 yanvar kechasi Afg‘oniston bilan chegaradosh G‘alaba qishloq kengashining yaylovidan Abdulmo‘min Yatimovning 49 ta chorva moli va bitta oti yo‘qolgan.

"Ertasi kuni o‘rmonda sakkizta sigir topildi. Ot va qolgan mollar izlari Panj daryosi sohiligacha yetib boradi. Ehtimol, noma’lum shaxslar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi ukasiga tegishli qoramollarni Afg‘onistonga olib o‘tishgan, chegaradagi tikanli sim to‘siqlar ikki joyda kesib tashlanibdi", dedi Ozodlikka bu haqda so‘zlab bergan manba.

Abdulmo‘min Yatimov "Ozodi" radiosiga "cho‘ponlar beparvoligi tufayli chorva mollari yo‘qolganini" tasdiqladi:

"Bir nechta sigir topildi, boshqalari ham topiladi", — dedi u.

Farxor o‘rmon xo‘jaligining boshlig‘i yo‘qolgan mollar Afg‘onistonga olib ketilgani haqidagi xabarlarni rad etdi va sigirlar tojik-afg‘on chegarasidagi o‘rmonda ekanligini ta’kidladi.

Tojikiston chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, "bosh chekist" ukasining mollari boshqa fuqarolar chorvasi kiritilmaydigan yaylovlarda o‘tlaydi.

Joriy oy boshida G‘alaba qishloq kengashining Kokul qishlog‘ida aholisi chorva mollari yo‘qolgani haqida xabar berishgan edi.

Qishloq turg‘uni Gulbahor Orayeva bir kechada beshta sigiri Kokil qishlog‘ining yaylovidan g‘oyib bo‘lganini aytdi.

"Biz kechqurun yaylovga bordik, ammo sigirlar yo‘q ekan. Qarindoshlarim bilan kechgacha mollarimni izladik, ammo topolmadik. Ertalab qidirishda davom etdik va uchta ot ham yo‘qolganini aniqladik", degan edi u Ozodi radiosiga bergan intervyusida.

Qishloqning yana bir turg‘uni G‘alatoy Xolova so‘nggi uch oy davomida 11 ta sigirini yo‘qotgani, o‘tgan haftada yana 13 bosh moli "g‘oyib bo‘lganini" aytdi.

"Men bitta sigirimni topdim, u davlat chegarasida ekan", dedi u.

Chorvachilik qishloq aholisi uchun yagona daromad manbasi bo‘lib, ularning so‘zlariga ko‘ra, ayrimlar mollaridan butunlay mahrum bo‘lgan.

Chegara yaqinida yashovchi Gulbahor Davlatova: "Odamlar ba’zi joylarda chegaradagi tikanli sim to‘siqlar kesilganini va afg‘onistonliklarni ko‘rishgan", dedi.

Afg‘oniston bilan chegaradosh Kokul qishlog‘i
Afg‘oniston bilan chegaradosh Kokul qishlog‘i

Kokul aholisi bir necha marta tuman huquq-tartibot idoralariga yordam so‘rab murojaat qilgan, ammo rasmiylar hech qanday chora ko‘ra kelmaydi.

Ammo Farxor tumani hokimi Rustam Rahmatzoda chorva mollari yo‘qolgani tekshirilayotganiga ta’kidladi.

"Tergov tugashi bilanoq natijalar haqida sizga xabar beramiz", deb va’da qildi tuman rahbari.

Kokul aholisining ta’kidlashicha, ularning qishloqlaridan bir oy ichida 100 ga yaqin qoramol o‘g‘irlangan.

XS
SM
MD
LG